“Dipfeyk zo‘ravonlik — zo‘ravonlikdir”
UNICEFning bolalarning sun’iy intellect yordamida yaratilgan seksualizatsiya qilingan tasvirlari bo‘yicha bayonoti
NYU-YORK, 2026 yil 4-fevral – “UNICEF sun’iy intellekt (SI) yordamida yaratilgan seksualizatsiya qilingan tasvirlar, xususan bolalarning suratlari manipulyatsiya qilinib tobora ko‘p tarqatilayotgani borasida jiddiy xavotirda.
“Dipfeyklar (Deepfakes) - Sun’iy intellekt (SI) yordamida haqiqiyga o‘xshab ko‘rinishi uchun yaratiladigan yoki o‘zgartiriladigan tasvirlar, videolar yoki audio yozuvlar bolalar ishtirokidagi seksualizatsiya qilingan kontentni ishlab chiqarishda tobora ko‘proq qo‘llanmoqda. Bunga “nudifikatsiya” (yalang‘ochlashtirish) ham kiradi: bunda SI vositalari suratdagi kiyimlarni “yechib tashlash” yoki o‘zgartirish uchun ishlatilib, soxta yalang‘och yoki seksualizatsiya qilingan tasvirlar yaratiladi.
“Yangi dalillar ushbu tez o‘sib borayotgan tahdid ko‘lamini tasdiqlaydi: UNICEF, ECPAT va INTERPOLning 11 mamlakat bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotida* kamida 1,2 million bola so‘nggi bir yil ichida ularning tasvirlari seksual mazmundagi dipfeyklarga aylantirilganini ma’lum qilgan. Ayrim mamlakatlarda bu har 25 boladan 1 nafari degani — odatiy bir sinfdagi bitta bolaga teng.
“Bolalarning o‘zlari ham bu xavfni juda yaxshi anglaydi. Tadqiqot o‘tkazilgan ayrim mamlakatlarda bolalarning uchdan ikki qismi SI soxta seksual tasvirlar yoki videolar yaratishda ishlatilishidan xavotir bildirdi. Xavotir darajasi mamlakatlar kesimida keskin farq qiladi, bu esa shoshilinch ravishda xabardorlikni oshirish, oldini olish va himoya choralarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
“Biz buni aniq aytishimiz kerak. SI vositalari yordamida yaratilgan yoki manipulyatsiya qilingan bolalarning seksualizatsiya qilingan tasvirlari — bu bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallaridir. Dipfeyk zo‘ravonligi — zo‘ravonlikdir, va u keltiradigan zarar “soxta” emas.
“Bolaning tasviri yoki shaxsi ishlatilgan paytda, o‘sha bola bevosita jabrlanuvchiga aylanadi. Hatto jabrlanuvchi aniq bo‘lmasa ham, SI yordamida yaratilgan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallari bolalarning jinsiy ekspluatatsiyasini “me’yorlashtiradi”, zo‘ravon kontentga bo‘lgan talabni kuchaytiradi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yordamga muhtoj bolalarni aniqlash va himoya qilishni nihoyatda murakkablashtiradi.
“UNICEF SI vositalarini ishlab chiquvchilarning tizimlardan suiiste’mol qilinishining oldini olish uchun “xavfsizlik-dizayn orqali” (safety-by-design) yondashuvlari va mustahkam himoya to‘siqlarini joriy etayotgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq juda ko‘p SI modellari yetarli himoya choralarsiz ishlab chiqilmoqda. Generativ SI vositalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy tarmoqlarga “ichki” qilib o‘rnatilganda, xavflar yanada kuchayishi mumkin — chunki manipulyatsiya qilingan tasvirlar juda tez tarqaladi.
“UNICEF SI yordamida yaratilgan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallari xavfining keskin kuchayib borayotganiga qarshi quyidagi shoshilinch choralarni ko‘rishga chaqiradi:
- Barcha hukumatlar bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallari ta’riflarini SI yordamida yaratilgan kontentni ham qamrab oladigan tarzda kengaytirishlari va bunday kontentni yaratish, buyurtma qilish (olib berishni so‘rash), saqlash hamda tarqatishni jinoyat deb belgilashlari zarur.
- SI ishlab chiquvchilar SI modellari suiiste’mol qilinishining oldini olish uchun “xavfsizlik-dizayn orqali” yondashuvini va kuchli himoya to‘siqlarini joriy etishlari lozim.
- Raqamli kompaniyalar SI yordamida yaratilgan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallarining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishi hamda zo‘ravonlik sodir bo‘lgandan keyin o‘chirib tashlash bilan cheklanmasligi kerak; shuningdek, bunday materiallar jabrlanuvchi yoki uning vakili xabar berganida bir necha kundan keyin emas, darhol olib tashlanishi uchun aniqlash texnologiyalariga sarmoya kiritib, kontent moderatsiyasini kuchaytirish zarur.
“Dipfeyk zo‘ravonligidan keladigan zarar real bo’lib, zudlik bilan chor ko’rishni talab qiladi. Bolalar qonunlar reallikka yetib olishini kutolmaydi.”
# # # # #
Muharrirlar uchun eslatmalar:
Ushbu bayonot UNICEF's Guidance on AI and Children 3.0 (2025-yil dekabr) bayon etilgan pozitsiyalarni aks ettiradi.
* Ushbu yangi ma’lumotlar Disrupting Harm Phase 2 doirasiga kiradi - bu UNICEFning Strategiya va dalillar bo‘limi – Innocenti, ECPAT International va INTERPOL rahbarligida, Safe Online moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan tadqiqot loyihasining ikkinchi bosqichidir. Loyiha raqamli texnologiyalar bolalarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya va zo‘ravonlikka qanday sharoit yaratishini o‘rganadi hamda milliy tizimlar, siyosatlar va javob choralarini kuchaytirishga yordam beradigan dalillarni taqdim etadi.
Ushbu bosqich doirasida mamlakatlar kesimidagi natijalarni o‘z ichiga olgan milliy hisobotlar 2026 yil davomida e’lon qilinadi. Bu yerda keltirilgan baholashlar UNICEF va IPSOS tomonidan 11 mamlakatda o‘tkazilgan, milliy miqyosda vakillikni ta’minlaydigan uy xo‘jaliklari so‘rovlariga asoslanadi. Har bir so‘rovda 12–17 yoshli bitta bola hamda bitta ota-ona yoki vasiy ishtirok etgan; tanlama (sampling) dizayni mamlakat bo‘yicha to‘liq yoki deyarli to‘liq qamrovga (91–100%) erishishni ko‘zlagan. Tadqiqot turli mintaqaviy kontekstlarni ifodalovchi mamlakatlarda amalga oshirildi. Metodologiya bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar quyidagi manzilda mavjud: https://safeonline.global/dh2-research-methods_final-2/
UNICEF haqida
UNICEF - Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar masalalari bo‘yicha agentligi - har bir bolaning huquqlarini hamma joyda himoya qilish uchun ishlaydi, ayniqsa eng ko‘p qiyinchilikka duch kelayotgan bolalar va yetib borish eng mushkul bo‘lgan hududlarda. 190 dan ortiq mamlakat va hududlarda biz bolalarning omon qolishi, ravnaq topishi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga ko‘maklashish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘ramiz.
UNICEF va uning faoliyati haqida qo‘shimcha ma’lumot: www.unicef.org
UNICEFni X (Twitter), Facebook, Instagram, va YouTube da kuzatib boring.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun bog‘laning:
Iris Bano Romero | UNICEF Nyu-York |[email protected]
OAV uchun mas'ul xodimlar
UNICEF to'g'risida
UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.
UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.
UNICEF faoliyatini Twitter, Facebook va Instagram da kuzatib boring.