Homiladorlikning birinchi trimestri

Homiladorlikning dastlabki 13 haftasi uchun tavsiyalar

UNICEF
UNICEF
UNICEF
22 Iyul 2026

Ota-onaga aylanish hayajonli va bebaho tajriba hisoblanadi. Shu bilan birga, bu davr ko‘plab savollar va yangi his-tuyg‘ularni ham olib kelishi mumkin. Bu mutlaqo tabiiy holat.

Ushbu qo‘llanma homiladorlikning dastlabki bosqichlarini yanada ishonchli va xotirjam o‘tkazishingizga yordam beradi degan umiddamiz.

Homiladorlikning ilk 13 haftasi davomida tanangizda katta o‘zgarishlar yuz beradi. Shu bilan birga, bo‘lajak farzandingiz ham jadal rivojlana boshlaydi. Ushbu ajoyib sayohatning ilk bosqichida bilishingiz kerak bo‘lgan asosiy ma'lumotlar quyidagilardan iborat.

O‘zingizni qanday his qilishingiz mumkin

Tanangiz yangi hayotni rivojlantirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani sababli unda sezilarli o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.

Sizda ko‘ngil aynishi, charchoq yoki uyquchanlik kabi holatlar kuzatilishi mumkin. Ba'zi ayollarda esa aksincha, energiya darajasi ortishi mumkin.

Tanangizning ehtiyojlariga quloq tuting va zarur bo‘lsa, kundalik tartibingizni moslashtiring.

Har bir ayolning organizmi o‘ziga xos bo‘lgani kabi, har bir homiladorlik ham bir-biridan farq qiladi.

Homiladorlikning ilk belgilari va alomatlari

Muntazam hayz sikliga ega ayollarda homiladorlikning eng dastlabki belgisi odatda hayzning kechikishi hisoblanadi.

Ba'zan implantatsion qon ketishi ham kuzatilishi mumkin. Bu odatda yengil qonli ajralmalar yoki hayzning dastlabki kunlariga o‘xshash holat sifatida namoyon bo‘ladi.

Ko‘pincha bu xavotirli holat hisoblanmaydi, biroq homiladorlik davrida har qanday qon ketish kuzatilsa, shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Homiladorlikning dastlabki haftalarida quyidagi belgilar ham paydo bo‘lishi mumkin:

Keng tarqalgan alomatlar

Homiladorlikning ilk haftalarida yuz beradigan gormonal o‘zgarishlar butun organizmga ta'sir ko‘rsatadi.

Har bir homiladorlik individual kechadi, biroq birinchi trimestr davomida quyidagi holatlar kuzatilishi mumkin:

  • ko‘kraklarda sezuvchanlik yoki og‘riqlilik;
  • kayfiyatning tez-tez o‘zgarishi;
  • ko‘ngil aynishi yoki qayt qilish (ertalabki ko‘ngil aynishi);
  • tez-tez bavl;
  • vaznning ortishi yoki kamayishi;
  • kuchli charchoq;
  • bosh og‘rig‘i;
  • jig‘ildon qaynashi;
  • boldir mushaklaridagi tirishishlar;
  • bel va tos sohasidagi og‘riqlar;
  • ayrim mahsulotlarga kuchli ishtaha paydo bo‘lishi;
  • ayrim mahsulotlarga nisbatan yoqtirmaslik hissining paydo bo‘lishi;
  • qabziyat.

O‘zingizga qanday yordam berishingiz mumkin

Homiladorlikning dastlabki belgilarini boshdan kechirish ba'zan noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

Quyidagi tavsiyalar ayrim alomatlarni yengillashtirishga yordam berishi mumkin. Biroq har qanday vosita yoki qo‘shimchalarni qo‘llashdan oldin albatta shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.

  • Ko‘ngil aynishi yoki qayt qilish kuzatilganda zanjabil, moychechak yoki B6 vitamini foydali bo‘lishi mumkin.
  • Ayrim hollarda akupunktura bo‘yicha mutaxassis bilan maslahatlashish ham yordam berishi mumkin.
  • Boldir mushaklaridagi tirishishlarda magniy yoki kalsiy qo‘shimchalari tavsiya etilishi mumkin.
  • Agar ovqatlanish ratsionini o‘zgartirish yordam bermasa, qabziyatni yengillashtirish uchun tarkibida kletchatka bo‘lgan mahsulotlar yoki bug‘doy kepagidan foydalanish tavsiya etilishi mumkin.

Sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik

Sog‘lom ovqatlanish va muntazam jismoniy faollik homiladorlikning barcha bosqichlarida muhim ahamiyatga ega.

O‘zingizni qulay his qilganingizcha kundalik jismoniy faollikni davom ettirishga harakat qiling. Homiladorlik davrida faol bo‘lish tanadagi o‘zgarishlarga moslashishni yengillashtiradi.

O‘sib borayotgan organizmingiz va rivojlanayotgan farzandingiz uchun to‘laqonli ovqatlanishga e'tibor qarating.

Kun davomida yetarli miqdorda energiya, oqsil, vitamin va minerallar qabul qilishingiz muhimdir. Ratsioningizda quyidagilar bo‘lishiga e'tibor bering:

  • sabzavotlar;
  • mevalar;
  • go‘sht mahsulotlari;
  • dukkakli ekinlar;
  • yong‘oqlar;
  • pasterizatsiya qilingan sut va sut mahsulotlari.

Farzandingiz qanday rivojlanadi?

Homiladorlikning birinchi trimestri bo‘lajak farzandingiz rivojlanishidagi eng muhim davrlardan biri hisoblanadi.

Aynan shu davrda uning asosiy organlari va tana tizimlari shakllana boshlaydi.

Dastlabki haftalarda quyidagi organ va tuzilmalar rivojlanadi:

  • bosh miya va orqa miya;
  • ichki quloq;
  • yurak to‘qimalari;
  • jinsiy a'zolar;
  • qo‘l tirnoqlari;
  • jigar;
  • qovoqlar;
  • oshqozon osti bezi;
  • buyraklar;
  • qo‘l va oyoq suyaklarining tog‘ay to‘qimalari;
  • og‘iz, burun va ko‘z mushaklari;
  • qo‘l va oyoq barmoqlari;
  • o‘pkalar.

Homila rivojlanishi ko‘plab omillarga bog‘liq holda farq qilishi mumkin.

Odatda homila birinchi oy oxiriga kelib taxminan 0,6 santimetrga yetadi va 12-hafta oxiriga borib uning bo‘yi taxminan 10 santimetr, vazni esa qariyb 28 grammni tashkil etadi.

Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Homiladorlikning dastlabki 12 haftasi davomida kamida bir marta shifokor ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi.

Imkon qadar homiladorlik aniqlanganidan keyin tezroq tibbiy kuzatuvni boshlash maqsadga muvofiq.

Mamlakatingizda amal qiladigan tavsiyalar bo‘yicha ma'lumotni sog‘liqni saqlash muassasalari yoki shifokoringizdan olishingiz mumkin.

Qaysi holatlarda shifokorga murojaat qilish zarur?

Har bir ayol homiladorlikni turlicha boshdan kechiradi. Shunga qaramay, quyidagi holatlar kuzatilganda albatta tibbiy yordamga murojaat qilish kerak:

  • kuchli qorin og‘riqlari yoki spazmlar;
  • tana haroratining 38°C dan yuqori bo‘lishi;
  • yoqimsiz hidli vaginal ajralmalar;
  • bavl vaqtida og‘riq yoki achishish;
  • vaginal qon ketishi;
  • kuchli va takroriy qayt qilish.

Agar sizni bezovta qilayotgan har qanday alomat yoki savol bo‘lsa, shifokoringiz bilan maslahatlashishdan tortinmang.