Bolani tarbiyalashning oqilona va zararsiz usullari

Ijobiy intizom - ruhiy va jismoniy sog‘liqqa hamda baxtli bolalikka olib boruvchi yo‘l

UNICEF
UNICEF
UNICEF
22 Yanvar 2025

Har bir ota-ona farzandining intizomi borasidagi jiddiy masalaga duch keladi. Yig‘layotgan chaqaloq bo‘ladimi yoki o‘zboshimcha o‘smir bo‘ladimi - ota-onalar uchun ba’zida o‘zini tuta bilish juda qiyin kechadi. Hech birimiz bunday vaziyatga tushishni istamaymiz, baqirish va qo‘pol jismoniy kuch bunday hollarda yordam bermaydi.

Buning uchun boshqa samaraliroq usullar bor va ulardan biri ijobiy intizomdir. Biz oila va bolalar bilan ijtimoiy ish bo‘yicha tadqiqotchi, Oksford universiteti professori, ikki o‘g‘ilning onasi Lyusi Klaverga murojaat qildik. Yuqoridagi yondashuv ota-onalarga farzandlari bilan ijobiy munosabatlar o‘rnatishga va mas’uliyat, hamkorlik hamda o‘z-o‘zini tarbiyalash kabi ko‘nikmalarni egallashga qanday yordam berishi haqida gapirib berishini undan iltimos qildik.

Yomon bolalar bo‘lmaydi, yomon xulq-atvor bo‘ladi.

Nima uchun ijobiy intizom?

"Ota-onalar na baqirishni, na bolalarini urishni xohlaydi. Ular stressga tushib qolgani va boshqa chora ko‘ra olmagani uchun shunday qilishadi," - deydi professor Klaver.

Shunisi aniqki, baqirish va kaltaklash kabi usullar foyda bermaydi, faqat zarar qiladi. Doimiy qichqirishlar va kaltaklashlar bolaning butun keyingi hayotiga halokatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday tarzda hosil bo‘ladigan uzluksiz "zaharli stress" maktabdan qochish, tushkunlik, giyohvand moddalar iste’moli, o‘z joniga qasd qilish yoki yurak kasalliklari kabi ko‘plab salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

"Bu mana, dori, lekin u yordam bermaydi, faqat ahvolingizni yomonlashtiradi, deyish bilan barobar, - deydi professor Klaver. - Agar biz biror yondashuv ish bermasligini anglasak, demak, boshqasini izlash vaqti keldi."

Jazolash va boshqa nomaqbul choralardan farqli o‘laroq, ijobiy intizomiy yondashuv bola bilan sog‘lom munosabatlarni rivojlantirishga va bolaning xulq-atvoriga nimalarni kutish mumkinligini belgilashga e’tibor qaratadi. Har bir ota-ona tanlangan yondashuv samarali ekanini bilish muhimdir. Quyida uni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

1. Yakkama-yakka muloqot uchun vaqt ajrating

Yuzma-yuz suhbatlar har qanday sog‘lom munosabatlarni o‘rnatish uchun, ayniqsa, bolalaringiz bilan munosabatlaringiz uchun juda muhimdir. "Bu kuniga 20 daqiqa bo‘lishi mumkin. Hech bo’lmasa 5 daqiqa. Masalan, bunday muloqot idish-tovoqlarni yuvayotganingizda, biror qo‘shiqni xirgoyi qilayotganingizda yoki kir yoyib, gaplashayotganingizda bo‘lishi mumkin, - deydi professor Klaver. - Bunda e’tiboringizni farzandingizga to‘liq qaratishingiz muhim. Shu bilan birga, televizor va uyali telefoningizni o‘chirishni, bolalaringiz darajasiga tushishni va faqat siz hamda faqat bolalaringiz va siz bo’ladigan muhitni yaratishni unutmang."

2. Bolaning yaxshi ishlarini maqtang

Ota-ona sifatida biz ko‘pincha farzandlarimizning yomon xulq-atvoriga e’tibor qaratamiz va buning uchun ularni qoralaymiz. Biroq, bolalar bunday xatti-harakatlarini sizning e’tiboringizni jalb qilish usullaridan biri deb o‘ylashlari mumkin va ular o‘zlarini yomon tutishda davom etishlari ehtimoli ko‘proq.

Bolalar maqtovni yaxshi ko‘radilar. Shunda ular o‘zlarini sevimli va noyob deb his qiladilar. "Farzandingizning yaxshi ishlarini e’tiborsiz qoldirmang va uni albatta maqtang, hatto u ukasi yoki singlisi bilan atigi besh daqiqa o‘ynagan bo‘lsa ham, - deb tavsiya qiladi professor Klaver. - Bunday yondashuv bolani o‘zini yaxshi tutishga rag‘batlantiradi va intizomiy choralar ko‘rish zaruratini kamaytiradi."

3. Boladan nima kutayotganingizni aniq ifodalang

"Bolaga siz undan aynan nimani xohlashingiz haqida gapirish, u nima qilmasligi kerakligi haqida gapirishdan ko‘ra samaraliroq, - deydi professor Klaver. - Agar siz boladan narsalarni sochib tashlamaslikni yoki o‘zini yaxshi tutishni so‘rasangiz, u o‘zidan nima talab qilinayotganini tushunmasligi mumkin." Aniqroq ko‘rsatmalar, masalan, "Iltimos, o‘yinchoqlaringni yig‘ishtir va qutiga sol," deyish bolaning siz so‘ragan narsani bajarishi ehtimolini oshiradi.

"Shu bilan birga, real harakatlarni belgilash juda muhim. Agar siz bolangizdan kun bo‘yi o‘zini xotirjam tutishni so‘rasangiz, bu undan telefonda gaplashayotganingizda 10 daqiqa jim o‘tirishni so‘raganingizdagidek kutilgan natija bo‘lmasligi mumkin, - deydi professor Klaver. - Farzandingiz nimaga qodir va nimaga qodir emasligini aniq bilishingiz kerak. Shuning uchun siz bola qila olmaydigan narsani so‘rasangiz, hech qanday natija bo’lmaydi."

4. Bolalarning diqqatini chalg‘itish uchun ijodiy yondashing

"Agar sizda bolalar bilan muloqot qilishda qiyinchiliklar bo‘lsa, ularning e’tiborini ijobiy faoliyatga yo‘naltirish juda foydali, - deydi professor Klaver. - Agar siz bolalarning diqqatini boshqa narsaga qaratishga harakat qilsangiz, masalan, suhbat mavzusini o‘zgartirsangiz, yangi o‘yin o‘ynashni taklif qilsangiz, bolalar bilan boshqa xonaga o‘tsangiz yoki ular bilan sayrga chiqsangiz, ularning g‘ayratini ijobiy xatti-harakatlarga yo‘naltira olasiz."

Bu yerda vaqt omili hal qiluvchi ahamiyatga ega. Diqqatni o‘zgartirish - bu nafaqat vaziyat nojo‘ya yo‘nalishda rivojlanayotganini o‘z vaqtida payqash, balki tegishli choralarni ko‘rishdir. Bolaning xulq-atvoriga juda e’tiborli bo‘ling, u boshqarib bo‘lmaydigan, tez hayajonlanadigan yoki jahldor bo‘lib qolganini yoki aka-uka, opa-singillar bir xil o‘yinchoqqa qarab turganini payqashga harakat qiling. Shunda siz istalmagan vaziyat yuzaga kelishidan oldin uni bartaraf eta olasiz.

5. Oqibatlar haqida xotirjam so‘zlab bering

Ulg‘ayishning ajralmas qismi har qanday harakat oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunishdir. Buni farzandingizga yetkazish oddiy jarayon bo‘lib, u bolani mas’uliyat tushunchasi bilan tanishtirish orqali xulq-atvorni yaxshilashga yordam beradi. Farzandingizga noto‘g‘ri xatti-harakatlarning oqibatlarini tushuntirib, unga to‘g‘ri yo‘l tutish imkoniyatini bering. Masalan, agar farzandingiz devorlarga rasm chizishni to‘xtatishini istasangiz, unga bunday qilmasligini ayting, aks holda o‘yin vaqtini qisqartirishingizni bildiring. Shunday qilib, bola ogohlantirish oladi va o‘z xulq-atvorini o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Agar bola o‘z harakatlarini to‘xtatmasa, xotirjamlikni saqlagan holda va g‘azablanmasdan u bilan oqibatlar haqidagi suhbatni davom ettiring. "Oson bo’lmasa-da, sabr qiling," - deb qo‘shimcha qiladi Klaver. Professor Klaver agar bola quloq solib, sho‘xlikni bas qilsa, uni qayta-qayta maqtashni tavsiya etadi. "Shunday qilib, siz farzandingiz uchun ijobiy munosabat zanjirini yaratasiz. ’Xotirjam oqibatlar’ usuli bolalar o‘zlarini yomon tutganlarida nima sodir bo‘lishini tushunishni o‘rganishlari uchun juda samarali." Izchil bo‘lish - ijobiy tarbiyaning asosiy omili bo‘lib, "xotirjam oqibatlar" usuliga rioya qilishning muhimligini ko‘rsatadi. Asosiysi, harakatlaringiz real bo‘lishi kerak. "O‘smirning mobil telefonini bir soatga olib qo‘yish mumkin, ammo telefonni bir haftaga olib qo‘yish qiyin vazifa bo‘lishi mumkin."

Kichik yoshdagi bolalar bilan munosabat

Bola bilan yolg‘iz o‘tkaziladigan vaqtni qiziqarli va quvnoq qilish mumkin, buning ustiga mutlaqo bepul! "Siz bolalaringizning yuz ifodasini takrorlashingiz, qoshiqlar bilan chashkalarni chertishingiz yoki birgalikda qo‘shiq aytishingiz mumkin," - deydi professor Klaver. "O‘tkazilgan tadqiqotlar ajoyib natijani ko‘rsatdi: bolalaringiz bilan o‘ynaganingizda ularning aqliy qobiliyatlarini rivojlantirishga hissa qo‘shasiz."

Katta yoshdagi bolalar bilan munosabat 

O‘smirlar ham yosh bolalar kabi maqtovga muhtoj va ularni yaxshi deb e’tirof qilishlarini istaydilar. Ota-onalar bilan yolg‘iz qolish ham ular uchun muhim. "Ularga bu paytda birga raqsga tushish yoki sevimli qo‘shiqchisi haqida gaplashish yoqadi," - deydi professor Klaver. "Ular buni ko‘rsatmasalar ham, bundan xursand bo‘ladilar. Bundan tashqari, bunday muloqot ularning shartlari asosida munosabatlarni o‘rnatishning samarali usulidir." Siz kutganlaringizni ta’riflaganingizda, bolalardan ba’zi qoidalarni belgilashda yordam berishlarini so‘rang," - deb taklif qiladi professor Klaver. "Uyda nima qilish mumkin-u, nima mumkin emasligini ular bilan birgalikda kelishib oling. Bundan tashqari, bolalar nomaqbul xatti-harakatlarning ehtimoliy oqibatlarini aniqlashga yordam berishlari mumkin. Ushbu jarayonda bevosita ishtirok etish bolalarga ular mustaqil shaxs bo‘lib borayotganini tan olayotganingizni tushunishga yordam beradi."