Yana oiladan kuch-quvvat olish

Psixolog uchun Nodiraning safari o‘zgarish mumkinligini isbotlaydi

UNICEF
UNICEF
Psixolog uchun Nodiraning safari o‘zgarish mumkinligini isbotlaydi | UNICEF
25 Sentabr 2025

Nodira (Ism o’zgartirilgan) atigi 14 yoshida uydan qocha boshladi. Uning bolalik davri og‘riqli xotiralar bilan to‘la edi - ichkilikka mubtalo bo‘lgan otasi tez-tez zo‘ravonlik qilar, hatto Nodira hali yosh bo‘lganida uni o‘ziga spirtli ichimlik sotib olishga majburlar edi. Onasi Lola ham oilaviy zo‘ravonlikdan aziyat chekar va qizini himoya qila olmas edi.

Ota-onasi ajrashgandan so‘ng, Nodira hayoti yaxshilanishiga umid qildi. Biroq, aksincha, u bilan onasi o‘rtasidagi ziddiyat yanada kuchaydi. Lola (Ism o’zgartirilgan) qayta turmush qurgach, oiladagi vaziyat yanada keskinlashdi. Hatto bir payt Lola hokimiyatga shikoyat qilib, qizini olib ketishlarini so‘ragan. Nodira uydan chiqarib olindi, onasi esa ota-onalik majburiyatlarini bajarmagan deb jarimaga tortildi. O‘sha paytda oilaga hech qanday ijtimoiy yordam ko‘rsatilmadi.

Bir kuni kechasi, Nodira yana uydan qochib ketgandan so‘ng, boshqa o‘smirlar tomonidan hujumga uchradi va kasalxonaga yotqizildi. Aynan shu paytda "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazining psixologi voqeaga aralashdi.

Eshitilishi uchun xavfsiz joy

Nodiraning shifoxona karavoti yonida o‘tirgan psixolog diqqat bilan tinglardi. Nihoyat, qizaloq ishonch bildira oladigan katta yoshli odamni topgandi. "Onamga kerakmas ekanman. U mendan qutulishni orzu qiladi," deya shivirladi Nodira. U yillar davomida uyda faqat haqorat va kamsitishlarga duch kelgandi.

"Inson" mutaxassisi reanimatsiya bo‘limida uzoq navbatchilik qiladigan hamshira Lola bilan ham suhbatlashdi. Ishdan so‘ng holdan toygan Lolaning bolalariga e’tibor berishga majoli qolmas ekan. U o‘z holatini shunday tasvirladi: "Uyga butunlay holdan toyib qaytaman. Bolalarimga vaqt ajrata olmayapman, ayniqsa doimo ’muammoli’ deb atalayotgan farzandimga e’tibor berishga qiynalyapman.".

Ammo ziddiyat ostida psixolog boshqa voqeani ko‘rdi. Nodira yorqin, sezgir va ijodkor edi. U rasm chizishni, ovqat pishirishni va tillarni o‘rganishni yaxshi ko‘rardi - atigi 14 yoshida koreys tilini yaxshi bilardi. Unga faqat dalda va yonida mehribon ota-ona yetishmasdi. "Shunday kunlar bo‘ldiki, o‘zimni yolg‘iz va keraksiz his qildim, yashashga bo‘lgan irodamni yo‘qotdim," - deb tan oldi Nodira.

Ishonchni qayta tiklash

"Inson" markazi oila bilan ikki yo‘nalishda ish boshladi - Nodirani qo‘llab-quvvatlash va onasiga yordam berish. Psixolog Lolaga bosqichma-bosqich stress va o‘smirlikning bolalarga ta’sirini tushuntirdi, uni ijobiy tarbiya va zo‘ravonliksiz muloqot usullari bilan tanishtirdi.

"Ota-onalar ba’zan bolalar ovqat yoki boshpana kabi maqtovga ham muhtoj ekanligini unutib qo‘yishadi," deb tushuntiradi psixolog. "Hatto kichik bir rag‘batlantiruvchi so‘z ham ular uchun juda muhim bo‘lishi mumkin." Birgalikda ular yangi tartiblar o‘ylab topishdi - oilaviy suhbatlar, ochiq havoda o‘tkazilgan vaqt va uydagi oddiy minnatdorchilik ko‘rinishlari.

Sekin-asta vaziyat o‘zgara boshladi.

Yorqin kelajak

Hozir 16 yoshda bo‘lgan Nodira kollejda o‘qib, koreys tili darslarini davom ettirmoqda va kelajakka yangi ishonch bilan qaramoqda. Uyda baqir-chaqirlar tingan, uning o‘rnini tinchroq suhbatlar va oilaviy vaqt o‘tkazish egallagan. “Bir-birimiz bilan inoq yashay boshladik, - deydi Nodira uyatchan jilmayib.

Ushbu o‘zgarish Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan "Yevropa Ittifoqi va BMTning mojaroli hududlardan qaytgan Markaziy Osiyo fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash" loyihasi orqali amalga oshirildi. Bu loyiha O‘zbekistonda oilalarni qo‘llab-quvvatlash va psixologik-ijtimoiy yordam xizmatlarini mustahkamlaydi. Mutaxassislarni ham ota-onalar, ham bolalar bilan ishlash ko‘nikmalari bilan ta‘minlash orqali, loyiha Nodiraning oilasi kabi zaif oilalarga yangi sog‘ayish, rivojlanish va birga qolish yo‘llarini topishda yordam beradi.

Psixolog uchun Nodiraning safari o‘zgarish mumkinligini isbotlaydi. "Oilalar birgalikda harakat qilishga va yordam olishga tayyor bo‘lsa, kelishmovchiliklar bartaraf etilishi, ishonch qayta tiklanishi va mehr-oqibat yana gullab-yashnashi mumkin."