Ijtimoiy xodimlar OIV bilan yashaydigan odamlarga yordam berish uchun muloqot qilish koʻnikmalari

"Odamlarning OIV nima ekanligi va bu kasallik ular oʻylagandek qoʻrqinchli emasligi haqidagi xabardorligi juda past darajada"

Niginakhon Tursunova
Мунира перед офисом ЮНИСЕФ в Узбекистане
UNICEF Uzbekistan/2022
08 Iyun 2022

“Odamlarning OIV nima ekanligi va bu kasallik ular oʻylagandek qoʻrqinchli emasligi haqidagi xabardorligi juda past darajada. Jamiyatda OIV har doim oʻlimga olib keladi, degan fikr tarqalgan, chunki biz ommaviy axborot vositalarida koʻpincha dahshatli tasvirlarni koʻramiz. Bunday maʼlumotlar OIV bilan yashayotgan odamlarga nisbatan kamsitish va stigmani (uyalish) kuchaytiradi, bu esa ularga oʻz maqomini toʻgʻri qabul qilishiga toʻsqinlik qiladi”, - Munira Mahmudova, trener.

Munira Mahmudova Ijtimoiy Hizmat boʻyicha magistr darajasiga hamda Toshkent shahridagi bolali oilalarga yordam berish boʻyicha amaliy tajribaga ega. Munira uch yildan ortiq vaqt davomida oʻz bilim va tajribasini Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalari bilan oʻrtoqlashib keladi. U ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi mutaxassislar uchun treninglar oʻtkazadi va ijtimoiy ish boʻyicha qayta tayyorlash kurslarini taklif qiladi.

Joriy yilda Munira Kolumbiya universitetining Ijtimoiy ish maktabida kurslarni tamomlagandan soʻng, UNICEF va UNAIDS homiyligida Oʻzbekistondagi OITSga qarshi kurash markazlarida psixologlar uchun treninglar oʻtkazish sharafiga muyassar boʻldi. Munira endi oʻz mijozlarini yaxshiroq qoʻllab-quvvatlash uchun muloqot qobiliyatlarini rivojlantirish, mijozlarni jalb qilish va motivatsion intervyular boʻyicha oʻz bilimlari bilan oʻrtoqlashmoqda.

Maqomni qabul qilish - bu guruhdagi odamlar bilan ishlashning eng katta muammolaridan biridir.

Oʻtgan olti oy davomida bolalarning turli psixologik-ijtimoiy muammolari bilan shugʻullanuvchi oʻn besh nafar mutaxassis uchun uchta trening oʻtkazildi. OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarning oʻziga xos ehtiyojlarini hisobga olgan holda, ular bilan ishlashga alohida e’tibor qaratiladi.

“Maqomni qabul qilish - bu guruhdagi odamlar bilan ishlashning eng katta muammolaridan biridir, chunki agar biz yopiq maqomda boʻlsak, bu ularga yordam berishni qiyinlashtiradi. Shu sababli, mutaxassis ma’lumotni yetkazish va mijozni toʻgʻri va malakali oʻzgartirishga undash uchun samarali muloqot qobiliyatiga ega boʻlishi kerak.

Treninglarda biz bunga alohida e’tibor qaratamiz va mutaxassislarga tinglash va intervyu koʻnikmalarini oʻz amaliyotiga singdirishda, xatti-harakatlarda, mijozlar bilan muloqotda va odamlarning hayotiy vaziyatlarini baholashda professionallikni namoyish etishga yordam beramiz.

Bir qancha malakali maktab psixologlari, jumladan, OITSga qarshi kurash markazlari mutaxassislari yangi bilimlarni amalda qoʻllashmoqda. Ota-onalar yoki bolalar murojaat qilganda, ular birinchi navbatda mijozning holatini baholaydilar, bu esa ishni tizimlashtirish va natijalarni qayd etishda katta yordam beradi. Psixologlar oʻz mijozlari bilan muloqot qilishda qoʻllab-quvvatlash va tushunishni ifodalashga koʻproq e’tibor berishadi, natijada ishonchli munosabatlar oʻrnatiladi hamda bolalar va ularning oilalari bilan ishlashda ijobiy natijalarga erishiladi.

Hozirgacha jami toʻqqizta trening oʻtkazildi. Har bir treningdan soʻng biz mutaxassislar orasida yangi bilim va koʻnikmalarni qoʻllash samaradorligini aniqlash uchun nazorat oʻtkazamiz. Har bir hududda yagona ish standartlari mavjud emasligi sababli, psixologik-ijtimoiy yordam koʻrsatishga turlicha yondashuvlar mavjud. Nazorat bizga murakkab ishlarni muhokama qilish, boshqa mutaxassislar bilan birgalikda yechim izlash va ishni tizimlashtirishga imkon beradi”, - deydi Munira.

Ota-onalar farzandiga OIV infeksiyasi tashhisi qoʻyilgan boʻlsa, doim uyaladilar.

Muattar Ochilova Qashqadaryo viloyati OITSga qarshi kurash markazida koʻpdan beri oʻz mahoratini mijozlar bilan amaliyotda qoʻllayotgan malakali psixologlardan biri.

“Ota-onalar farzandiga OIV infeksiyasi tashhisi qoʻyilgan boʻlsa, doim uyaladilar. Ular oʻzlariga nisbatan kamsitish va ayblovlardan qoʻrqishadi va shuning uchun shifokorga tashrif buyurishdan bosh tortishadi. Ular oʻz bolalarini boshqalar tomonidan qoʻrqitilishi va kamsitilishidan himoya qilishga harakat qilib, ularni izolyatsiya qilishadi.

Jamiyatda bilim yetishmasligi sababli OIV hukm sifatida qabul qilinadi va shuning oʻzi oilaviy hayotga zarar yetkazadi. Bolalar va ularning ota-onalari oʻzlari va yaqinlari, buzilgan munosabatlar va kelajak haqidagi orzular masalalarida qoʻrquvga chalinishadi. Ular qoʻrquv ostida va farzandlarining tashhisi oshkor boʻlishidan hayajonda yashashadi. Bunday vaziyatda malakali mutaxassis inson va uning muhiti oʻrtasida koʻprik quradigan eng muhim boʻgʻinga aylanadi. Mutaxassis OIV/OITS bilan yashovchi odamlarga, shu jumladan, bolalarga oʻz ahvolini toʻgʻri qabul qilishga, umidsizlikka tushmaslikka, chidamliligini tiklashga va mustahkamlashga yordam beradi.

Treningda men OIV/OITSga chalingan bolalar va kattalarga ta’sirchan psixologik-ijtimoiy yordam koʻrsatish muhimligi haqida bilib oldim va endi tajribam va koʻnikmalarimni yanada oshirishga intilaman, chunki bu soha doimiy rivojlanishni talab qiladi.

Ushbu treningda olingan koʻnikmalar nafaqat OIV/OITS bilan yashaydigan odamlarga, balki boshqa psixologik-ijtimoiy ehtiyojlarga ega boʻlgan odamlarga ham sifatli xizmatlar koʻrsatishga yordam beradi”, - deb ta’kidladi Muattar.