UNICEF: Yevropa va Markaziy Osiyodagi bolalarning uchdan ikki qismi uyda zo‘ravonlik bilan tarbiyalanadi, uchdan bir qismi esa jismoniy jazoga tortiladi
UNICEF hukumatlarni bolalarga nisbatan zo'ravonlikning barcha shakllariga barham berish bo’yicha majburiyatlarini amaliy harakatlarga aylantirishga chaqiradi
JENEVA, 2025 yil 13 oktabr - Mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari va hududlaridagi deyarli har uchinchi bola uyda jismoniy jazoni boshdan kechiradi, bolalarning deyarli uchdan ikki qismi ruhiy agressiyaga yuz tutadi. UNICEF tomonidan bugun e’lon qilingan yangi hisobotga ko‘ra, bular bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning eng keng tarqalgan shakllaridir.
Bolalarga nisbatan Yevropa va Markaziy Osiyoda zo‘ravonlikka barham berish mavzusidagi hisobotning xulosalariga ko‘ra, mintaqada bolalarning 30 foizdan ortig‘iga urish, chimchilash va do‘pposlash kabi jismoniy jazo qo‘llaniladi. Ma’lumotlar mavjud bo‘lgan 15 mamlakat va hududlardagi bolalarning 69 foizigacha bo‘lgan qismi ruhiy agressiya, jumladan tahdid, kamsitish va og‘zaki haqoratdan aziyat chekadi.
“Zo‘ravonlik Yevropa va Markaziy Osiyodagi haddan tashqari ko‘p bolalarning hayotiga ta’sir qiladi, ko‘pincha bu ularni himoyalashi va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi kerak bo‘lganlar tomonidan qilinadi”, dedi UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominichis. "Barcha sharoitlarda jismoniy jazoning barcha shakllarini taqiqlash muhim qadam bo‘lsa-da, hukumatlar bu bilan cheklanmasdan ota-onalarga bu borada ta’lim berishga, zo‘ravonlikning oldini oladigan va zo‘ravonlik sodir bo‘lganda unga javob beradigan kuchli himoya tizimlari va xizmatlarga sarmoya kiritishlari zarur".
Ma’lumotlarga ko‘ra, ota-onalarning 90 foizdan ortig‘i jismoniy jazo va ruhiy agressiyaga hojat yo‘q deb hisoblaydi, biroq ko‘p ota-onalar hali ham shunday tarbiya usullarini qo‘llaydi. Bu ko‘pincha ular o‘z his-tuyg‘ularini nazorat qila olmasligi va zo‘ravonlik bilan tarbiyalash usullarining bolalarning rivojlanishi va xulq-atvoriga uzoq muddatli zararli ta’sirini bilmaganligi sababli sodir bo‘ladi.
Jismoniy yoki psixologik zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan bolalar ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekadi, maktabda qiyinchiliklarga duch keladi hamda tajovuzkor xatti-harakatlarni namoyon qiladi. Mazkur oqibatlar balog‘at yoshiga ham davom etishi mumkin, bu esa kelajakda oilalar va jamoalarda zo‘ravonlik ehtimolini oshiradi va oldini olish mumkin bo‘lgan avlodlararo zo‘ravonlikning ayovsiz aylanishini davom ettiradi.
Hozirda mintaqadagi 55 mamlakat va hududlarning 38 tasida jismoniy jazo barcha sharoitlarda, jumladan uyda taqiqlangan, biroq qonunchilik ota-onalar va bolalarga g‘amxo‘rlik qiluvchilarga ko‘mak berishi, xususan, ota-onalarni o‘qitish dasturlari va oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatlari orqali ularga yordam berishi kerak.
Hisobotda, shuningdek, jinsiy zo‘ravonlik va maktabda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning tarqalishi tahlil qilinadi:
· Yevropa Ittifoqining 19 ta davlatidagi ayollarning 1 dan 14 foizigacha bo‘lgan qismi 15 yoshdan oldin jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lganliklari haqida xabar berishadi, ammo haqiqiy ko‘rsatkichlar ehtimol bundan yuqori bo‘lishi mumkin.
· Mintaqadagi bolalarning o‘rtacha 11 foizi maktabda zo‘ravonlikka uchraganini, 15 foizi kiber zo‘ravonlikka uchraganini, 10 foizi esa jismoniy janjallarda qatnashganini qayd etgan.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning global zarari yiliga 7 trillion AQSh dollarini tashkil etadi, bu global yalpi ichki mahsulotning taxminan 8 foizini tashkil qiladi.
Zo‘ravonlikdan omon qolgan bolalarga ko‘p tarmoqli, moslashtirilgan yordam bilan ta’minlaydigan Barnaxus modeli kabi istiqbolli modellar muvofiqlashtirilgan xizmatlar bolalarga zo‘ravonlikni yengish va adolatga erishishda qanday yordam berishini namoyish etadi.
Shuningdek bugun UNICEF e’lon qilgan yangi tahliliy hujjatda taraqqiyotni tezlashtirish uchun oltita tavsiya bayon qilinadi:
• Barcha sharoitlarda jismoniy jazoning barcha shakllarini taqiqlash.
• Ijobiy tartib-intizomni targ‘ib qiluvchi ota-onalarni tarbiyalash dasturlari va oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatlariga sarmoya kiritish.
• Bolalarning manfaatlarini e’tiborga oladigan adolatli sudlov va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.
• Tengdoshlar va o‘qituvchilar zo‘ravonligidan holi bo‘lgan xavfsiz va inklyuziv ta’lim muhitini joriy etishni kengaytirish.
• Zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ma’lumotlar to‘plash va progressni baholash uchun axborot yig‘ish va monitoringga ustuvor ahamiyat berish.
• Hech bir bola, jumladan, nogironligi bo‘lgan bolalar, tranzit jarayonida yoki vasiylikda bo‘lgan bolalar e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlash.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyaga muvofiq qonuniy majburiyat va 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibiga muvofiq global majburiyatdir. Biroq, mintaqa bu maqsadga erishish yo‘lida progress kuzatilmayapti.
###
OAV uchun kontaktlar:
Georgina Diallo
UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vakolatxonasi
Tel: +41 76 320 68 14
El. pochta: [email protected]
OAV uchun mas'ul xodimlar
UNICEF to'g'risida
UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.
UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.
UNICEF faoliyatini Twitter, Facebook va Instagram da kuzatib boring.