Uyda yana umid topmoq

Munojat va Yo‘qutxon kabi psixologlar juda muhim

UNICEF
Психологи центров «Инсон» проходят специальную подготовку для оказания психосоциальной поддержки детям и семьям
Inson markazlarida psixologlar bolalar va oilalarga psixologik-ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun o‘qitiladi | UNICEF
25 Sentabr 2025

Munojat Mirxo‘jayeva Toshkentning Uchtepa tumanidagi "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi ostonasidan o‘tar ekan, har bir hujjat va ish raqami ortida og‘ir qismatli bola yoki ota-ona borligini his etadi.

Uning ishi oson emas. "Inson" markaziga murojaat qilgan oilalar ko‘pincha chuqur jarohatlar - ruhiy azob, yo‘qotish va ko‘chish kabi muammolarga duch kelishgan bo‘ladi.

"Ko‘plab ayollar jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan aziyat chekadi. Bolalar esa ko‘pincha o‘z his-tuyg‘ularini qanday ifodalashni bilmaydilar," - deb tushuntiradi Munojat. "Shuning uchun UNICEF tashkil etgan treninglar juda muhim ahamiyatga ega. Ular bizga tinglash, yordam berish va davolashning yangi usullarini o‘rgatadi."

Munojatning hamkasblaridan biri, Sergili tumanidan psixolog Yo‘qutxon G‘afurova Suriyadagi ko‘p yillik qiyinchilikdan so‘ng O‘zbekistonga qaytgan bir onani eslaydi. U ayol u yerda bir farzandini yo‘qotgan edi. Uning o‘smir qizi qamoqqa tushgan va faqat keyinroq oilaga qo‘shilgan edi. Qiz uyga og‘ir ruhiy jarohatlar bilan qaytdi va onasi bilan munosabati buzilgan edi.

"Biz bu oilaga ko‘p marta bordik," deb eslaydi Yo‘qutxon. "Dastlab, ular orasida keskinlik va sukunat bor edi. Ammo asta-sekin biz ularga suhbatlashishga, qayta bog‘lanishga va ishonchni tiklashga yordam berdik." "Inson" markazi va mahallaning qo‘llab-quvvatlashi bilan bolalar maktabga joylashtirildi, qiz esa kasb-hunar o‘rganishni boshladi. "Ona va qiz o‘rtasidagi munosabat yaxshilandi. Oilaga umid qayta kirib keldi," deydi Yo‘qutxon.

Munojat uchun UNICEF tomonidan qo‘llab-quvvatlangan treningning eng kuchli saboqlaridan biri bolalar va kattalarga o‘z his-tuyg‘ularini aniqlash va tushunishga yordam beradigan "Hissiyotlar g‘ildiragi"ni o‘rganish edi. "Ba‘zida odamlar his-tuyg‘ularini so‘z bilan ifodalay olmaydi. Bu vosita yordamida men ularni ichkarida nima bo‘layotganini bilishga yo‘naltirishim mumkin. Bu haqiqiy o‘zgarishni anglatadi," - deydi u.

Yana bir usul - "Kapalak" mashqi bolalarga stressni yengishga yordam beradi. "Bu kichik vositalar katta eshiklarni ochadi. Ular bolalarga o‘z his-tuyg‘ulari muhimligini va ular yolg‘iz emasligini ko‘rishga yordam beradi," - deya qo‘shimcha qiladi Youkutxon.

Inson markazlaridagi psixologlar ko‘pincha stress holatidagi ota-onalarga duch kelishadi. Ular farzandlari bilan muloqot qilishda qiynalishadi, ayniqsa bolada nogironlik yoki xulq-atvor muammolari bo‘lsa. Munojat eslab shunday deydi: "Bir ona o‘g‘liga tinimsiz baqirardi. U o‘g‘lining xatti-harakatlari stress va qondirilmagan ehtiyojlar bilan bog‘liqligini bilmasdi. Baqirish yoki qo‘pol so‘zlar bolaning rivojlanishiga zarar yetkazishi mumkinligini tushuntirganimizda, ona u bilan gaplashishning yangi usullarini qo‘llay boshladi. Asta-sekin ularning munosabatlari yaxshilana boshladi."

Munojat va Yo‘qutxon uchun bu trening shunchaki kasbiy rivojlanish emas, balki shaxsiy o‘sish ham bo‘ldi. "Bu meni o‘z ishim, xatolarim va qanday qilib yaxshiroq ishlashim haqida chuqur o‘ylab ko‘rishga undadi," deydi Yo‘qutxon. "Endi men butun mamlakat bo‘ylab "Inson" markazlaridagi boshqa hamkasblarimga ham trening o‘tkazishga tayyorman. Birgalikda ko‘proq oilalar va bolalarga yordam bera olamiz."

Bu ish Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan "YeI-BMT mojaroli hududlardan qaytgan Markaziy Osiyo fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash" loyihasi orqali amalga oshirildi. Loyiha har bir ehtiyojmand bola va oila munosib g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlash olishi uchun birinchi qatordagi ijtimoiy xodimlar va psixologlarning ko‘nikmalarini mustahkamlashga yordam beradi.

Buning ta’siri juda katta bo‘ldi. Har bir holatda bardoshlilikni oshirish. Mojaroli hududlardan qaytgan onalar, ruhiy jarohatlar bilan kurashayotgan bolalar va buzilish arafasida turgan oilalar uchun Munojat va Yo‘qutxon kabi psixologlar juda muhim - ular tinglaydi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi va oilalarga yo‘qolgan aloqalarini qayta tiklashga yordam beradi.