Yanada inklyuziv va raqamli kelajak uchun maktablarning imkoniyatlarini kengaytirish
UNICEF hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorlikda O‘zbekistonda inklyuziv raqamli maktablar modellarini yaratish ustida ishlamoqdalar
O‘zbekistonda ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha “Ishonch 2030” loyihasi doirasida UNICEF hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorlikda O‘zbekistonda inklyuziv raqamli maktablar modellarini yaratish ustida ishlamoqdalar.
Shu maqsadda hamkor tashkilotlar tomonidan mamlakatimizdagi 50 ta pilot maktablarning direktorlari va direktor o‘rinbosarlari uchun uch kunlik intensiv seminarlar o‘tkazildilar.
Kurs inklyuziv, raqamli va bolalarga yo‘naltirilgan ta’limga bag‘ishlangan. Ushbu yondashuv har bir bola o‘quv jarayoniga jalb qilinishini ta’minlaydi. U jismoniy, ijtimoiy va ta’limdagi to’siqlarni bartaraf etuvchi inklyuziv amaliyotlarni o’zida mujassamlashtiradi, shu bilan birga, moslashuvchan, alohida shaxsga qaratilgan va imkoniyat beruvchi ta’limni ta’minlash uchun raqamli texnologiyalar tadbiq etiladi. Ushbu tamoyilning asosi shundaki, bola o‘quv jarayonining markazida turadi. Bunday yondashuv har bir o‘quvchining ehtiyojlarini qondiradigan va ularning to‘liq salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yordam beradigan xavfsiz, qiziqarli va qo‘llab-quvvatlovchi muhitni yaratadi.
"Yaxshi ta’lim berish uchun o‘zimiz doimo o‘rganishimiz kerak. Dunyo tez o‘zgarmoqda, biz ham o‘zgarib borishimiz zarur. O‘qituvchi sifatida doimo o‘sib borishimiz, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishimiz, o‘quvchilarimizni moslashuvchan, chidamli va o‘zgaruvchan kelajakka tayyor bo‘lishga tayyorlashimiz kerak," deydi Uchtepa tumanidagi 287-maktab direktori Nazokat Parmanova. "O‘qituvchilar o‘z ustida uzluksiz ishlashi talabalarning umrbod muvaffaqiyati demakdir", deb ta’kidladi u.
Seminarlarda qatnashgan maktab rahbarlari barcha o‘quvchilarning turli ehtiyojlarini qondiradigan xavfsiz, qulay va qiziqarli ta’lim muhitini yaratish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Ilg‘or tajribalardan foydalangan holda o‘quv muhitini modernizatsiya qiluvchi, Iqtisodiy jihatdan samarali maktab raqamli yechimlarini modellashtirish asosiy o‘zgarishlar jumlasiga kiradi.
Ta’lim tizimiga inklyuziv raqamli ta’lim yondashuvlari va qo‘llab-quvvatlash uskunalarini joriy etish orqali loyiha ta’lim sifatini oshirish, ta’limning yaxshi natijalarini ta’minlash va barcha talabalarni kelajakda zarur raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lishga yordam berishi kutilmoqda.
"Ta’lim jarayonini rejalashtirishni o‘quvchidan boshlash kerak. Bu trening menga mustahkam ta’lim yuqoridan pastga qarab emas, balki o‘quvchilar, oilalar va jamoalarning haqiqiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda boshlanishi kerakligini ko‘rsatdi. Biz ta’limni maqsadli qilib va muhitini tushungan holda qurishimiz kerak”, - deydi Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 3-maktab direktori Gulnora Xolmamatova.
Jamoalarga birlashib interfaol mashqlarda qatnashish orqali seminar ishtirokchilari maktablararo bir-birlarini qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli hamkasblar tarmog‘ini yaratdilar. Ushbu 50 ta maktab inklyuziv ta’lim, AKT integratsiyasi va STEM har bir bolaning sifatli ta’lim imkoniyatlaridan foydalanishini ta’minlash uchun birlashgan yangi modulli maktablarga o‘tish markazida bo‘ladi. Ayniqsa, qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish va nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yordamchi texnologiyalar va inklyuziv infratuzilmani ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
"Ushbu qo‘shma tashabbus orqali O‘zbekistondagi 50 ta maktab vakillari bo‘lgan seminar ishtirokchilari o‘zgarishlar yetakchilariga aylanmoqdalar - inklyuziv, raqamli va sifatli ta’lim muhitini shakllantirmoqdalar. Ularning maktablari o‘z hamjamiyatlarida va undan tashqarida o‘zgarishlarga ilhom beruvchi namuna bo‘lib xizmat qiladi”, dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ta’lim bo‘limi rahbari Alberto Biankoli.