Inklyuziv ta’lim bolalar nigohida

UNICEF barcha uchun inklyuziv, xavfsiz va adolatli ta’lim muhitini yaratishda inson huquqlariga asoslangan yondashuvni ilgari suradi

02 Iyun 2026
UNICEF
UNICEF

TOSHKENT, 2026-yil 2-iyun — Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi / Xalqaro inklyuziv Hub bilan hamkorlikda bugun “Mening maktabim — har bir bola uchun” nomli milliy ko‘rgazmani ochish orqali butun O‘zbekiston bo‘ylab inklyuziv ta’lim sohasidagi ilg‘or va ijobiy tajribalarni namoyish etmoqda.

Ko‘rgazmada O‘zbekistonning barcha hududlaridan jamlangan rasmlar, hikoyalar, she’rlar, fotosuratlar va video lavhalar namoyish etilib, ularda bolalarning ta’limga bo‘lgan qarashlari hamda qulay va qo‘llab-quvvatlovchi ta’lim muhitiga oid orzu-intilishlari aks ettirilgan.

“Bolalarning ijodiy ishlari bizga inklyuziv ta’lim faqat ta’lim masalasi emasligini eslatadi. Bu — qadr-qimmat, tenglik, imkoniyat va biz birgalikda qurmoqchi bo‘lgan kelajak haqidadir”, — dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio. “UNICEFda biz inklyuziv ta’lim sifatli ta’lim tizimlarining eng muhim harakatlantiruvchi omillaridan biri ekanligiga qat’iy ishonamiz. Maktablar inklyuziv bo‘lganda, ular har bir bola uchun yaxshiroq bo‘ladi. Ular bolaga yo‘naltirilgan, moslashuvchan, innovatsion va barcha bolalarning ta’lim ehtiyojlariga yanada samarali javob bera oladigan bo‘ladi”, — deya ta’kidladi u.

O‘zbekiston inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha muhim qadamlar tashlamoqda. O‘quv muassasalarining salohiyatini mustahkamlash orqali nogironligi bo‘lgan bolalar hamda barcha bolalarga sifatli maktab va maktabgacha ta’lim jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Biroq, mamlakatdagi ko‘plab bolalar hanuz ta’lim olish va unda to‘liq ishtirok etishda turli to‘siqlarga duch kelmoqda.

O‘zbekistonda taxminan 122300 nafar nogironligi bo‘lgan bolalardan faqat 5999 nafari umumta’lim maktablarida ta’lim oladi — bu har yuz nafar boladan besh nafardan ham kamini tashkil etadi. Ushbu tafovut ta’lim tizimi va jamiyat munosabatlarini o‘zgartirish zarurligini ko‘rsatadi, shunda barcha bolalar — qobiliyatidan qat’i nazar — o‘qish va rivojlanish uchun teng imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Jismoniy to‘siqlarni bartaraf etish bilan bir qatorda, nogironlikka tibbiy yoki xayriya yondashuvi orqali emas, balki nogironligi bo‘lgan bolalarning huquqlariga asoslangan jamiyat qarashlarini shakllantirish zarur. UNICEFning ISHONCH–2030 tashabbusi doirasida qo‘llab-quvvatlanayotgan 50 ta namunaviy maktab tajribasi quyidagilarni ko‘rsatadi:

  • Ota-onalarning 43% va o‘qituvchilarning 32% nogironligi bo‘lgan bolalar uchun umumta’lim davlat maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari ta’limning eng maqbul ta’lim shakli deb biladi;
  • Ota-onalarning 18% va o‘qituvchilarning 19% nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashgan maktablarni eng maqbul ta’lim shakli deb hisoblaydi;
  • Ota-onalarning faqat 8% va o‘qituvchilarning 15% uyda ta’lim olishni afzal deb hisoblaydi.

Ushbu statistik ma’lumotlar inklyuziv, jamoaga asoslangan maktablarga bo'lgan ishonchning ortib borayotganini ko'rsatadi va sifatli, qulay, bolaga yo'naltirilgan o'quv imkoniyatlarini har bir bolaning o‘z yashash hududlarida tashkil etish zarurligidan dalolat beradi. Namunaviy maktablar inklyuziv ta’limning amaliyotda qanday ishlashini -  inklyuziv pedagogika va differensial yondashuvlarni qo‘llash, yordamchi texnologiyalar va moslashtirilgan o‘quv materiallarini joriy etish, shuningdek, qulay infratuzilma va bolalar uchun do‘stona muhit yaratish orqali namoyish etadi.

Bolalarning nuqtai nazari va jamiyatimizdagi insonlarning hikoyalarini namoyish etish orqali ko‘rgazma inklyuziv ta'lim haqidagi jamoatchilik xabardorligini oshirish, xilma-xillik va inklyuziyaga nisbatan ijobiy munosabatlarni rag'batlantirish, erishilgan yutuqlarni namoyosh etish hamda hukumat, jamiyat va hamkorlar  birgalikda harakat qilishlarini rag'batlantirish maqsadida tashkil etildi.

Ko'rgazma Islom taraqqiyot banki (IsDB), Arab muvofiqlashtirish guruhi (ACG) va Ta'lim bo'yicha global hamkorlik (GPE) tomonidan moliyalashtiriladigan SMART-ED loyihasi doirasida tashkil etildi.

Ko‘rgazma Ikuo Hirayama madaniy karvonsaroyida 2026-yil 14-iyungacha barcha tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.

Manzil: Yusuf Xos Hojib ko‘chasi, 37A

(Mo‘ljal: O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi yonida, Kosmonavtlar metro bekati yaqinida)

 

OAV murojaatlari uchun kontaktlar:

Dilfuza Khamidova

Inkyuziv ta’lim bo‘yicha maslahatchi

Telefon: +99893 505 54 94

El. pochta: [email protected]

 

Nargiza Egamberdiyeva

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchi

Telefon: +99893 380 34 19

El. pochta: [email protected]

 

OAV uchun mas'ul xodimlar

Tsitsi Singisi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha bo’lim rahbari
UNICEF O'zbekiston
Telefon: +998 93550 57 53
Elektron pochta: [email protected]

UNICEF to'g'risida

UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.

UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.

UNICEF faoliyatini TwitterFacebook va Instagram da kuzatib boring.