Huquqlar barcha bolalar uchun

UNICEF nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’limni ta’minlashga chaqirmoqda

03 Dekabr 2025
UNICEF
UNICEF

TOSHKENT, 3-dekabr — Jahon nogironligi bo‘lgan insonlar kuni munosabati bilan UNICEF Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Respublika “Tashxis” markazi bilan hamkorlikda “Inklyuziv ta’lim va barqaror taraqqiyot” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o’tkazdi.

Milliy va xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning yangi Inklyuziv ta’lim strategiyasini muhokama qildilar. Strategiyada qulaylik bu qo‘shimcha xizmat emas, balki barcha ta’lim oluvchilar uchun tenglik, ishtirok etish va ijtimoiy taraqqiyotning fundamental talabi ekanligi ta’kidlangan.

ISHONCH 2030 dasturi doirasida O‘zbekistonning barcha 14ta hududidagi 50ta maktabda o‘tkazilgan “Qulay maktab” nomli baholashning dastlabki natijalari shuni ko‘rsatdiki, maktablarning atigi 16% da asosiy kirishda talabga javob beradigan nogironlik aravachalari uchun rampa mavjud. Baholangan maktablarning hech birida nogironligi bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan hojatxonalar, seziladigan pol plitkalari yoki qulay qo‘l yuvish joylari mavjud emas. Ushbu natijalar UNICEF tomonidan maktab infratuzilmasini yangilash va maktablarni ta’mirlashda to‘siqlarsiz dizayn hamda universal qulaylikni ustuvor vazifa sifatida belgilash uchun qo’llanildi.

“Jismoniy to‘siqlarni olib tashlash inklyuziv tizimlarni qurishning bir qismi xolos,” — dedi UNICEFning O’zbekistondagi vakili, Rehina Mariya Kastijio xonim, — “Jamiyatda nogironlikka tibbiy yoki xayriya nuqtai nazaridan qarashni o‘zgartirish va e’tiborni nogironligi bo‘lgan bolalarning huquqlariga qaratish zarur.”

50 ta maktabdan olingan ma’lumotlarga ko’ra, ota-onalarning 43% va o‘qituvchilarning 32% umumiy davlat maktablari va bog‘chalarni nogironligi bo’lgan bolalar uchun eng yaxshi ta’lim maskani deb biladi; 18–19% ixtisoslashtirilgan maktablarni qo‘llab-quvvatlaydi; va ota-onalarning atigi 8% va o‘qituvchilarning 15% nogironligi bo’lgan bolalar uchun uyda ta’lim olish afzal deb hisoblaydi. Ushbu natijalar inklyuziv maktablarga bo‘lgan ishonchning ortib borayotganini ko‘rsatadi va uyga yaqin joyda sifatli, qulay, bolalar ehtiyojiga yo‘naltirilgan ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish zarurligini ta’kidlaydi.

Hozirda UNICEF O‘zbekiston bo‘ylab inklyuziv namunali maktablar ta’lim olish, innovatsiya va tizimli o’zgartirishlarni kiritish markazlari sifatida ishlashi uchun harakat qilmoqda. Ko’rsatilayotgan texnik ko’mak nogironlikni erta aniqlash, uni har tomonlama baholash, individuallashtirilgan yordam, inklyuziv pedagogika va yordamchi texnologiyalarni kundalik amaliyotga qanday joriy qilish mumkinligini namoyish etishga qaratilgan. Ushbu maktablardan olingan ma’lumotlar va xulosalar milliy islohotlarni shakllantirmoqda, qulaylik standartlarini yaxshilash, o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishi, inklyuziv o‘quv rejasi, baholash tizimini moslashtirish va maktab boshqaruvini o‘zgartirishga yordam bermoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, UNICEF ushbu maktablar inklyuziv va yuqori sifatli ta’limga erishish imkoni borligini va bunday yondashuvni barcha maktablarda tadbiq etish mumkinligini isbotlovchi namuna, hamda O‘zbekiston har bir bola qadrlanadigan va inklyuziv bo‘lgan jamiyat sari muhim qadamlar tashlayotganining isboti ekanligini ta’kidlaydi.

UNICEF nogironligi bo‘lgan bolalar maktab hayotining har bir jabhasida mazmunli ishtirok eta oladigan xavfsiz, iliq va qulay ta’lim muhitini yaratishga sodiq qoladi.


OAV vakillari uchun kontaktlar:

Dilfuza Hamidova

Ta’lim bo’yicha maslahatchi

Tel. +99893 5055494

Email: [email protected]

 

Yana Chicherina

Ta’lim bo‘yicha mutaxassis

Phone: +998 97 700 47 26

E-mail: [email protected]

OAV uchun mas'ul xodimlar

Nargiza Egamberdiyeva
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha maslahatchi
UNICEF
Telefon: +99893 380 34 19
Elektron pochta: [email protected]

UNICEF to'g'risida

UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.

UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.

UNICEF faoliyatini TwitterFacebook va Instagram da kuzatib boring.