Yuz kunlik yo‘tal nima?
Ko‘kyo‘tal belgilari, unga qarshi vaksina va nima uchun ko‘kyo‘tal bolalar uchun ayniqsa xavfli ekanligi haqida nimalarni bilish kerak
Ko‘kyo‘tal tutqanoqli yo‘tal deb ham ataladi va bu nom o‘z-o‘zidan ko‘p narsani anglatadi: nafas yo‘llari infeksiyasi uzoq davom etadigan alomatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi sababli, ko‘kyo‘taldagi yo‘tal ko‘pincha "yuz kunlik yo‘tal" deb yuritiladi.
Bordetella pertussis bakteriyasi qo‘zg‘atadigan ko‘kyo‘tal juda yuqumli kasallikdir. Odatda yo‘talganda yoki aksirganda yuqadi.
Ko‘kyo‘tal belgilari, odatda, yuqtirganidan 7-10 kun o‘tgach namoyon bo‘ladi. Ko‘kyo‘talning tez-tez uchraydigan belgilari - kuchli tumov va tana haroratining biroz ko‘tarilishidir. Biroq, eng xarakterli alomat xurujsimon yo‘tal bo‘lib, u o‘ziga xos tutqanoqli tovush bilan tugaydi.
Ko‘kyo‘tal xavflimi?
Ha, ko‘kyo‘tal xavfli bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, chaqaloqlar va kichik yoshdagi bolalar uchun. Vaksinatsiya qilinmagan chaqaloq ko‘kyo‘tal bilan kasallanganda o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir asoratlarning rivojlanish ehtimoli 20 tadan 1 ni tashkil etadi.
Vaksinatsiya keng tarqalishidan oldin, ko‘kyo‘tal butun dunyo bo‘ylab chaqaloqlar va yosh bolalar o‘limining asosiy sababi edi. Har o‘nta kasallangan boladan bittasi vafot etgan, bu esa ko‘kyo‘talni qizamiq va poliomiyelitdan ko‘ra ko‘proq o‘limga sabab bo‘lganini ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda ham ko‘kyo‘taldan yiliga 150 mingdan ortiq 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar hayotdan ko’z yummoqda. Ularning aksariyati emlanmagan.
Ko‘kyo‘talning xavflaridan biri shundaki, chaqaloqlar yo‘talishga urinish o‘rniga nafas olishni butunlay to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Bu esa tutqanoq va oxir-oqibat bosh miyaning shikastlanishiga olib kelishi mumkin.
Ko‘kyo‘tal avj olishi (va uning sabablari)
Ko‘kyo‘talga qarshi 75 yillik muvaffaqiyatli emlash tufayli butun dunyoda ko‘kyo‘tal bilan kasallanishning umumiy ko‘rsatkichlari ham, undan o‘lim ham kamaydi. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha chaqaloqlarning 84 foizi difteriya, qoqshol va ko‘kyo‘talga qarshi kombinatsiyalangan vaksinaning tavsiya etilgan uchta dozasini olmoqda.
Biroq dunyoning ayrim mintaqalarida ko‘kyo‘tal bilan kasallanish ko‘rsatkichlari oshgan. Jumladan, G‘arbiy Yevropa, Avstraliya, Shimoliy Amerikaning yuqori daromadli hududlari va Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika qismida.
2024-yilda Buyuk Britaniya, AQSH, Yevropa mamlakatlari va boshqa mintaqalarda ko‘kyo‘talning avj olishi va kasallanganlar umumiy sonining ko‘payishi kuzatilmoqda. Ko‘kyo‘taldan o‘lim holatlari davom etmoqda, ayniqsa emizikli bolalar orasida.
Bunday o‘choqlarning paydo bo‘lish sabablaridan biri aholining to‘liq emlanmaganligidir.
Nima uchun ko‘kyo‘talga qarshi vaksina eng yaxshi himoya hisoblanadi?
Yuqtirgandan so‘ng, ko‘kyo‘talni eng samarali davolash uchun infeksiyani keltirib chiqaradigan bakteriyalarni yo‘q qiladigan antibiotiklar qo‘llaniladi. Ammo antibiotiklar yordamida har doim ham kasallik alomatlarini yumshatishning iloji bo‘lavermaydi. Bundan tashqari, ko‘kyo‘tal bilan kasallanganlar uch hafta davomida infeksiya tashuvchisi bo‘lib qoladi. Bu esa infeksiyaning yanada tarqalishi uchun ko‘p vaqt va imkoniyatlar mavjudligini anglatadi.
Shuning uchun ko‘kyo‘taldan himoyalanishning eng yaxshi vositasi emlashdir. Ko‘kyo‘talga qarshi yuqori samarali vaksina birinchi marta 75 yil oldin ishlab chiqilgan. 1940-yillarda uni bo‘g‘ma va qoqshol kasalliklarini qo‘zg‘atuvchi inaktivlangan bakteriyalar bilan qo‘shib, DSK vaksinasi yaratilgan.
Yuqori samarali va xavfsiz AKDS vaksinasi ko‘kyo‘tal infeksiyasidan 98 foiz himoya qiladi. Hozirgi vaqtda kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, AKDS vaksinasi har yili 13 millionga yaqin odamni ko‘kyo‘tal sabab bo’luvchi o‘limdan saqlab qolmoqda.
Bolalar hayotini saqlab qolish uchun vaksinalarni qo‘llashning tezkor va uzoq muddatli natijalari juda yuqori bo‘ldi. Butun dunyoda DSK vaksinasi qo‘llanila boshlangandan so‘ng, 1970-yilga kelib ko‘kyo‘taldan o‘lim 157 baravar kamaydi. Masalan, ilgari Niderlandiyada 20 yoshgacha bo‘lganlarning deyarli har 25-o‘limi ko‘kyo‘tal tufayli sodir bo‘lgan. 1954-yilda vaksina ommaviy ravishda qo‘llanila boshlanganidan so‘ng, ko‘kyo‘tal 5000 kishidan faqat bir nafarining o‘limiga sabab bo‘lmoqda.
Ko‘plab keng ko‘lamli tadqiqotlar AKDS vaksinasi autizm, immunitet tizimining buzilishi yoki bolaning rivojlanishida muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida hech qanday dalillarni aniqlamadi.