O‘smir farzandingiz ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlashning to‘rt usuli

Bolaga va o‘zingizga nisbatan mehr hamda g‘amxo‘rlik ko‘rsating

ЮНИСЕФ
UNICEF
UNICEF
24 Yanvar 2025

O‘smir yoshidagi farzandingiz bilan munosabatingiz yaxshi bo‘lishi yoki bo borada muammolar borligidan qat’i nazar, unga o‘z muhabbatingiz va qo‘llab-quvvatlashingizni ko‘rsatish, shuningdek, hayotining qiyin davrlarida har qanday vaqtda yordam berishga tayyorligingizni ko’rsatish juda muhimdir.

Quyida farzandingiz bilan kundalik muloqotda va unga o‘z yordamingizni ko‘rsatishda yordam beradigan to‘rtta maslahat keltirilgan.

 

1. O‘smirni o‘z his-tuyg‘ularini siz bilan o’toqlashishga undang

O‘smir bilan muloqot qilish yo‘llarini izlang. Uning kuni qanday o‘tganini va nima bilan mashg‘ul bo‘lganini so‘rang. Unga birgalikda biror ish bilan mashg’ul bo’lishni, masalan, tushlik tayyorlashni taklif qilishingiz mumkin, shunda sizda uning kuni haqida gaplashish imkoniyati bo‘ladi.

Farzandingizga nima bo‘lishidan qat’i nazar, doim yonida ekaningizni eslatib turing. Uning kechinmalari va fikrlari haqida bilishni istayotganingizni ayting. Bir nechta oddiy rag‘batlantiruvchi so‘zlar o‘smirga o‘zini qulayroq his qilishiga yordam beradi va u o‘z his-tuyg‘ularini to’g’risida siz bilan ochiqroq gaplashadi.

O‘smirlar his qilishi mumkin bo‘lgan tuyg‘ularni, hatto ular yoqimsiz bo‘lsa ham, anglash va tushunish muhimdir. Bola sizga dilini ochganida, uni "Men tushunyapman...", "Ha, vaziyat oson emas..." yoki "Bunda ma’no bor" kabi iboralar bilan qo‘llab-quvvatlash o‘rinlidir.

O‘smir farzandingizning sizga yoqmaydigan xatti-harakatlarini payqash oson. Biroq uning yaxshi ishlarini ham e’tibordan chetda qoldirmang. U juda oddiy ish qilgan bo‘lsa ham, masalan, idish-tovoqlarni yig‘ishtirgan bo‘lsa ham, uni maqtang.

2. Farzandingizni qo‘llab-quvvatlash uchun vaqt ajrating

O‘smir farzandingizning bilan birgalikda yangi ishlar va erishiladigan kundalik maqsadlar ro‘yxatini tuzing. Bu kundalik uy ishlari ham, tushlikkacha uy vazifasini bajarish kabi maqsadga erishish ham bo‘lishi mumkin. 

Yoshlik mustaqillik demakdir! O‘smir farzandingizga yolg‘iz qolishi uchun vaqt va joy bering. Shaxsiy makonga bo‘lgan ehtiyoj voyaga yetishning normal qismidir.

Uy vazifasidan, uy ishidan yoki boshqa mashg‘ulotlardan tanaffus qilishga farzandingizni undang va qo‘llab-quvvatlang. U yoqtirgan ish bilan shug‘ullanishiga imkon bering. Agar o‘smir bola nimadandir xafa bo‘lsa, u bilan birga vaziyatni tahlil qiling va muammoni hal qilish uchun bir nechta variantlarni taklif eting. Unga bosim o’tkazmaslikka va nima qilish kerakligini o’rgatmaslikka harakat qiling.

3. Mojarolarni birgalikda hal qiling

Farzandingizning fikrini tinglang va mojaroni xotirjamlik bilan hal qilishga intiling. Yodingizda bo‘lsin: hamma ham hayajonlanadi!

Jahlingiz chiqqanida hech bir masalani muhokama qilmang. Sayr qiling, chuqur nafas oling va tinchlanishga harakat qiling, chunki o‘smir bilan keyinroq gaplashish mumkin.

Kuchli qarama-qarshilikdan saqlaning. Agar vaziyat boshqarib bo‘lmaydigan va imkoniyatlar cheklangan bo‘lib tuyulsa, o‘smir vaziyatni boshqarish huquqi uchun kurashishi mumkin. Bunday paytda qanchalik qiyin bo‘lmasin, uning bunday murakkab vaziyatda nazoratni qo‘lga olish istagini tushuning. Unga qarshilik ko‘rsatishga urinmang va unga tazyiq o’tkazmang.

Farzandingiz bilan samimiy va ochiq bo‘ling: unga siz ham juda hayajonlanayotganingizni aytishingiz mumkin. Agar siz o‘zingizning og‘ir kechinmalaringiz bilan qanday kurashayotganingizni ko‘rsatsangiz, o‘smir, ehtimol, o‘zi boshdan kechirayotgan his-tuyg‘ular mutlaqo tabiiy ekanligini anglaydi.

O‘zingiz va farzandingiz nizoli vaziyatdan qanday chiqishingiz mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rishga bir oz vaqt ajrating. U sizning mantiqingizni tushunishi uchun o‘z mulohazalaringizni u bilan o‘rtoqlashing.

4. O‘zingizga g‘amxo‘rlik qiling

Kimgadir g‘amxo‘rlik qilayotganlar ham g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj. Agar siz o‘zingizga qanday g‘amxo‘rlik qilayotganingizni farzandingizga ko‘rsatsangiz, u ham o‘z-o‘ziga g‘amxo‘rlik qilishni o‘rganadi.

Agar o‘zingiz uddalay olmasangiz, kutmang va yordam so‘rang. Bu mutlaqo tabiiy holat. Oila a’zolaringizdan biriga yoki muammolaringiz haqida gaplashishingiz mumkin bo‘lgan kishiga murojaat qiling.

O‘zingiz uchun vaqt ajrating. His-tuyg‘ularingiz va kechinmalaringizni baham ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan odamni topishga harakat qiling. Yonma-yon o‘tirib, qalbingizdagi gaplarni aytib bering.

Kun davomida stressni yengishga yordam beradigan ishlarga vaqt ajrating. Kuningiz ish bilan band yoki bo‘sh bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilish uchun ajratilgan vaqt yaxshi kayfiyatimizda muhim rol o‘ynashini bilamiz. O‘zingizga yoqadigan ish bilan shug‘ullanish yoki barcha yumushlardan shunchaki dam olish hayotiy quvvatni tiklash kalitidir.

Turli ijobiy usullarni sinab ko‘ring va ulardan qaysi biri sizga ko‘proq mos kelishini aniqlang. Mana bir nechta g‘oyalar: jismoniy mashqlar, do‘stlar bilan muloqot qilish, ishlar ro‘yxatini tuzish yoki kelajak uchun rejalar qurish, nimaga minnatdor ekanligingiz yoki nima bilan faxrlanishingiz haqida o‘ylash, sevimli mashg‘ulotingiz, musiqa tinglash, san’at bilan shug‘ullanish, raqsga tushish, kundalik yuritish.

Ushbu qo‘llanmadagi tavsiyalar Ruhiy salomatlik bo‘yicha idoralararo doimiy qo‘mita va Psixologik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ma’lumot beruvchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan.