Bolaning ota-onaga bog‘liqligi haqida nimalarni bilishingiz kerak

Farzandingiz bilan aloqa o‘rnatishning ahamiyati va usullari haqida bilib oling

UNICEF
UNICEF
UNICEF
24 Yanvar 2025

Bolalar o‘zlarini xavfsiz his qilganlarida, ularga nisbatan mehr-muhabbat va g‘amxo‘rlikni tuyganlarida to‘liq rivojlanadilar. Ko‘pchilik ota-onalar uchun o‘z farzandi bilan yaqin ruhiy aloqani shakllantirish oson kechadi. Bolaligida o‘ziga nisbatan muhabbat, himoya yoki hurmatni his qilmagan ayrim insonlar uchun bog‘liqlikni shakllantirish ancha katta muammo bo‘lishi mumkin. Biroq ota-onalik ko‘nikmalarini o‘rganish mumkin. Quyida farzandingizga bog‘liqlik uning rivojlanishi va farovonligining asosiy omili ekanligi sababini bilib olasiz, shuningdek, har kuni qo‘llashingiz mumkin bo‘lgan ba’zi oddiy maslahatlar bilan tanishasiz.

Nima uchun farzandingiz bilan munosabat o‘rnatish muhim?

Farzandingizga nisbatan mehr-muhabbat va ijobiy his-tuyg‘ularni namoyon etish uning miyasining to‘laqonli rivojlanishi, o‘ziga bo‘lgan ishonchning shakllanishi va hatto butun umri davomida munosabatlar o‘rnatish qobiliyatining shakllanishi uchun zarur shartdir.

Mubolag‘asiz aytish mumkinki, "haddan tashqari ko‘p" mehr bo‘lmaydi. Agar bolani mahkam quchoqlasangiz yoki unga juda ko‘p e’tibor bersangiz, unga zarar yetkazmaysiz. Bolaning ovqatlanish va tinchlantirish signallariga javob berib, siz bolaning o‘zini xavfsiz his qilishini ta’minlaysiz. Ota-onalar qisqa muddatli ishlarni bajarish uchun yosh bolalarni vaqtincha yolg‘iz qoldirganda, bunday bolalar ularni tashlab ketishgan deb o‘ylashadi va shuning uchun ota-onalar qaytib kelganlarida, ular ko‘proq yopishqoq va o‘ziga ishonchsiz bo‘lib qoladilar.

Farzandingizning ehtiyojlarini payqab, ularga mehribonlik bilan munosabatda bo‘lsangiz, u o‘zini qulay his qiladi. Xavfsizlik hissi, e’tibor, taskin va himoya neyroplastiklikni (miyaning o‘zgarish va moslashish qobiliyatini) oshiradi. Bolaning oilasidagi dunyosi mehr-muhabbatga to‘la bo‘lsa, u kelgusi hayotidagi sinovlarni yengishga yaxshiroq tayyor bo‘ladi. Ijobiy erta bog‘liqlik bolalarning baxtli va mustaqil kattalar bo‘lib voyaga yetishiga asos zamin yaratadi. Mehr va ishonchga asoslangan munosabatlar bizning chidamliligimizni, qiyinchiliklarni yengish va muvaffaqiyatsizliklardan o‘nglanish qobiliyatimizni oshirishga yordam beradi.

Farzandingiz bilan ruhiy yaqinlikni qanday yaratish mumkin?

Bolalarni tarbiyalash ba’zan murakkab bo‘lishi mumkin va mukammal ota-ona mavjud emas. Agar siz farzandingiz ulg‘ayishi uchun mehr va g‘amxo‘rlik muhitini yarata olsangiz va uning hayotida doimiy ishtirok etib, qo‘llab-quvvatlasangiz, unga hayotda ajoyib start bera olasiz. Quyida farzandingiz bilan dastlabki uchrashuvdan boshlab mustahkam aloqa o‘rnatishga yordam beradigan bir nechta usullar keltirilgan.

• Uning harakatlariga e’tibor bering. Farzandingiz yig‘layotganida, imo-ishora qilayotganida yoki tovushlar chiqarayotganida, bu harakatlarga quchoqlash, ko‘z aloqasi yoki so‘z bilan javob bering. Bu nafaqat farzandingizga unga e’tibor berayotganingizni ko‘rsatadi, balki chaqaloq miyasida muloqot va ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan neyron aloqalarni shakllantirishga yordam beradi.

• Birga o‘ynang. Farzandingiz bilan o‘ynab, uni qadrlashingizni va u bilan birga bo‘lish zavqli ekanini ko‘rsatasiz. Birga o‘yin o‘ynayotganingizda unga butun e’tiboringizni qarating va dunyoni farzandingizning ko‘zi bilan ko‘rishdan zavqlaning. Farzandingiz bilan quvnoq damlarni baham ko‘rib, birga vaqt o‘tkazsangiz, tanangiz endorfinlarni ("yaxshi kayfiyat gormonlari") ishlab chiqara boshlaydi, bu sizda ham, farzandingizda ham yaxshi kayfiyatni ta’minlaydi.

• Bolani mahkam quchoqlang. Farzandingiz bilan quchoqlashish va jismoniy kontakt sizga ko‘p jihatdan ruhiy yaqinlashishga yordam beradi. Farzandingiz sizning yuragingiz urishidan taskin topadi va hatto hidingizni ham taniy boshlaydi. Bola bir oz ulg‘ayganida, quchoqlash unga o‘z his-tuyg‘ularini boshqarishga va hayajonini jilovlashga yordam beradi. Bu shuning uchun sodir bo‘ladiki, quchoqlash paytida bolaning miyasi oksitotsin (yaxshi kayfiyat uchun javobgar) ishlab chiqaradi va kortizol (stress uchun javobgar) ajralishini kamaytiradi.

• Gaplashing. Farzandingizning so‘zlariga qiziqish bildirish orqali uning fikrlari va his-tuyg‘ulari siz uchun muhim ekanligini ko‘rsatasiz. Bu hatto u dunyoga kelgan birinchi kundan boshlanishi mumkin. Yangi tug‘ilgan chaqaloq bilan gaplashib va unga ohista qo‘shiq aytib, uning yonida ekanligingizni bildirgan bo‘lasiz. Bola tushunarsiz tovushlar chiqarganida, unga suhbat qanday o’tishini o‘rgatish uchun so‘zlar bilan javob bering.

• Farzandingizning ehtiyojlariga e’tibor bering. Taglikni almashtirish, bolani ovqatlantirish va uxlatish uning ehtiyojlari qondirilishiga, xavfsizligi va g‘amxo‘rlik qilinishiga ishonch shakllanishiga yordam beradi. Farzandingizga g‘amxo‘rlik qilish va uning ehtiyojlarini qondirish ham uni qo‘llab-quvvatlash qobiliyatingiz haqidagi ajoyib eslatma bo‘lib xizmat qiladi.

Eng muhimi - farzandingiz bilan muloqotdan zavq oling, birga ko‘proq vaqt o‘tkazing va uning hayotida sizning muhabbatingiz va ishtirokingiz uning to‘liq rivojlanishining eng muhim omillari ekanligini unutmang.

Farzandingiz bilan muloqot qilishda qiyinchiliklarga duch kelyapsizmi?

Agar siz ilk bor ota-ona bo‘lgan bo‘lsangiz va farzandingiz bilan muloqot qilishda qiyinchiliklar paydo bo‘lsa, bu tug‘ruqdan keyingi depressiyaning alomati bo‘lishi mumkin. Bunday holda o‘z tibbiyot muassasangizga murojaat qiling. Ko‘plab yosh ota-onalar juda keng tarqalgan ushbu muammoga duch keladilar. Siz yolg‘iz emassiz va o‘z vaqtida yordam uchun murojaat qilsangiz, vaziyat ancha yaxshilanadi.