Ruhiy salomatlik haqida suhbat boshlanishi: 11-13 yosh
Jismoniy o‘zgarishlar, tashqi ko‘rinish va do‘stona munosabatlar - bu murakkab davrda ko‘p narsalar boshdan o’tadi
Farzandingiz balog‘atga yetganda, u o‘z his-tuyg‘ularini yaxshiroq ifodalay boshlaydi va nima yaxshi-yu, nima yomonligini tushuna boshlaydi.
U kim bilan do‘stlashishni, qaysi sport turi bilan shug‘ullanishni va qayerda o‘qishni o‘zi tanlashi mumkin. Bunday mustaqillikning paydo bo‘lishi bilan bola o‘z shaxsiyatiga, qiziqishlariga va do‘stlariga ko‘proq e’tibor qarata boshlaydi.
Unda, shuningdek, qizlarda hayz ko‘rishning boshlanishi va o‘g‘il bolalarda ovozning do‘rillashi kabi ko‘plab jismoniy o‘zgarishlar bo’ladi. Bu davrda ba’zi bolalar xavotir yoki qo‘rquvni his qilishlari mumkin.
O‘zgarishlar davri
Tez sodir bo‘ladigan jismoniy o‘zgarishlar o‘zining tashqi ko‘rinishi va do‘stlik munosabatlarining muhimligi haqidagi xavotir bilan birgalikda bolaning ruhiy va hissiy salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu davrda bola qiyinchilikka duch kelishi mumkin, chunki u rivojlanishning muhim bosqichidan o‘tmoqda. Siz bilan gaplashishi va o‘z tashvishlari yoki muammolari haqida gapirib berishi mumkinligini bilish bola uchun juda muhim bo‘lishi mumkin.
Bu yoshda bolalar quyidagilarni his qilishlari mumkin:
• Kayfiyatning o‘zgaruvchanligi - ko‘tarilishdan tushishga o‘tisi.
• Maktabda ularga juda ko‘p topshiriqlar berilayotgani.
• Ovqatlanish haqida tashvishlanishlari/shu sababli xavotirlanishlari.
• O‘ziga ishonchsizlik, o‘zini past baholash va bolaga bog‘liq boshqa muammolarga olib kelishi mumkin bo‘lgan g‘amginlik yoki xavotir.
Suhbatni qanday boshlash kerak
• Suhbatni hech qanday bosim yoki kutishlarsiz boshlash uchun vaqt va joy toping.
• Birga vaqt o‘tkazing, masalan, uy ishlarini bajarish, ovqat tayyorlash yoki sayohat qilish paytida.
• Suhbatning tabiiy kechishiga imkon bering - "so‘roq" emas, suhbat olib boring.
• Farzandingizning kayfiyatiga e’tiborli bo‘ling - agar uning kuni yomon bo‘lsa yoki u band bo‘lsa, boshqa vaqtni tanlang.
Ochiq, samimiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot
Agar farzandingizning kayfiyatida yoki xulq-atvorida o‘zgarishni sezsangiz, buni muloyimlik bilan aytib, u bu borada gaplashishni istaydimi deb so‘rang. Masalan:
• Bola endi do‘stlari bilan ilgarigidek faol muloqot qilmayapti - balki ular janjallashib qolishgandir?
• Maktab baholari pasaymoqda - balki biror fan uning uchun qiyindir?
• Bolaning kayfiyati yomon, u g‘amginroq yoki kamgaproq bo‘lib qoldi - u nima haqida o‘ylayapti?
Bunday qiling
Tinglang: Uning so‘zlariga quloq solishga harakat qiling, fikr va mulohazalaringiz suhbatni boshqarishiga yo‘l qo‘ymang. Farzandingiz fikrini hurmat qiling va rag‘batlantiring.
Tasdiqlang: Bolani fikrlari va his-tuyg‘ularini tushunganingizga uni ishontiring, siz bilan suhbatda ochiq bo‘lishga yordam bering va siz uning yonida ekanligingizga ishontiring. Unga bir vaqtlar siz ham shu yoshda bo‘lganingizda xuddi shunday his-tuyg‘ularni boshdan kechirganingizni eslating.
Yechimlarni taklif qiling: Boladan biror narsani o‘zgartirish haqida o‘ylagan yoki o‘ylamaganini so‘rang - "Nima qilish kerak deb o‘ylaysan?" Agar bu savolga u javob bera olmasa, uni tinglab, birgalikda muhokama qilishni taklif eting. O‘zini yaxshiroq his qilishi uchun nima qilishi kerakligi haqida gapirib, uni qo‘llab-quvvatlang.
Bunday qilmang
• Bolaga nima qilishi kerakligini aytmang. Buning o‘rniga undan qanday yordam bera olishingizni so‘rang.
• Uning his-tuyg‘ularini e’tiborsiz qoldirmang yoki kamsitmang. Esingizda bo‘lsin, bola o’z his-tuyg‘ularini ochishi qiyin.
• Bahslashmang. O‘z fikrlaringiz va his-tuyg‘ularingizni kuzatib boring va nizolardan saqlaning. Har qanday nizo yoki tortishuvni imkon qadar tezroq hal qilishga harakat qiling, agar bu sodir bo‘lsa, kechirim so‘rang va hammasini boshidan boshlang.
• Boshqalarni ayblamang. Masalan, "Bunga sening maktabing aybdor!" iborasi muammoning mavjudligini tan oladi, lekin uni hal qilmaydi.
• Taqqoslamang. "Boshqa bolalarda bunday muammolar yo‘q" kabi fikrlardan saqlaning.
Sabr-toqat va izchillik muvaffaqiyat kaliti ekanini unutmang
• Bu yoshda farzandingiz sizga kamroq bog‘lanishi va ba’zan qo‘pol yoki jahldor bo‘lib ko‘rinishi mumkin.
• Bola mustaqil bo‘lib, vaziyatni nazorat qilish istagini his qilgan sari, siz vaqti-vaqti bilan uning qarshiligiga duch kelasiz. Bunday suhbatlar yangi va ba’zan farzandingiz uchun noqulay bo‘ladi.
Shuni yodda tutingki, bu bir qancha vaqt olishi mumkin, lekin har doim bolaga uni yaxshi ko‘rishingizni va faqat uning farovonligi haqida o‘ylashingizni tushuntiring.