Ijobiy ruhiy salomatlikni shakllantirish orqali farzandingizni hayotga qanday tayyorlash mumkin: 0-5

O‘sish va o‘rganishning bu davrida poydevor yaratish

UNICEF
UNICEF
UNICEF
26 Fevral 2025

Birinchi tabassumdan birinchi qadamgacha, turli xil hissiyotlarni boshdan kechirguncha, farzandingiz bolalikdagi ko‘plab muhim bosqichlarni bosib o‘tadi.

Bu o‘sish va o‘rganish davri, shuningdek, farzandingizning ruhiy salomatligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashni boshlash uchun eng qulay paytdir.
 

Baxtli va sog‘lom hayot poydevorini yaratish

Farzandingiz sizdan muhabbat kutadi, u ta’lim va xavfsizlikka muhtoj. Iloji boricha ko‘proq vaqtingizni u bilan o‘tkazishga harakat qiling. Iliq va mehribon munosabatlarni mustahkamlash hamda farzandingizga o‘zini xavfsizlikda sezib, g‘amxo‘rlik qilinayotganingizni his etishiga yordam berish - bu butun umrga yaxshi ruhiy salomatlikni shakllantirish uchun poydevor yaratishning muhim qadamidir.
 

Go‘daklar

Farzandingiz bilan vaqt o‘tkazish ikkalangiz uchun ham foydali. Bunday paytda hatto tabiiy gormonlar ham ajralib chiqadi, ular sizga bolangiz bilan yanada yaqin bo’lishga va har ikkalangizning ham kayfiyatingizni yaxshilashga yordam beradi!

• Bola bilan o‘ynang, uni quchoqlang.

• U bilan gaplashing, qo‘shiq ayting.

• Bolaning tovushlariga so‘zlar bilan javob bering, shunda u tilni va muloqotni tushunishni boshlaydi.
 

Chaqaloqlar

Farzandingiz ko‘proq harakat qila boshlasa, uning dunyoni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi ortadi. Bunday qiziqishni rag‘batlantirish kerak.

• Imkon qadar har kuni farzandingizga kitob o‘qib bering.

• Qiziqish va o‘rganish qobiliyatini rivojlantiradigan o‘yinlar o‘ynang.

• Farzandingizdan narsalarni nomlashni so‘rang. Sodda usulda uning ismi va atrofdagi narsalarni nomlashdan boshlang.

• Farzandingiz bilan uyingiz atrofidagi joylarni aylanib chiqing.
 

Maktabgacha yoshdagi bolalar

Bola tobora mustaqil va qiziquvchan bo‘lib borgan sari, u atrofdagi olamga qiziqish bildira boshlaydi va uni o‘rab turgan narsalarni anglay boshlaydi. Odamlar bilan muloqot unga o‘z fikrlash tarzini shakllantirishga va atrofdagi dunyoni tushunishga yordam beradi.

• Boshqa bolalar bilan o‘yinlar orqali bolaning ijtimoiy muloqotini rag‘batlantiring.

• Undan yoshiga mos bo‘lgan oddiy uy ishlarida yordam berishni so‘rang. Sodda masalalarni yechish bosqichlarini ko‘rsating.

• Aniq chegaralar va real kutishlarni belgilang. "Yo‘q" degandan so‘ng, bolangiz nima qilishini xohlashingizning boshqa variantlarini taklif eting.

• Qaror qabul qilishda oson tushuniladigan aniq tanlovni taklif qiling. Masalan, nima yeyish, nima kiyish yoki nima o‘ynash kerakligi haqida.
 

Nimalarga e’tibor berish kerak

Kichkina bolalar o‘zlarini ifodalashni va kuchli his-tuyg‘ularni boshqarishni o‘rganadilar. Ular o‘z ehtiyojlarini ifodalay olmaganlarida ba’zan g‘azablanishlari yoki stress holatiga tushishlari mumkin. Bolalar ruhiy tushkunlikka tushganlarida, ularga tinchlanishga va o‘z his-tuyg‘ularini tushunishga yordam beradigan mehribon katta yoshli inson kerak bo‘ladi.
 

Quyidagilardan qoching...

• Zo‘ravonlikning har qanday shakli, jumladan, qichqirish va urish. Bola salbiy muhitda yashasa, unda "zaharli stress" rivojlanishi mumkin, bu uning o‘sishi va rivojlanishiga zarar yetkazadi, shuningdek, keyingi hayotida uzoq muddatli muammolarga olib keladi.

• Ota-onalar va bolaning atrofidagi odamlar o‘rtasidagi tez-tez bo‘ladigan janjallar. Atrof-muhitdagi keskinlik bolalar uchun stress manbai bo‘lishi mumkin - ular o‘zlarini keraksiz, nochor va zaif his qilishlari mumkin.

• E’tiborsizlikning har qanday shakli. Bolalar doimiy e’tibor, muhabbat va g‘amxo‘rlikka muhtoj, bu ularning sog‘lom o‘sishi va rivojlanishiga yordam beradi.
 

Yodingizda bo‘lsin: o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilish ham muhim

Chaqaloq yoki erta yoshdagi bolaning ota-onasi ekansiz, turli vaqtlarda turli his-tuyg‘ularni boshdan kechirasiz. Va bu normal holat. Hissiyotlar quvonch, umidsizlik, charchoq va asabiylikni o‘z ichiga oladi. Har safar tushkunlikka tushganingizda, o‘z stressingizni yengish uchun vaqt ajrating.

• Atrofingizda yaxshi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mavjudligiga ishonch hosil qiling. O‘zingizga ozgina vaqt ajratish uchun biroz yolg‘iz qolishga harakat qiling.

• Yetarlicha uxlash, sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik haqida unutmang.
 

Har bir ota-ona u yoki bu tarzda stressni boshdan kechiradi, ammo o‘z ehtiyojlaringizni qondirish uchun yordam so‘rashdan va o‘zingizga vaqt ajratishdan qo‘rqmang.