Yangi tug‘ilgan chaqaloqni qanchalik tez-tez oziqlantirish kerak?

Yangi tug‘ilgan chaqaloqni oziqlantirish ko‘plab savollarni keltirib chiqarishi mumkin

UNICEF
UNICEF
UNICEF
21 Iyul 2026

Yangi tug‘ilgan chaqaloqni oziqlantirish ko‘plab savollarni keltirib chiqarishi mumkin. Ularning eng ko‘p uchraydiganlaridan biri: bolani qanchalik tez-tez oziqlantirish kerak?

Laktatsiya bo‘yicha mutaxassislar va tadqiqotchilar bu savolga juda oddiy javob beradilar: yangi tug‘ilgan chaqaloqni u ochlik belgilarini namoyon qilgan har safar oziqlantirish kerak. Odatda bu kunduzi ham, tunda ham kamida har ikki-uch soatda bir marta bo‘ladi.

Bu yondashuv "bolaning ehtiyojlariga mos oziqlantirish" yoki "talabga ko‘ra oziqlantirish" deb ataladi. Bunday usul nafaqat chaqaloqni zarur oziqa va suyuqlik bilan ta’minlaydi, balki ko‘krak suti bilan oziqlantirishni uzoq muddat davom ettirish uchun ham eng samarali yo‘l hisoblanadi.

Oziqlantirishlar orasidagi vaqtni sun’iy ravishda uzaytirishga urinish, qat’iy jadval asosida oziqlantirish yoki tungi oziqlantirishlarni qisqartirish chaqaloqning vazni yetarli darajada ortmasligiga, ona suti miqdorining kamayishiga yoki ko‘krak suti bilan oziqlantirishning erta to‘xtashiga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sun’iy aralashmalar bilan oziqlanadigan bolalarni ham soat bo‘yicha emas, balki ochlik belgilariga qarab oziqlantirish muhimdir.

“Yale” universitetining jamoat salomatligi professori va chaqaloqlar ovqatlanishi bo‘yicha yetakchi tadqiqotchilardan biri Rafael Peres-Eskamillaning ta’kidlashicha, inson bolalari dunyoga juda yetilmagan holda keladi va ular asta-sekin ochlik hamda noqulaylik signallarini farqlashni o‘rganadilar.

Bu ko‘nikma bolaning kelajakdagi hayoti uchun ham muhimdir, chunki aynan shu orqali u o‘zining ovqatlanish ehtiyojlarini mustaqil boshqarishni va qachon och, qachon esa to‘q ekanligini anglashni o‘rganadi.

Biroq bolani uning ehtiyojlariga mos ravishda tez-tez oziqlantirish yetarli qo‘llab-quvvatlov bo‘lmagan sharoitda murakkab vazifa bo‘lishi mumkin. Shu sababli UNICEF hukumatlar, jamiyat va sog‘liqni saqlash tizimlarini ko‘krak suti bilan oziqlantirishni davom ettirishni istagan ayollarni yanada faolroq qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi.

Bunday qo‘llab-quvvatlash ko‘krak suti bilan oziqlantirish dasturlariga investitsiyalarni ko‘paytirish, haq to‘lanadigan tug‘ruq ta’tilini taqdim etish, oziqlantirish uchun tanaffuslar yaratish va tibbiy xizmatlar doirasida laktatsiya bo‘yicha maslahatlar berishni o‘z ichiga olishi mumkin.

Nima uchun yangi tug‘ilgan chaqaloqlar tez-tez ovqatlanadi?

Ham ona suti, ham zamonaviy sut aralashmalari nisbatan tez hazm bo‘ladi. Bundan tashqari, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning oshqozoni juda kichik bo‘lib, bir vaqtning o‘zida taxminan 20 millilitr, ya’ni to‘rt choy qoshiqcha suyuqlikni sig‘dira oladi. Shu sababli ular tez-tez ovqatlanishga ehtiyoj sezadilar.

Ayrim tadqiqotchilar chaqaloq fiziologiyasidan kelib chiqib, yangi tug‘ilgan bolalarni hatto har soatda oziqlantirish zarur bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidlaydilar.

Shu bilan birga, juda kam sonli chaqaloqlar muntazam va bir xil oraliqlarda ovqatlanadi. Bola bir marta ovqatlanib, keyingi uch soat davomida hech narsa istamasligi, keyin esa bir soat ichida bir necha marta ovqatlanishi mumkin. Mutaxassislar buni mutlaqo normal holat deb hisoblaydilar.

Ko‘krak suti bilan oziqlantirilayotgan chaqaloqlarni nega tez-tez oziqlantirish kerak?

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish "talab va taklif" tamoyili asosida ishlaydi. Bola ko‘krakni emganida organizmda prolaktin gormoni ishlab chiqarilishi kuchayadi va bu keyingi oziqlantirishlar uchun yangi sut ishlab chiqarishga signal beradi.

Qizig‘i shundaki, prolaktin darajasi oziqlantirish boshlanganidan taxminan 30 daqiqa o‘tib eng yuqori nuqtaga yetadi. Bu esa organizm ayni paytdagi emas, balki keyingi oziqlantirish uchun tayyorgarlik ko‘rayotganini anglatadi.

Prolaktin darajasi faqat bola ko‘krakni emganda oshadi. Oziqlantirish to‘xtatilgach, uning miqdori yana pasayadi.

Bu jarayon tug‘ilgan ilk kunlardanoq boshlanadi. Tug‘ruqdan keyingi dastlabki uch-to‘rt kun davomida bolaning tez-tez ko‘krakka qo‘yilishi ona sutining shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.

Mutaxassislarning fikricha, dastlabki haftalarda ko‘krakni qanchalik tez-tez bo‘shatish amalga oshirilsa, uzoq muddatli sut ishlab chiqarish mexanizmlari shunchalik yaxshi shakllanadi.

Ayrim tadqiqotchilar olti-sakkiz haftadan keyin ayrim onalarda sut miqdori kamayib ketishini aynan dastlabki haftalarda oziqlantirishning yetarlicha tez-tez bo‘lmagani bilan bog‘laydilar.

Tunda ham oziqlantirish kerakmi?

Ha. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tunda ko‘krak suti ishlab chiqarilishini rag‘batlantiruvchi prolaktin gormoni ko‘proq ishlab chiqariladi.

Shu sababli olti oylikkacha bo‘lgan chaqaloqlarning tun bo‘yi uyg‘onmasdan uxlashiga qaratilgan usullar ko‘krak suti bilan oziqlantirishning erta to‘xtash xavfini oshirishi mumkin.

Olti oylikdan keyin bolaga qo‘shimcha ovqatlar berish tavsiya etiladi, biroq bu tungi oziqlantirishlarni to‘xtatish kerak degani emas. Ko‘plab qo‘shimcha ovqatlar energiya va oziq moddalar miqdori bo‘yicha ona sutidan kamroq bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, kun davomida onadan uzoqda bo‘ladigan ayrim chaqaloqlar kechasi ko‘proq ovqatlanish orqali o‘tkazib yuborilgan vaqtni "qoplashga" harakat qiladilar.

Oziqlantirishlar orasidagi vaqtni ataylab uzaytirish kerakmi?

Yo‘q. Agar chaqaloqning vazni yaxshi ortayotgan bo‘lsa va boshqa sog‘liq muammolari kuzatilmasa, oziqlantirishlar orasidagi vaqtni sun’iy ravishda uzaytirishga ehtiyoj yo‘q.

Ko‘krak "to‘lib olishi" uchun uzoq kutish kerakligi, shunda sut yog‘liroq bo‘lishi yoki bola yaxshiroq to‘yishi haqidagi qarashlar ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan.

Ko‘krak hech qachon to‘liq bo‘shab qolmaydi. Sut ishlab chiqarilishi uzluksiz davom etadigan jarayondir.

Bundan tashqari, ko‘krak qanchalik tez-tez bo‘shatilsa, organizm shunchalik ko‘p sut ishlab chiqarishga signal oladi. Aksincha, ko‘krak kamroq bo‘shatilsa, organizm sutga ehtiyoj kamaygan deb hisoblaydi va ishlab chiqarishni qisqartiradi.

Yangi tug‘ilgan chaqaloq qancha vaqt davomida oziqlanishi kerak?

Barcha bolalar bir-biridan farq qiladi. Hatto yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ham tana tuzilishi, vazni, metabolizmi va oziqlanish ehtiyojlari turlicha bo‘ladi.

Shu sababli ayrim bolalar qisqa vaqt ichida yetarli miqdorda sut olishi mumkin bo‘lsa, boshqalarga ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi.

Tez-tez yoki uzoq davom etadigan oziqlantirish bolaning yetarli sut olmayotganini anglatmaydi.

Xuddi shuningdek, bolani albatta 20 yoki 30 daqiqa davomida ko‘krakka tutish kerak degan fikr ham to‘g‘ri emas. Bola to‘yganini bilishning eng yaxshi usuli uning to‘qlik belgilarini kuzatishdir.

Xo‘sh, yangi tug‘ilgan chaqaloqni qanchalik tez-tez oziqlantirish kerak?

Bolalarning individual xususiyatlari va ochlik signallari turlicha bo‘lgani sababli aniq bir raqamni aytish qiyin.

Dastlabki davrda chaqaloq kuniga o‘n ikki martagacha oziqlanishi mutlaqo normal hisoblanadi. Vaqt o‘tishi bilan bu ko‘rsatkich kuniga yetti martagacha kamayishi mumkin. Qo‘shimcha ovqatlar joriy etilgach esa oziqlantirishlar soni odatda yanada qisqaradi.

Biroq ayrim bolalar bundan ko‘proq, ayrimlari esa kamroq oziqlanishi mumkin.

Shuningdek, barcha chaqaloqlarda "klaster oziqlantirish" deb ataladigan davrlar kuzatiladi. Bu paytda ular odatdagidan ancha tez-tez, ba'zan esa bir necha daqiqalik oraliqlar bilan oziqlanishi mumkin. Odatda bu o‘sish sur'atining keskin oshishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Shu sababli eng muhim tavsiya — bolangizning signallariga quloq tutishdir.

Agar juda tez-tez oziqlanish bilan birga ko‘krak uchlarida og‘riq, ko‘krakning qattiqlashishi yoki boshqa noqulayliklar kuzatilsa, laktatsiya bo‘yicha mutaxassis bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.

Ayrim yangi tug‘ilgan chaqaloqlar esa juda uyquchan bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda bolaning kamida har ikki-uch soatda oziqlanishini ta’minlash, shuningdek tagliklar soni va vazn ortishini kuzatib borish muhimdir.

Dastlabki kunlar yoki haftalardan keyin, agar vazn me'yorida ortayotgan bo‘lsa va bola kechasi har ikki-uch soatda uyg‘onmasa, uni uyg‘otib oziqlantirish zarurati bo‘lmasligi mumkin. Biroq bu masalada albatta bolangizni kuzatayotgan shifokor bilan maslahatlashing.

Har qanday holatda ham bolaning o‘sishi va rivojlanishi malakali tibbiyot xodimlari tomonidan muntazam nazorat qilinishi lozim.

Agar bolangizning oziqlanishi bilan bog‘liq har qanday savol yoki xavotir mavjud bo‘lsa, laktatsiya bo‘yicha mutaxassisga murojaat qiling.