“Oʻzbekistonda bolalar va yoshlar uchun qulay mahalliy boshqaruvni inklyuziv transformatsiyalash” nomli BMTning qoʻshma dasturi ishga tushirildi

09 Aprel 2025
UNICEF
UNICEF

TOSHKENT, 2025 yil 10 aprel - Bugun UNICEF, BMT Taraqqiyot Dasturi, “Yuksalish” harakati va Oʻzbekistondagi Shveytsariya elchixonasining vakili boʻlgan Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi birgalikda “Oʻzbekistonda bolalar va yoshlar uchun qulay mahalliy boshqaruvni inklyuziv transformatsiyalash” nomli BMTning qoʻshma dasturi ishga tushirdilar. Hukumat rasmiylari, rivojlanish boʻyicha xalqaro hamkorlar, fuqarolik jamiyati vakillari va yoshlar ushbu tadbirda ishtirok etdilar.

“BMTning ushbu qoʻshma dasturi yanada inklyuziv, adolatli va yoshlarga keng imkoniyatlar taqdim eta oladigan Oʻzbekiston haqidagi umumiy qarashlarimiz mahsulidir. U hukumat, BMT agentliklari, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamkorlarning aniq natijaga qaratilgan, shaffof, hisobdor va eng muhimi, bolalar va yoshlar ehtiyojlariga javob bera oladigan mahalliy boshqaruv tizimlarini yaratishga boʻlgan mushtarak intilishlarimizni oʻzida aks ettiradi,” - dedi UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio.

Dastur 2022-2023 yillarda oltita shaharda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgan “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona mahalliy boshqaruv” tashabbusining tajribasiga tayangan holda amalga oshirilmoqda. Mazkur tashabbus qaror qabul qilish hamda ijtimoiy xizmatlarni taqdim etishda yoshlarining ishtiroki ijobiy natijalar berishini namoyon etdi. Xususan, yoʻl harakati xavfsizligi, ekologik tashabbuslar va nogironligi boʻlgan yoshlarga xizmat koʻrsatish yaxshilandi.

Dastur Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarining 12 ta tumanida turli xil ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarga ega va mahalliy xizmat koʻrsatishni yaxshilashga muhtoj boʻlgan koʻplab zaif guruhlar istiqomat qiladigan mahalliy jamoalar va hududlarga eʼtibor qaratgan holda Shveytsariya hukumatining 2 million АQSh dollari miqdoridagi hissasi bilan amalga oshiriladi.

“Ushbu tashabbus inklyuziv mahalliy boshqaruvni mustahkamlash yoʻlidagi oʻta muhim qadamdir. Shveytsariya yoshlarga keng imkoniyatlar taqdim etish, mahalliy hokimiyat organlarining hisobdorligini oshirish, bolalar va yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashda davom etadi,” - dedi Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik Аgentligining boshligʻi Аndrin Fink.

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi, milliy Barqaror rivojlanish maqsadlari, Yoshlar strategiyasi va mamlakatning bolalar huquqlariga sodiq ekanligiga asoslanib, inklyuzivlik va tenglikka eʼtibor qaratgan holda boshqaruvni kuchaytirish hamda ijtimoiy va davlat xizmatlarini koʻrsatishni takomillashtirishga qaratilgan. Ushbu milliy ustuvor maqsadlarga muvofiq ravishda, BMTning qoʻshma dasturi inklyuziv, hisobdor, natijaga yoʻnaltirilgan va hozirjavob mahalliy boshqaruvni ilgari suradi. U bolalar va yoshlarning qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlaydi va ularning sifatli mahalliy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.

“Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov taʼkidlaganidek: “Ushbu dastur Oʻzbekistonning islohotlar kun tartibiga mos keladi, xizmat koʻrsatishdagi boʻshliqlarni toʻldirib, bolalar va yoshlar uchun inklyuziv boshqaruvni rivojlantiradi. Oʻylaymizki, bu tashabbus teng imkoniyatlar uchun mustahkam zamin yaratadi.”

Yangi qoʻshma dastur viloyatlar darajasida natijalarga asoslangan boshqaruv va byudjetlashtirish sohasidagi qonunchilik va institutsional bazani takomillashtirishga qaratilgan. Bu mahalliy hokimiyat organlariga resurslarni mahalliy ustuvor maqsadlarga hamda yoshlar va bolalar ehtiyojlariga muvofiq yanada samarali, shaffof va hisobot berish asosida rejalashtirish, taqsimlash va nazorat qilish imkonini beradi. Dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish, ishtirokni rejalashtirish va samaradorlikni monitoring qilish koʻnikmalari va tizimlarini shakllantirish orqali ushbu dastur davlat investitsiyalari bolalar, oʻsmirlar va ularning oilalari uchun yaxshilangan natijalarga aylanishini taʼminlashga yordam beradi. Ushbu saʼy-harakatlar davlat va ijtimoiy xizmatlarni yanada adolatli va samarali boʻlishiga hissa qoʻshib, Oʻzbekistonning keng islohotlar kun tartibini va uzoq muddatli barqaror rivojlanishini qoʻllab-quvvatlaydi.

“Boshqaruv tuzilmalarini oʻzgartirish boʻyicha boy tajribamizga tayanib, ushbu dastur yoshlar oʻz jamoalarida mazmunli oʻzgarishlarni amalga oshirishga qodir boʻlgan qulay muhitni yaratishiga ishonchimiz komil,” - dedi BMT Taraqqiyot Dasturining Oʼzbekistondagi doimiy vakilasi Аkiko Fudzii.

Dastur yanada inklyuziv va samarali mahalliy boshqaruvni qoʻllab-quvvatlash uchun jahonning ilgʻor tajribalaridan foydalanadi. U mahalliy hokimiyat organlariga natijalarga asoslangan rejalashtirishni tatbiq qilishga, qarorlar qabul qilishda yoshlar ishtirokini kuchaytirishga va davlat xizmatchilarining inklyuziv boshqaruv boʼyicha koʼnikmalarini shakllantirishga yordam beradi.


OАV vakillari uchun kontaktlar:

Hayotullo Ismoilov
Jamoatchilik diplomatiyasi xodimi 
Oʼzbekistondagi Shveytsariya elchixonasi
Telefon: +99890 976 01 48
El.pochta: [email protected] 


Yulianna Moroz
Matbuot kotibi
“Yuksalish” harakati
Telefon:+99890 918 47 99
El.pochta: [email protected] 


Nargiza Egamberdieva
Jamoatchilik bilan aloqalar boʼyicha maslahatchi
UNICEFning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi
Telefon: +99893 380 34 19
El.pochta: [email protected]        


Shahnoza Zafariy
Kommunikatsiyalar boʼyicha analitik
BMTTDning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi
Telefon: +99893 554 78 95
El.pochta: [email protected] 

OAV uchun mas'ul xodimlar

Nargiza Egamberdiyeva
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha maslahatchi
UNICEF
Telefon: +99893 380 34 19
Elektron pochta: [email protected]

UNICEF to'g'risida

UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.

UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.

UNICEF faoliyatini TwitterFacebook va Instagram da kuzatib boring.