G‘ayratbek Hasanboyev: Men bu kasbni tanlamaganman. U o‘zi meni topdi
Bolaning xavfsiz muhitda ulg‘ayishi uning kelajakdagi shaxsiy va kasbiy rivojlanishining asosiy poydevoridir
Bugun O‘zbekiston butun dunyo bilan birga Jahon ijtimoiy ish kunini nishonlar ekan, sizga Andijon viloyatidan G‘ayratbek Hasanboyevni tanishtiramiz. U Marhamat tumanidagi Bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho’basi mudiri.
G‘ayratbek ijtimoiy xodim sifatida besh yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Bu kasbni tanlashi esa Andijon Qishloq xo‘jaligi institutining bitiruvchisi uchun tasodifiy bo‘lgan.
“Mening rejalarim butunlay boshqacha edi”, - deya tabassum qiladi G‘ayratbek. “Yangi ishni katta ishtiyoq bilan boshladim, ammo ba’zan ikkilanib qolgan paytlarim ham bo‘lgan. Hozir ortga nazar tashlab, o‘tgan 5 yillik ish faoliyatim va uning natijalarini eslasam, shuni tushunaman: men bu kasbni tanlamaganman. U o‘zi meni topgan.”
G‘ayratbek va uning hamkasblari ko‘pincha oilalar va bolalardan murakkab murojaatlar qabul qilishadi. Ko‘p hollarda murojaatlar muqobil parvarishni rasmiylashtirish, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning mulkiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalariga oid bo‘ladi.
“Har bir murojaat ortida bir bolaning taqdiri turadi. Shuning uchun mening yondashuvim faqat maslahat berish bilan cheklanish emas, balki vaziyatni ‘case management’, ya’ni individual holatni boshqarish tamoyiliga asoslanadi”, — deydi G‘ayratbek.
U kabi mutaxassislarning salohiyatini oshirish maqsadida UNICEF ijtimoiy xodimlarni qo‘llab-quvvatlab, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, xizmat davomida malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini rivojlantirish borasida ko’mak bermoqda. UNICEF ijtimoiy ish bo‘yicha yetakchi o’quv tashkilotlari bilan hamkorlik qilib, kompetentsiyaga asoslangan treninglarni o’tkazish orqali xalqaro tajribani joriy etmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi hamda O‘zbekiston Milliy universiteti bilan birgalikda UNICEF ijtimoiy xizmat xodimlari tizimini rivojlantirish ustida ishlamoqda. Bu jarayon ushbu sohada professional amaliyot standartlarini ishlab chiqish va yangi ijtimoiy xodimlar avlodi uchun 4 oylik intensiv qayta tayyorlash dasturini o‘z ichiga oladi.
“Oilalar va jamoalar bilan doimiy aloqada bo‘ladigan, yaxshi tayyorlangan ijtimoiy xizmat xodimlari bolalarni himoya qilish tizimining muhim qismidir. Bolalarni himoya qilish sohasida fidoyi va malakali mutaxassislar turli sohalardagi sa’y-harakatlar va resurslarni muvofiqlashtirishda hamda bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratishda muhim rol o‘ynaydi. Bunga adliya va ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash va ta’lim, xavfsizlik hamda ofatlar xavfini kamaytirish kabi sohalar kiradi”, - deydi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio. “Bularning barchasi oxir-oqibat jamiyatning barcha qatlamlari uchun hayot sifatini yaxshilash va ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi.”
G‘ayratbekning aytishicha, UNICEF va uning hamkorlari tomonidan tashkil etilgan treninglarda qatnashish ijtimoiy ish haqidagi tushunchasini tubdan o‘zgartirgan. Avvallari u va hamkasblari asosan xayriya modeli asosida ishlashgan bo‘lsa, treningdan so‘ng ular to‘liq ravishda huquq va imkoniyatlarni kengaytirish modeliga o‘tishgan.
Treningdan olgan eng muhim saboqlar haqida u shunday deydi: “Har qanday qaror qabul qilishda bolaning manfaatlarini ilgari surish tamoyili barcha huquqiy va ma’muriy hujjatlardan ustun turishi kerakligini yanada chuqur angladim.”
Trening davomida olingan bilimlar unga xalqaro standartlarni mahalliy amaliyot bilan uyg‘unlashtirish imkonini berdi va bu xizmat sifati sezilarli darajada oshishiga yordam berdi. Shuningdek, G‘ayratbek profilaktikaning kuchiga ishonadi. Shu sababli u ish faoliyatida ijtimoiy xavflarni erta aniqlash va inqiroz yuzaga kelishidan oldin profilaktika choralarini ko‘rishni afzal ko’radi.
“Ishonchim komilki, bolaning xavfsiz muhitda ulg‘ayishi uning kelajakdagi shaxsiy va kasbiy rivojlanishining asosiy poydevoridir. Men o‘z faoliyatimni aynan shu poydevorni mustahkamlashga bag‘ishlaganman va bu yo‘lda ishlashda davom etaman”, - deya so‘zini yakunlaydi G‘ayratbek.