Zoʻravonlik qurboni boʻlgan qiz hikoyasi

Yasminaning hikoyasi

UNICEF
UNICEF
UNICEF
24 Noyabr 2023

(Shaxsni himoyalash maqsadida ismlar oʻzgartirilgan)

Oʻn toʻrt yoshli Yasmina xolasinikidan uyiga qaytayotganda, koʻchada ketayotgan mashinalardan birini toʻxtatadi. Mashina ichida ikki erkak va bir yoʻlovchi qiz boʻlib, ular Yasminani aytgan joyiga olib borib qoʻyishga rozi boʻlishadi. Mashinada oʻzi yakka ayol boʻlmagani sababli qahramonimiz oʻzini xavfsizlikda his etadi.

Kutilmaganda yoʻlovchi qiz mashinadan tushib qoladi va haydovchi yoʻlida davom etadi. Koʻnglini qoʻrquv bosgan Yasmina mashinani toʻxtatishni soʻraydi. Ular qizga quloq solishmaydi va uni qurilish maydoniga oʻxshagan qorongʻi, boʻsh va chang bosgan bir joyga olib kelishadi. Haydovchi mashinani tuzatishi zarurligini aytadi va doʻstidan tashqarida Yasmina bilan kutib turishni soʻraydi.

“Uning ismi Bahrom edi.  U menga gazli ichimlik taklif qildi. Uni ichganimdan koʻp oʻtmay qattiq uyquga ketdim. Shundan keyin nima boʻlganini eslay olmayman, ammo uygʻonganimda tanamda ogʻriq sezdim, yon-atrofim qon edi. Bundan dahshatga tushdim. Uyga qanday qaytish va oila aʼzolarimning koʻziga qanday qarashni bilmas edim”.

 

Bahrom Yasminaga uning behush yotgan paytida olingan suratlarini koʻrsatib, ularni oshkor etish  bilan tahdid qilib, pul talab qila boshlaydi. Keyin u qizni oʻz xonasida qulflab, qamab qo’yadi. Qizi yoʻqolib qolganidan xavotirga tushgan otasi ichki ishlar organlariga murojaat qiladi.  Yasmina oʻn kundan soʻng topiladi.  Lekin uning azob-uqubatlari bu bilan tugamaydi.

“Tergov va sud davomida meni koʻp marotaba soʻroq qilishdi. Boʻlib oʻtgan voqealarda goʻyoki meni aybdor deb bilgandek, hamma men bilan qoʻpol munosabatda boʻlardi”. 

Yasmina eshigi ochiq turgan kichkina xonada hech qanday maxfiylik taʼminlanmagan sharoitda, oʻzining ikki advokati bilan oʻtirgan Bahromning qarshisida savolga tutilardi.

“Uning qarshisida oʻtirib savollarga javob berish menga juda noqulay edi. Oxirgi bir yil davomida men 20 dan ziyod sud majlisida qatnashdim va har bir majlisdan keyin ruhiy tiklanishim uchun kamida bir hafta kerak boʻldi”.

Mutaxassislar bolalar uchun doʻstona munosabat va savol-javob uslubini Yasminaga nisbatan qoʻllashmadi. Advokatlar Yasminaning his-tuygʻulari bilan hisoblashmagan holda unga doimo bosim oʻtkazishga urinishdi. 

 “Oʻsha paytlarda yonimda oʻzim ishonadigan va meni tinchlantiradigan inson boʻlishini rosa istar edim. Ammo buning oʻrniga mening gaplarimga tinimsiz aralashib, jarayonni choʻzib, vaziyatni battar chigallashtirgan oʻqituvchi oʻtirib olardi. Bu azob hech qachon tugamaydigandek edi”. 

 

____________________________________________________________________________

“Istiqbolli avlod” nodavlat tashkilotining advokatlari Yasminaga ruhiy va yuridik yordam koʻrsatib kelishdi.  Bir yil davom etgan sud majlislaridan soʻng Yasmina yutdi va  jinoyatchiga 2,5 yillik qamoq jazosi berildi. Yomon kunlar ortda qoldi va hozirda Yasmina universitetga oʻqishga kirishga tayyorlanib, boʻsh paytida gulchilik bilan shugʻullanmoqda.

Xalqaro standartlarga binoan, sud-huquq tizimlari bolalarga yoʻnaltirilgan boʻlishi zarur. Ular savol-javobda qatnashayotgan jinoyat qurbonlari va guvohlari boʻlgan bolalarning yoshi, yetuklik darajasi, ehtiyojlari va zaif tomonlarini hisobga olishlari kerak. Maxsus yondashuv va shart-sharoitlar bolalarga sud-huquq tizimida duch keladigan muammolarni bartaraf etishlarida yordam beradi.

UNICEF O‘zbekiston hukumatiga jinoyat qurbonlari va guvohlari boʻlgan bolalar uchun jinoyatchi bilan yuzma-yuz kelmaydigan va bola uchun do‘stona muhitda savol-javob qilish imkoniyatini beruvchi maxsus suhbat xonalarini tashkil etishda yordam berdi. Xonalar bolaning koʻrsatmalarini audio va videoga yozib olishga imkon beruvchi maxsus jihozlar bilan ta’minlangan boʻlib, bu bolalarni takroriy savol-javobdan himoya qilishda yordam berishi mumkin. Ayni paytda mamlakatimiz bo‘ylab viloyat va tuman ichki ishlar boshqarmalarida bolalar uchun mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan suhbat xonalari mavjud.

UNICEF bolalarga yo‘naltirilgan sud-huquq tizimlarini yaratishni dunyo miqyosida targ‘ib qiladi va O‘zbekistonda tegishli qonunlar va qoidalarni mustahkamlashda hamda ichki ishlar, sud tizimi va ijtimoiy xodimlar salohiyatini oshirish orqali sud jarayonlarini bolalar uchun qulayroq qilishda hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi.