«Musaffo osmon yagona orzuimiz edi!»

Iroqdan qaytib kelgan Jamila va uning ukalari haqidagi hikoya

UNICEF Uzbekistan
Дети в домашней обстановке играют и читают книгу.
UNICEF Uzbekistan/2020
14 Dekabr 2020

(Shaxsni himoya qilish uchun ismlar o'zgartirilgan)

«Mening ismim Jamila. Men 9 yoshdaman. Iroqda bo'lgan vaqtimda kattalar umri davomida ko'rmagan narsalarni ko'rdim. Men urush, bomba, minalar, portlashlar va hatto o'limni ko'rdim ...

Otam vafot etdi. Mening uchta aka-ukam va onam bor. Iroqda vertolyotlar katta akam Nodirni o'rab olib, uning oldida portlash sodir bo'lganidan so'ng kuchli shok holatiga tushib qolgan. O'sha hodisadan beri uning ko'rish qobiliyati yomonlashdi, talvasalar boshlanib, u rivojlanishdan orqada qola boshladi va gapirmay qo’ydi. 

Urushning dahshatli kunlaridan birida politsiya onamni olib ketdi va biz ularning orqasidan bordik. Biz panjara ortidagi qorong'i joyda bol’sak-da, u er ko'chadan ko'ra tinchroq edi. Bir oz vaqt o'tgach, bizni onamdan ajratib, O'zbekistonga, buvim va tog’amning uyiga jo'natishdi. Onam esa Iroqda qoldi.

Biz O'zbekistonga qaytib kelganimizda ko’chaga chiqishga qo’rqar edik, hatto hovlidagi hojatxonaga borishga ham. Biz odamlardan qo'rqib, hech bilan gaplashmasdik.

Tog’am bizni farzandlaridek ko’rib, o’z bolalaridan hech ajratmadi. U bizni erkalatar edi, menga, qo'g'irchoqlar olib berdi, oilaga tezda ko'nikishimiz va qo'rqmasligimiz uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratdi. U buni uddaladi. Men va ukalarim endi tog’amni dada deb chaqiryapmiz.

Hozirda men maktabga boryapman. Menga rus, ingliz va o'zbek tillarini o’rganish juda yoqadi. Men kitob o'qishni va opa-singillarim bilan o'ynashni yaxshi ko'raman.

Ukalarim bog'chaga borishadi. Nodir esa  maxsus maktabga joylashtirildi, chunki 12 yosh bo'lsa ham yozish va o'qishni bilmas va gapira olmas edi. Biroq u rasm chizishni juda yaxshi ko'radi. Nodirning ko’zining g’ilayligini tuzatishgach, uni ko'zi ojiz bolalar maktabiga joylashtirishdi. Ushbu maktabda psixologlar va logopedlar akamni davolashdi, u gapira boshladi va ancha faollashdi. Afsuski, uning internati uyumizdan yiroqda, shuning uchun u biz bilan xayrlashish vaqti kelganida doim yig'laydi. 

Iroqda juda yolg'iz va xavf ostida edik. Biz yerdan oziq-ovqat topib, uni ist'emol  qilishdan oldin albatta hidlab ko’rar edik. Bu odatimiz endi yo'qolib ketdi. Nima berilsa, uni bemalol yeymiz. Bizga bu yer juda yoqadi. Endi ko'chaga chiqishdan qo'rqmaymiz va qo'shnilarimizning bolalari bilan o'ynashni yaxshi ko'ramiz. Men ularga har doim urushsiz hayot naqadar ajoyib ekanligini aytaman.

Tunda dahshatli tush ko’rishlarim tugadi va men o'tmishni eslashni istamayman. Tinch osmon ostida va mehribon qarindoshlarimiz og’ushida yangi hayotimiz boshlandi. Men akamni davolash uchun shifokor bo'lishni orzu qilaman. Nodir esa mashina sotib olishni va meni himoya qilish uchun politsiyachi bo'lishni orzu qiladi».


UNICEF loyihasidagi hamkorlar Nodirga ko'zlarini bepul operatsiya qilishda yordam berishdi, bolalarni maktab va bolalar bog'chasiga bepul joylashtirib, tog’asiga bolalarga vasiyligini rasmiylashtirib, ular uchun nafaqa olishiga yordam berishdi. 

Ijtimoiy ishchilar unga Nodir bilan ko'proq vaqt o'tkazishni maslahat berishdi. Bu juda muhim, chunki hozirgi paytda reabilitatsiya jarayoni imkon qadar qulay o'tishi uchun bolaga oila va do'stlarning mehri va g'amxo'rligi zarur. Mutaxassislar bola logoped bilan qo'shimcha mashg'ulotlar olishini taklif qilishdi hamda u o’zini "boshqacha" deb his qilmasligi uchun uyi yaqinidagi oddiy maktabga o'tkazishni maslahat berishdi.

Afsuski, bolalarning onasi Iroqdagi qamoqda qoldi. U vaqti-vaqti bilan endi uni xola deb chaqirayotgan bolalari bilan muloqot qilib turadi.

Ushbu hikoya BMTning COVID-19 ga javob berish va tiklash bo'yicha ko'p sherikli trast fondi va UNICEF tomonidan moliyalashtirilgan "Qurolli mojaro zonalaridan qaytgan bolalarni, muhojirlarning farzandlarini va COVID-19dan keyin ixtisoslashgan o’quv-tarbiya muassasalarini (yopiq turdagi) tark etayotgan bolalarni qo'llab-quvvatlash va ularni oilalari va hamjamiyatlariga qayta kiritish" loyihasi doirasida yozilgan.