Baxtli oila - muhabbat va kuch manbai

Ko‘p narsani yo‘qotgan bolalar uchun oila mehri eng katta shifobaxsh kuchdir

UNICEF
UNICEF
Mehribon oila muvaffaqiyatli jamiyatga qayta moslashishning kalitidir. Ammo ba’zan bu aloqalarni qaytadan yaratishga to‘g‘ri keladi. Shohrux va uning buvisi uning kelajagi haqida suhbatlashib, o‘zaro munosabatlarini mustahkamlamoqda | UNICEF
25 Sentabr 2025

2021-yil mart oyida ikki aka-uka - o‘sha paytda 9 yoshli Shohrux (ismlar o’zgartirilgan) va 7 yoshli Sherzod - Afg‘onistonda besh yil yashagandan so‘ng O‘zbekistonga qaytib kelishdi. Bolalik davri ularda mehrga to‘la bo‘lmagan edi. Ularning ko‘z o‘ngida otasi o‘ldirilgan, ko‘p o‘tmay onasi ham vafot etgandi. Bolalar urush girdobidagi begona yurtda ota-onasiz qolishdi.

Ularni buvisi Xosiyat (Ism o’zgartirilgan) o‘z qaramog‘iga oldi. Bu paytga kelib u Andijondagi uyini sotib, boshqasini xarid qilmoqchi bo‘lgan, ammo bitim amalga oshmay qolgandi. Boshqa boradigan joyi qolmagach, singlisinikiga ko‘chib o‘tdi. Endi o‘n besh kishi bir tom ostida yashaydi, ammo bolalar hech bo‘lmaganda o‘zlarini xavfsiz his qiladigan joyga ega bo‘lishdi.

Bolalar O‘zbekistonga kelganida qo‘rquvdan birovning ko‘ziga qaray olmas edi, gapirish u yoqda tursin. Mahalliy "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazining xodimlari muntazam tashrif buyura boshladilar. Asta-sekin ishonch paydo bo‘ldi. Ularning ko‘magi bilan Xosiyat urush sharoitida murakkab bo‘lgan, ammo juda zarur jarayon - qizi va kuyovining o‘lim guvohnomalarini olishga erishdi. Bu oilaga boquvchisini yo‘qotganlik uchun ozgina nafaqa olish imkonini berdi.

O‘g‘il bolalar darhol maktabga qabul qilindi. Dastlab ular o‘zlarini chetga olishib, ikkilanib turdilar, biroq vaqt o‘tishi bilan moslasha boshladilar. Mana, uch yil o‘tib, ularning o‘zgarishi hayratlanarli darajada ko‘zga tashlanmoqda.

Ikki xil yo‘l, bitta mustahkam rishta

13 yoshli Shohrux muhandis bo‘lishni orzu qiladi. "Men turli mexanizmlar bilan ishlashni yaxshi ko‘raman, narsalar qanday ishlashini tushunishni xohlayman," deydi u. Shohrux ingliz tilini o‘rganadi, suzish bilan shug‘ullanadi va tez-tez mahalliy avtoustaxonaga borib, u yerda mexaniklarning mashinalarni ta‘mirlashini ishtiyoq bilan kuzatadi.

Ukasi Sherzodning esa boshqa qiziqishlari ham bor. U rasm chizishni yoqtiradi va maktabdagi san’at to‘garagiga qatnashadi. Shu bilan birga, u boks bilan shug‘ullanadi – yaqinda mahalliy musobaqada g‘olib bo‘ldi. "Boks va rasm chizishning qaysi biri menga ko‘proq yoqishini hali bilmayman," deya jilmayib e’tirof etadi u.

Mahalla qo‘mitasi yordamida o‘g‘il bolalar sport to‘garaklariga bepul qatnash imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Qo‘mita, shuningdek, oilaga muntazam ravishda oziq-ovqat, kiyim-kechak va qishda ko‘mir bilan yordam ko‘rsatib kelmoqda. Qo‘ni-qo‘shnilar va qarindosh-urug‘lar ham ko‘maklashib, oilaning hech qachon yolg‘iz qolmasligini ta’minlashmoqda.

"Biz mahalla uchligi – ijtimoiy xodim, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi bilan faol hamkorlik qilib, bu oilaga katta yordam berib kelmoqdamiz," deydi ijtimoiy xodim Ruza Rajapova. "Biroq eng katta kuch – bu oilaning o‘zidagi mehr-muhabbatli munosabatlardir. Bir tom ostida shuncha odam yashayotgan bo‘lsa-da, hamma bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zadi. O‘g‘il bolalar bir-birlarini himoya qilishadi. Mana shu muhabbat ularning eng muhim boyligidir."

Ko‘p narsani yo‘qotgan bolalar uchun oila mehri eng katta shifobaxsh kuchdir. Xosiyat ijtimoiy xodimlar bilan birgalikda o‘z uylariga ega bo‘lish uchun harakat qilar ekan, uning nabiralari allaqachon mehr va hamjihatlik bo‘lsa, bolalar eng og‘ir boshlanishdan keyin ham o‘sishi, o‘rganishi va rivojlanishi mumkinligini ko‘rsatmoqdalar.

Ushbu yordam Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan "Yevropa Ittifoqi va BMTning mojaroli hududlardan qaytgan Markaziy Osiyo fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash" loyihasi orqali amalga oshirildi. Bu loyiha vataniga qaytarilgan bolalar va oilalarning o‘z hayotlarini munosib tarzda qayta qurish uchun zarur bo‘lgan himoya, xizmatlar va imkoniyatlardan foydalanishini ta’minlashga yordam beradi.