Termiz shahrida Jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlar operatsion markazi ochildi
O‘zbekiston Surxondaryo viloyatida hududiy muvofiqlashtirish markazi ochilishi orqali jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni mustahkamlamoqda
2026-yil 9-aprel, Termiz shahri, O‘zbekiston — Bugun O‘zbekiston Respublikasi hukumati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi orqali Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati bilan hamkorlikda hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ijrochi hamkorligida Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlar operatsion markazi (PHEOC) ochildi.
Mazkur markaz favqulodda vaziyatlar vaqtida real vaqt rejimida axborot almashinuvi, operativ rejalashtirish hamda idoralararo hamkorlikni ta’minlovchi hududiy muvofiqlashtirish platformasi sifatida xizmat qiladi. Markazning milliy tizimlarga integratsiyalashuvi jamoat salomatligiga tahdidlarga o‘z vaqtida, izchil va muvofiqlashtirilgan tarzda javob berilishini ta’minlaydi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi Baxodir Yusupaliyev ta’kidlaganidek, ushbu markazning tashkil etilishi mamlakatda jamoat salomatligi xavflarini erta aniqlash hamda favqulodda vaziyatlarga javob berish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan milliy islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
AQSh hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan Global Health Security Program doirasida hamda UNICEF tomonidan milliy hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda tashkil etilgan mazkur markaz Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari (2005) doirasida o‘tkazilgan Qo‘shma tashqi baholash (Joint External Evaluation, JEE) tavsiyalariga muvofiq O‘zbekistonning favqulodda vaziyatlarga javob berish bo‘yicha milliy muvofiqlashtirish tizimini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Termiz shahridagi markaz Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida tashkil etilgan markaz bilan birgalikda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, tezkor axborot almashinuvi va favqulodda vaziyatlar vaqtida dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash orqali hududiy tayyorgarlikni mustahkamlaydi. Shuningdek, u simulyatsion mashg‘ulotlar o‘tkazish, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda tarmoqlararo tayyorgarlikni rejalashtirishni kuchaytirish uchun platforma vazifasini bajaradi.
Hududiy darajada favqulodda vaziyatlarga javob berish salohiyatini mustahkamlash orqali Termiz operatsion markazi yuqumli kasalliklar tarqalishi hamda jamoat salomatligi bilan bog‘liq boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda javob berish vaqtini qisqartirishga hamda inqiroz davrida asosiy tibbiy xizmatlarning uzluksiz ko‘rsatilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Mazkur markaz Surxondaryo viloyatining 3 milliondan ortiq aholisi, ayniqsa favqulodda vaziyatlardan eng ko‘p zarar ko‘radigan bolalar va aholining zaif qatlamlari manfaatlariga xizmat qiladi.
“AQSh hukumati 2021-yildan buyon O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlarni boshqarish tizimini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda,” dedi AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jonatan Xenik. “Mazkur Jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlar operatsion markazi AQShning ham O‘zbekiston, ham Amerika fuqarolari hayotini himoya qilishga bo‘lgan sodiqligini namoyish etadi. O‘zbekiston kasalliklar tarqalishini o‘z vaqtida aniqlab, ularni tezkor ravishda jilovlay olganida, bu tahdidlarning Amerika Qo‘shma Shtatlariga yetib borishining oldini oladi hamda savdo, safarlar va ta’minot zanjirlarining buzilish xavfini kamaytiradi. Ushbu markaz Amerika xalqi uchun ham real xavfsizlikni ta’minlaydi.”
Termiz operatsion markazining ishga tushirilishi O‘zbekistonning milliy sog‘liqni saqlash xavfsizligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, mamlakat bo‘ylab yanada barqaror, o‘zaro integratsiyalashgan va samarali favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik tizimlarini mustahkamlash inqiroz davrida bolalar va oilalarni himoya qilish uchun muhim ahamiyatga ega,” dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakili Rehina Mariya Kastijio. “Mazkur markaz muvofiqlashtirishni kuchaytiradi, javob berish salohiyatini oshiradi hamda eng zarur paytlarda asosiy xizmatlarning uzluksizligini ta’minlashga xizmat qiladi.”
UNICEF O‘zbekiston Respublikasi hukumati hamda rivojlanish bo‘yicha hamkorlar bilan birgalikda mamlakat bo‘ylab favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik tizimlarini yanada mustahkamlash yo‘lida hamkorlikni davom ettiradi.
OAV uchun mas'ul xodimlar
UNICEF to'g'risida
UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.
UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.
UNICEF faoliyatini Twitter, Facebook va Instagram da kuzatib boring.