Rostmi yoki mif? Chaqaloqlar haqidagi faktlar

#HayotningIlkKunlaridanBoshlab

UNICEF
UNICEF
UNICEF
21 Iyul 2026

Chaqaloq tug‘ilgan zahoti ko‘ra va eshita olmaydi. Rostmi yoki mif?

Mif.

Chaqaloqlar tug‘ilgan zahoti ko‘ra va eshita oladilar.

Farzandingizning ko‘zlariga qarab jilmayganingizda va uning jilmayishiga javoban kulimsiraganingizda, u muloqot qilish va sizning his-tuyg‘ularingizga javob qaytarishni o‘rganadi.

Aslida, ko‘plab chaqaloqlar ona qornidalik davrida bir necha bor eshitgan qo‘shiq va tovushlarni tug‘ilgandan keyin ham eslab qolishlari mumkin.

Shu sababli farzandingiz bilan imkon qadar erta — hatto u tug‘ilishidan oldin ham — gaplashishni va unga qo‘shiq aytishni boshlashingiz mumkin.

Bola gapirishni boshlamaguncha uning muloqot qilishning yagona usuli yig‘lash hisoblanadi. Rostmi yoki mif?

Mif.

Chaqaloqlar o‘z his-tuyg‘ulari va ehtiyojlarini turli usullar orqali ifoda etadilar.

Masalan, ular quvonch va mamnuniyatni kulish va jilmayish orqali, noqulaylik yoki bezovtalikni esa yig‘lash, bezovta harakatlar qilish yoki tana harakati orqali bildirishi mumkin.

Farzandingiz sizga nimani va qanday yetkazishga harakat qilayotganiga e'tibor qaratish uning ehtiyojlarini yaxshiroq tushunishga va ularga mos ravishda javob qaytarishga yordam beradi.

Bola gapira boshlashidan oldin ham u bilan gaplashish kerak. Rostmi yoki mif?

Rost.

Bolalar yangi tovushlarni chiqarishni yaxshi ko‘radilar — kulish, qichqirish yoki turli tovushlarni takrorlash shular jumlasidandir.

Ular sizning ovozingizga javob qaytaradilar, eshitgan tovushlarini takrorlashga harakat qiladilar va shu orqali muloqot qilishni o‘rganadilar.

Shunday qilib, bolalar gapirishni boshlashidan ancha oldin muloqot qilishni o‘rganishni boshlaydilar.

Bola buyumlarni tashlaydi yoki tushirib yuboradi, chunki sizni bezovta qilmoqchi bo‘ladi. Rostmi yoki mif?

Mif.

Bolalar kichik tadqiqotchilardir.

Hayotining ilk oylaridanoq ular atrofdagi insonlar va buyumlarga qanday ta'sir ko‘rsatish mumkinligini o‘rganishga intiladilar.

Kubiklarni bir-birining ustiga qo‘yish, buyumlarni tushirib yuborish, uloqtirish yoki ularni bir-biriga urish orqali bolalar atrofdagi dunyoni o‘rganadilar va sabab-oqibat bog‘liqliklarini tushunishni boshlaydilar.

Bolalar ularga nima qilish kerakligini aytishdan ko‘ra, o‘zlari sinab ko‘rish va boshqalarga taqlid qilish orqali yaxshiroq o‘rganadilar. Rostmi yoki mif?

Rost.

Bolalar o‘yin, tajriba va kuzatish orqali o‘rganadilar.

Ular atrofdagi insonlarning xatti-harakatlarini kuzatadilar va ularga taqlid qiladilar.

Masalan, agar siz farzandingiz yangi taomni tatib ko‘rishini istasangiz, avvalo o‘zingiz uning ko‘z o‘ngida shu taomni iste'mol qilib ko‘ring.

Bola maktabga borgandan keyin uning miyasi eng tez rivojlanadi. Rostmi yoki mif?

Mif.

Bolaning miyasi eng jadal sur'atlarda tug‘ilishidan oldin va hayotining dastlabki ikki yili davomida rivojlanadi.

Aynan shu davrda to‘g‘ri ovqatlanish, mehr va muloqot bolaning rivojlanishida nihoyatda muhim ahamiyatga ega.

Har bir to‘yimli ovqatlanish, o‘yin va muloqot bolaning miyasi rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Hatto qisqa muddatli o‘yin va muloqot ham miyada yangi neyron aloqalar shakllanishini rag‘batlantiradi.

Va unutmang: har bir quchoqlash, har bir mehrli so‘z, har bir to‘yimli ovqat va har bir o‘yin orqali siz farzandingizning rivojlanishiga hissa qo‘shasiz.