Internetda ruhiy salomatlikni yaxshilashning 5 ta usuli
O‘zingiz va boshqalarga qanday g‘amxo‘rlik qilish haqida maslahatlar
O‘zingiz va boshqalarga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha maslahatlar
Internet muloqot qilish, bilim olish va siz uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarni tarqatish uchun ko‘plab ajoyib imkoniyatlar taqdim etsa-da, u ma’lum muammolarni ham keltirib chiqaradi. Agar ijtimoiy tarmoqlar yoki internetdan foydalanish sizda stress, hasad yoki yolg‘izlik hissini, o‘zingizni past baholash yoki jamiyatdan qo‘rqishni keltirib chiqargan bo‘lsa, yolg‘iz emasligingizni bilishingiz kerak. Quyida ruhiy salomatligingizga g‘amxo‘rlik qilish va internetda xayrixoh bo‘lib qolish bo‘yicha beshta maslahat keltirilgan.
1. Salbiy yangiliklarni nazoratsiz o‘qishdan saqlaning
Ijtimoiy tarmoqlar va onlayn kontent sizning hissiyotlaringiz, fikrlaringiz va xatti-harakatingizga qanday ta’sir qilayotganini diqqat bilan kuzating. O‘zingizni qanday his qilayapsiz? Yangiliklarni o‘qiyotganda ma’lumot olayotganingizni yoki stressga tushayotganingizni sezasizmi? Do‘stlaringizning bayramdagi suratlarini ko‘rib, o‘zingizni yaxshi his qilasizmi yoki hasad qilasizmi? Ertalab telefoningizni birinchi navbatda yangiliklarni bilish uchun olasizmi yoki shunchaki odatdan?
Internetda nima maqsadda o‘tirayotganingizni va qanday his-tuyg‘ularni boshdan kechirayotganingizni aniqlab, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ilovalarda qancha vaqt o‘tkazishingizga shaxsiy cheklovlar o‘rnatishingiz mumkin. Garchi har doim ham obunani bekor qilish yoki hissiyotlaringizga ataylab yoki bilmasdan salbiy ta’sir ko‘rsatayotganlar haqida xabar berishning iloji bo‘lmasa-da, sizga yoqmagan hisoblarning ovozini o‘chirib qo‘yishingiz yoki ulardan keladigan kontentni cheklashingiz mumkin. Shuni yodda tutish kerakki, internetda ko‘rganlaringizning hammasi ham (hatto do‘stlaringizdan kelganlari ham) haqiqatga mos kelmaydi, ammo uning sizga ko‘rsatadigan ta’siri - haqiqiydir.
2. Diqqatli bo‘ling
Ruhiy salomatlik va farovonlikning barcha jihatlarini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradigan ko‘plab ajoyib onlayn vositalar va foydali kontent mavjud. Dam olish va diqqatni jamlashga yordam beradigan meditatsiya ilovalaridan tortib, o‘ziga xoslik va o‘zlikni anglash tuyg‘usini rivojlantirish, aloqada bo‘lish va bir-biringizni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradigan platformalargacha. Ko‘plab ajoyib onlayn ta’lim vositalari mavjud bo‘lib, ular yordamida siz yangi narsalarni sinab ko‘rishingiz mumkin, masalan, rasm chizish yoki yoga bilan shug‘ullanish yangi kognitiv va ijodiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam beradi, shuningdek, salomatligingizni saqlash va zo‘riqishni kamaytirishga yordam beradigan onlayn jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari ham bor.
Ijobiy va ilhomlantiruvchi kontent hamda ijodkorlarni topishga harakat qiling. Masalan, sportchilar, qo‘shiqchilar, uy oshpazlari, yozuvchilar yoki o‘zlarini tashvishga solayotgan muammolar haqida gapiruvchi boshqa yoshlarning nashrlarini o‘qing. Shuni yodda tutingki, agar kerak bo‘lsa, professional yordamga murojaat qilish va ruhiy salomatlik haqida ma’lumot izlash uchun internet va ijtimoiy tarmoqlardan ham foydalanishingiz mumkin.
3. Internetda o‘zingizni va boshqalarni himoya qiling
Ijtimoiy tarmoqlardagi barcha profillaringizdagi maxfiylik sozlamalarini tekshiring. Veb-kameralar ishlatilmayotganda ularni yopib qo‘ying. Onlayn ilovalar va xizmatlarga ro‘yxatdan o‘tishda ehtiyot bo‘ling, ayniqsa to‘liq ismingiz, manzilingizni ko‘rsatishingiz yoki suratingizni yuklashingiz kerak bo‘lsa. Internetda ko‘rgan yoki duch kelgan biror narsa sizni tashvishga solsa, bu haqda ishonchli kattalar, masalan ota-onangiz yoki o‘qituvchingiz bilan gaplashing, tegishli platformada hodisa haqida xabar bering (dalil sifatida ekran rasmini olishni unutmang) va qo‘shimcha yordam olish uchun mamlakatingizdagi xavfsizlikka oid ishonch telefonini va ruhiy salomatlik xizmatini toping.
Shuningdek, siz boshqalarga ularning internetdan foydalanish tajribasiga e’tibor berish, sinfdoshingiz, do‘stingiz yoki hatto notanish odam o‘zini yaxshi his qilmayotganini yoki stress belgilarini namoyon qilayotganini aniqlash va boshqalarga kerakli yordam olishda ko‘maklashish orqali yordam berishingiz mumkin.
So‘zlar katta ahamiyatga ega va biz nima deyayotganimizni diqqat bilan o‘ylashimiz lozim.
4. Mehribonlikni tanlang
Ijtimoiy tarmoqlardan ijobiy va qo‘llab-quvvatlovchi kontent hamda xabarlarni do‘stlar, oila va sinfdoshlar bilan bo‘lishish uchun foydalaning. Masalan, kimgadir xat yozishingiz mumkin, shunda u sizning g‘amxo‘rligingizni his qiladi yoki u joylashtirgan postga ijobiy izoh qoldirishingiz mumkin. Agar kimningdir xabari yoki e’loniga salbiy javob berayotganingizni sezsangiz, to‘xtang va buni boshqacha ifodalash yoki e’lon qilish o‘rniga shaxsan gaplashish mumkinligini o‘ylab ko‘ring. Agar siz qo‘rqitadigan yoki haqoratli deb hisoblagan xabar yoki kontentni ko‘rsangiz yoki qabul qilsangiz, ularni bloklash va muammo haqida xabar berish kerak. So‘zlar katta ahamiyatga ega va biz nima deyayotganimizni diqqat bilan o‘ylashimiz lozim. Barchamiz yaxshilik qilish va odamlarga quvonch keltirish salohiyatiga egamiz - keling, nafrat emas, muhabbatni tarqataylik!
5. Haqiqiy hayotda muloqotda bo‘ling
Onlayn va oflayn dunyolar o‘rtasidagi chegaralar tobora xiralashib borayotgandek tuyulishi mumkin. Bu esa bizga ayni daqiqada yashash va insoniy munosabatlarga bo‘lgan tug‘ma ehtiyojimizni qondirishni qiyinlashtirmoqda. Siz qilayotgan ishingizni to‘xtatib, bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda xabar joylashtirayotganingizni yoki do‘stlaringiz bilan gaplashish yoxud uchrashish o‘rniga ularning hikoyalarini o‘qiyotganingizni payqaganmisiz? Vaqti-vaqti bilan ijtimoiy tarmoqlardan uzilib, xavfsiz bo‘lgan hollarda haqiqiy hayotda do‘stlar va oila bilan vaqt o‘tkazish muhimdir.
O‘zingiz uchun real maqsadlar qo‘yishga intiling. Masalan, uyg‘onganingizdan keyingi bir soat davomida yoki uxlashdan oldin telefoningizni qo‘lga olmang yoki internetga kirmang (chunki bu paytda kuchingizni behuda sarflaysiz va ma’lumotni tanqidiy baholamasdan qabul qilishga o‘rganib qolasiz). Meditatsiya, sayr qilish yoki do‘stingizga qo‘ng‘iroq qilish kabi mashg‘ulotlar sizni xuddi shunday tetiklantiradi, biroq shu bilan birga, o‘zingizni yanada diqqatli va xotirjam his qilasiz.