Ruhiy salomatlik haqidagi suhbatni boshlash: 14-18 yosh

Butun umrga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan hissiy, xulq-atvor va salomatlik borasidagi xavflarga qarshi qanday kurashish kerak

UNICEF
UNICEF
UNICEF
26 Fevral 2025

Bu davrda o‘smirda o‘ziga xos xarakter xususiyatlari shakllanadi va u ko‘proq mustaqillik hamda mas’uliyatga intiladi.

O‘smirlar ijtimoiy tarmoqlar va mobil telefonlar orqali boshqalar bilan tez-tez muloqot qilishadi. Natijada ular oilasi bilan kamroq vaqt o‘tkazib, do‘stlariga ko‘proq vaqt ajratishi mumkin, bu ham onlayn, ham uydan tashqarida bo‘lishi mumkin.

Bu davr qizlar uchun ham, o‘g‘il bolalar uchun ham jismoniy o‘zgarishlar davridir.

O‘smirlar quyidagilarni boshdan kechirishlari mumkin:

• O‘z tanasining o‘lchami, shakli yoki vazni haqida tashvishlanishga olib keladigan jismoniy o‘zgarishlar.

• Ovqatlanish bilan bog‘liq muammolar yoki xavotirlar.

• Kuchaygan injiqlik va ijtimoiy xavotirlanish.

• O‘zini past baholash yoki boshqa muammolarga olib kelishi mumkin bo‘lgan tushkunlik yoki depressiya.
 

Shunchaki qayg’udan ko’ra ko’proq

• O‘smirlik davrida ruhiy salomatlikning yomonlashuvi salomatlik va xulq-atvor uchun boshqa xavflar, jumladan, alkogol yoki giyohvand moddalarni iste’mol qilish, tajovuzkor xulq-atvor va xavfli jinsiy aloqa bilan birga kelishi mumkin.

• Sog‘lom xulq-atvor va odatlarning ko‘plab namunalari o‘smirlikdan kattalar hayotiga o‘tganligi sababli, o‘smirlarning farovonligiga yordam beradigan sog‘lom odatlarni tanlashda ularga ko‘maklashish juda muhimdir.
 

"Ahvoling qalay?"

Ehtimol, siz farzandingiz bilan yaxshi munosabatda bo‘larsiz yoki aksincha, qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin. Hozirgi munosabatlaringiz qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, mehr va qo‘llab-quvvatlash orqali unga har qanday qiyin damlarda yordam berishga tayyor ekaningizni ko‘rsatish muhimdir.
 

Suhbatni qanday boshlash kerak

• Farzandingizdan kuni qanday o‘tganini so‘rang - suhbat uchun sabab yaratishga harakat qiling, masalan, birga kechki ovqat tayyorlang.

• Uning his-tuyg‘ularini tushunish uchun ochiq, aniqlashtiruvchi savollar bering. Masalan: "Iltimos, ... deganda nimani nazarda tutayotganingni tushuntirib ber" yoki "Agar ... bo‘lsa, nima his qilgan bo‘larding deb o‘ylaysan?"

• Uning fikrini so‘rang va o‘z fikringiz bilan o‘rtoqlashing. Bu bir-biringizni yaxshiroq tushunishga imkon beradi.
 

O‘ziga zarar yetkazish

Agar o‘ziga zarar yetkazish muammoga aylanishi mumkinligidan xavotirda bo‘lsangiz, ehtiyotkorlik bilan bu mavzuni ko‘tarib ko‘ring va o‘smir farzandingizda bu to’g’risida hech fikr bo‘lgan-bo‘lmaganligini aniqlashga harakat qiling.

Siz boshqalar haqida so‘rash bilan boshlashingiz mumkin, masalan: "Sening yoshingdagi ba’zi odamlar o‘zlariga zarar yetkazishadi, bunday odamlar haqida do‘stlaringdan eshitganmisan?"

Uni doim yonida ekaningizga ishontiring, masalan: "Sen men bilan har doim istalgan narsa haqida gaplashishing mumkinligini bilasan." Bu unga sizga murojaat qilishi mumkinligiga va siz unga yordam berishni xohlayotganingizga ishonch beradi.
 

Nima qilish kerak

• Yaxshilikni yomonlik bilan birga tan oling va bolani uning yutuqlari uchun, ular kichik bo‘lsa ham maqtang. Rivojlanishning ushbu bosqichi ijodkorlik va shaxsiy o‘sish uchun ham vaqtdir - farzandingizga misollar keltiring.

• Dunyo farzandingizga oldindan aytib bo‘lmaydigan bo‘lib tuyuladi va u vaziyatni bor kuchi bilan nazorat qilishga urinishi mumkin. Unga buni tushunishingizni va bu normal ekanligini ayting.

• Uning ijtimoiy faolligi va ijtimoiy tarmoqlardagi odatlarini tekshiring. U bilan internetda o‘tkazadigan vaqti va internetdagi bezorilik hamda tahqirlashlardan qanday himoyalanishi haqida suhbatlashing. Agar u noxush vaziyatga tushib qolsa yoki internetda xatoga yo‘l qo‘ysa, siz doimo yonida bo‘lishingizni va nima bo‘lishidan qat’iy nazar unga yordam berishingizni aytib, ishontiring.

• O‘z his-tuyg‘ularingizda ochiq bo‘ling. Farzandingizga stressni qanday yengishingizni ko‘rsatib, siz unga o‘rnak bo‘lishingiz mumkin. Uning yoshida muammolar bilan qanday kurashganingiz haqida so‘zlab bering.
 

Nima qilish mumkin emas

• Suhbatda yetakchi mavqeni egallab, bolaga nima qilish kerakligini aytish. Buning o‘rniga, qanday yordam bera olishingizni so‘rang va yechim ustida birgalikda ishlang.

• G‘azablanganingizda suhbatlashish. Chetroqqa chiqing, chuqur nafas oling va tinchlanishga harakat qiling - suhbatni keyinroq davom ettirishingiz mumkin.

• Boshqaruv uchun kurashda qatnashish. Bahslashish o‘rniga, farzandingiz xafa bo‘lganda unga hamdardlik bildrishga harakat qiling.
 

Yodda tuting: bularning barchasi o‘zaro bog‘liq

O‘smirlar ancha chidamli bo’lib, qiyin sinovlar ularning mustaqil hamda yetuk inson bo‘lishlari  jarayonining bir qismidir.

O‘smirga maktab, oila va do‘stlar bilan bog‘liqlikni his qilishga yordam berish orqali siz uning ruhiy salomatligini mustahkamlaysiz va giyohvand moddalarni iste’mol qilish hamda zo‘ravonlik kabi bir qator salbiy illatlarning oldini olasiz.

Farzandingizni qo‘llab-quvvatlash, ruhlantirish va u bilan suhbatlashish uchun vaqt ajrating. Bu har doim ham oson bo‘lmaydi va sizdan sabr-toqat hamda o‘zini tuta bilishni talab qiladi, biroq bu qo’lingizdan keladi va bu har doim o‘zini oqlaydi.