Kichik bolalar, katta salohiyat

Oʻzbekistonda erta tugʻilgan chaqaloqlar hayotini saqlab qolishga tibbiyot xodimining sadoqati

UNICEF
UNICEF
UNICEF
16 Noyabr 2026

Murodjon goʻzal Fargʻona vodiysida tugʻilganda uning oilasidagi quvonch cheksiz edi. Biroq Murodjon muddatidan oldin tugʻilgani bois uning oʻpkasi hali toʻliq rivojlanmagan edi. U nafas olishda qiynalar, qonidagi kislorod darajasi xavfli darajada past edi. Uning ota-onasi uchun bir necha daqiqa oldin quvonchga toʻla boʻlgan lahza tezda qoʻrquv va noaniqlik bilan toʻldi.

Fargʻona viloyat perinatal markazining fidoyi neonatologi doktor Umida Qosimova uchun bu darhol chora koʻrishni talab qiladigan lahza edi.

“Chaqaloq jiddiy ahvolda edi: u nafas olishda qiynalayotgan va qonida kislorod darajasi past edi,” deydi u.

Uning jamoasi Vayu Bubble uzluksiz ijobiy havo yoʻli bosimi (bCPAP) tizimidan foydalanishni boshladi. Bu tizim yangi tugʻilgan chaqaloqning nafas yoʻllarini ochiq saqlashga va nafas olishni osonlashtirishga yordam beradi. Mazkur usul invaziv mexanik ventilyatsiyadan darhol foydalanishni talab qilmaydi. Asta-sekin chaqaloqning holati yaxshilana boshladi. Uning nafas olishi yengillashdi va qonidagi kislorod darajasi oshdi.

Doktor Umida Qosimova yangi tugʻilgan chaqaloqning hayotidagi ilk lahzalar hamma narsani oʻzgartirishi mumkinligini yaxshi biladi. Neonatolog sifatida u muddatidan oldin tugʻilgan koʻplab chaqaloqlarni parvarish qilgan — ularning baʼzilari shunchalik zaif ediki, hatto mustaqil nafas olish ham ularga qiyin boʻlgan.

30 yillik faoliyati davomida doktor Umida 10 000 dan ortiq muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqlarni parvarish qilgan. Biroq ularning soni qancha koʻp boʻlmasin, har biri ulkan masʼuliyatni anglatadi.

“Shifokor sifatida men har bir chaqaloqning hayoti va salomatligi uchun ulkan masʼuliyatni his qilaman”, deydi u. “Bizning kasbimiz diqqatli boʻlishni, sovuqqonlikni va tez qarorlar qabul qilishni talab qiladi. Men jamoamga ham ishonaman, chunki birgalikda ishlash yangi tugʻilgan chaqaloqlarni parvarish qilishning eng muhim omillaridan biridir.”

Murodjonga yordam berishda yangi tugʻilgan chaqaloqning holatini barqarorlashtirish birinchi sinov boʻldi. Uni tugʻruq xonasidan neonatal intensiv terapiya boʻlimiga (NICU) koʻchirish, u yerda qoʻshimcha ixtisoslashgan yordamni davom ettirish zarur edi. Koʻchirish atigi bir necha daqiqa davom etsa-da, doktor Qosimova nafas olish yordamini hatto qisqa muddatga toʻxtatish ham ogʻir ahvoldagi yangi tugʻilgan chaqaloq uchun xavf tugʻdirishini bilardi.

Bunday vaziyatda “Vayu Bubble” CPAP tizimi alohida ahamiyat kasb etadi. Baʼzi anʼanaviy nafas olishni qoʻllab-quvvatlash tizimlaridan farqli oʻlaroq, bu qurilma elektr taʼminoti yoki siqilgan havo manbaiga muhtoj emas, bu esa zarur infratuzilma cheklangan sharoitda ayniqsa qoʻl keladi.

Chaqaloqni neonatal intensiv terapiya boʻlimiga koʻchirayotganda doktor Qosimova va uning hamkasblari bola nafas olishini, yurak urishini, kislorod toʻyinganligini va haroratini diqqat bilan kuzatib bordilar. Kutilmaganda uning holati yomonlashdi: nafas olishi qiyinlashdi va kislorod toʻyinganligi pasaydi.

Jamoa vaziyatni baholash uchun toʻxtadi va darhol choralar koʻrdi. Tibbiyot xodimlari CPAP apparatining bosim generatorini, kislorod oqim tezligini, burun interfeysi va tizim ulanishlarini tekshirib, zarur sozlashlarni amalga oshirdilar. Faqat chaqaloq holati barqarorlashgach, uni neonatal intensiv terapiya boʻlimiga koʻchirishni davom ettirdilar.

Bunday lahzalar erta tugʻilgan chaqaloqlarga gʻamxoʻrlik qilish nafaqat tibbiy bilim va hayotni saqlab qoluvchi uskuna, balki xotirjam qaror qabul qilish va hamkasblar oʻrtasidagi ishonchni ham talab qilishini koʻrsatadi.

Doktor Umida Qosimova uchun muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqlarga tibbiy yordam koʻrsatish kundalik ishining bir qismidir. U ishlaydigan Fargʻona viloyat perinatal markazida koʻplab chaqaloqlar hayotning birinchi lahzalaridan boshlab maxsus parvarishga muhtoj.

2026 yilda eʼlon qilingan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, 2024 yilda markazda boʻlib oʻtgan tugʻruqlarning beshdan biri muddatidan oldin sodir boʻlgan, bu esa zaif yangi tugʻilgan chaqaloqlarga gʻamxoʻrlik qilish uchun tibbiyot xodimlarini zarur koʻnikma, uskuna va resurslar bilan taʼminlash muhimligini bildiradi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining taxminlariga koʻra, 2024 yilda Oʻzbekiston boʻylab hayotning birinchi 28 kunida 7 112 nafar chaqaloq vafot etgan. Soʻnggi yigirma yil ichida neonatal omon qolish darajasi yaxshilangan boʻlsa-da, bu koʻrsatkichlar yangi tugʻilgan chaqaloqlarga koʻrsatilayotgan parvarish sifatini oshirish zarurligini koʻrsatadi.

Doktor Qosimova intensiv terapiya boʻlimidagi har bir yangi tugʻilgan chaqaloq ortida tashvish, qoʻrquv, noaniqlik va umidni boshdan kechirayotgan oila borligini tushunadi. Ota-onalarni qoʻllab-quvvatlash va ularga bolaning holatini tushunishga yordam berish neonatal parvarishning ajralmas qismidir.

Yusupovlar oilasi ham bundan istisno emas edi. Doktor oʻgʻillari nafas olishi yaxshilanganida oilaning holatini eslaydi.

“Men bolaning ota-onasini xotirjam qilishga harakat qildim, chaqalogʻining holatini va mexanik ventilyatsiya zarurligini tushuntirdim hamda ularning barcha savollariga javob berdim,” deydi doktor Qosimova. “Ota-onalar chaqaloqlarini birinchi marta yigʻlaganini eshitganlarida juda xursand boʻlishdi. Bu zaif yigʻi boʻlsa-da, u ularga farzandlarining mustaqil nafas olayotganini anglatdi. Oʻsha ohista ovoz ularga katta yengillik bagʻishladi.”

Doktor Qosimova uchun sogʻayib ketgan har bir yangi tugʻilgan chaqaloq uning ishi nega shunchalik muhimligini eslatadi. Axir, har bir muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqning, u qanchalik mitti boʻlmasin, sogʻlom kelajakka umidining ortida uning hayoti uchun kurashda taslim boʻlmaydigan sogʻliqni saqlash xodimlari turadi.

UNICEF Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda butun Oʻzbekiston boʻylab ona va yangi tugʻilgan chaqaloqlarga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlarni yaxshilash borasida ishlamoqda. Ishonch fondi tomonidan moliyalashtirilgan ona va perinatal sogʻliqni saqlash dasturi doirasida mamlakat boʻylab 231 ta perinatal markaz xizmat koʻrsatish tizimini mustahkamlash uchun zarur tibbiy uskunalar bilan taʼminlash, sogʻliqni saqlash xodimlarini oʻqitish, klinik protokollarni yangilash va tibbiy yordam sifatini oshirish boʻyicha yordam oldi.

Xayriya tashkiloti “Latter-day Saint Charities” (LDSC) ham Oʻzbekistonda neonatal parvarishni mustahkamlashga muhim hissa qoʻshdi. 2013 yildan beri LDSC sogʻliqni saqlash muassasalarini zarur uskunalar bilan taʼminlab kelmoqda. “Vayu bubble” CPAP tizimlari, neonatal parvarish uchun reanimatsiya sumkalari va niqoblari, pulsoksimetr hamda kislorod terapiyasi uchun zarur vositalar shular jumlasidandir. Bu yordam mintaqaviy perinatal markazlar va tuman kasalxonalariga, jumladan chekka hududlarga xizmat qiluvchi muassasalarga ham yetib borgan.

Ushbu davrda LDSC tomonidan bevosita uskuna ehsonlari 1 million AQSh dollaridan oshdi va tashkilotning koʻmagida 2 500 dan ortiq sogʻliqni saqlash xodimlari ixtisoslashgan tayyorgarlikdan oʻtdi.

Yuqorida aytib oʻtilgan saʼy-harakatlar tibbiyot uskunalari va sogʻliqni saqlash xodimlarining kasbiy rivojlanishiga sarmoya kiritish yangi tugʻilgan chaqaloqlarga koʻrsatiladigan parvarish sifatini qanday yaxshilashi mumkinligini koʻrsatadi. Doktor Qosimova kabi mutaxassislar uchun nafas olishni yetarli darajada qoʻllab-quvvatlash imkoniyati nafas olish muammolariga erta javob berish va bemorlarni tibbiy muassasalar oʻrtasida tashish paytida zarur yordamni koʻrsatish imkonini beradi.

“Men bu kasbni tanlaganimdan hech qachon afsuslanmaganman va hech qachon afsuslanmayman,” deydi doktor Qosimova faxr bilan tabassum qilar ekan.