Ruhiy salomatlik haqida suhbat boshlash: 6-10 yosh
O‘qishni boshlash, do‘stlik munosabatlarini shakllantirish va qat’iylikni oshirish - e’tibor tashqi dunyoga qaratiladi
Bola maktabga borishi bilan uning jismoniy, aqliy va ijtimoiy ko‘nikmalari tez rivojlanadi. U o‘z kechinmalarini tasvirlashni va his-tuyg‘ulari haqida ko‘proq gapirishni o‘rganadi.
E’tibor uy muhitidan tashqi dunyoga ko‘chgani sayin do‘stlik aloqalari va tengdoshlar ta’siri tobora muhimroq ahamiyat kasb eta boshlaydi.
Uydan tashqarida ko‘proq vaqt o‘tkazib, farzandingiz mas’uliyatliroq bo‘ladi va mustaqil bo‘lishni o‘rganadi.
Ba’zi katta yoshdagi bolalar balog‘atga yetish davrini boshdan kechira boshlaydi va ham jismoniy, ham hissiy o‘zgarishlarni his qiladi.
Ulg‘ayish davri
Maktabga borishi bilan bola tashqi dunyo bilan yuzma-yuz keladi va bu uning hayotidagi muhim voqeadir!
Bu muhim davrda bolada hayotning barcha jabhalarida ishonch hissi rivojlanadi. Masalan, munosabatlar o‘rnatish, maktabda o‘qish va sport bilan shug‘ullanish, shuningdek, o‘z his-tuyg‘ularini boshqarish. Agar siz bolangizning ishlari qanday ketayotgani bilan qiziqsangiz va uni bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlasangiz, bu uning qat’iyligini oshirishga va ruhiy salomatligini mustahkamlashga yordam beradi.
Suhbatni qanday boshlash kerak
• Bolangizning ahvoli qandayligini so‘rashdan boshlang. U bilan maktab, do‘stlari, nimani yoqtirishi va yoqtirmasligi, unga nima qiyin tuyulishi haqida suhbatlashing.
• U nimani his qilayotganini bilish uchun sportdagi g‘alabalar yoki past baholar kabi ijobiy va salbiy his-tuyg‘ularni uyg‘otadigan kundalik voqealardan foydalaning. Bu u bilan mustahkam aloqa o‘rnatishga imkon beradi.
• Bola ulg‘aygan sari, agar bu uning rivojlanishiga mos kelsa, balog‘atga yetish davrida jismoniy va hissiy o‘zgarishlar tabiiy ekanligini tushuntiring. Unga nimalarni kutishi mumkinligini tushunishga yordam bering. Bolaning o‘zini qanday his qilayotganini hamda birgalikda muhokama qilishingiz mumkin bo‘lgan xavotirlari yoki savollari bor-yo‘qligini so‘rang.
Ochiq, ishonchli va mehrli muhitni saqlab qoling
Farzandingizga u sizga ochilganda o‘zini qulay his qilishiga ko‘maklashing.
• Farzandingiz atrofdagilar uni sevishini va qabul qilishini istaydi. Siz tomonidan qabul qilinishi - ishonchni shakllantirish yo‘lidagi birinchi qadamdir.
• O‘zingiz keltiradigan misollarga e’tiborli bo‘ling. Farzandingiz sizga qarab o‘rganadi va sizning his-tuyg‘ularingizni hamda turli vaziyatlarga qanday munosabat bildirishingizni ilg‘aydi.
• Bolaning yutuqlari va yaxshi xulq-atvorini ta’kidlang. Uni shaxs sifatida emas (Sen zo’rsan), balki amaldagi ishlariga e’tibor qaratib maqtang ("Sen ko‘p mehnat qilding va shuning uchun bu ishni haqiqatan ham uddalading!").
Yodda tuting: Sizning vaqtingiz - farzandingiz uchun bebaho sovg‘a
• "Men seni yaxshi ko‘raman" deyish yoki bolani quchoqlash - muhabbatni ko‘rsatishning yagona usuli emas.
• Tinglang va u aytmoqchi bo‘lgan gaplarga samimiy qiziqish bildiring.
• Ahamiyatsiz tuyulgan tadbirlarda ham birgalikdagi ishtirok etishdan zavq oling.
• Oilaviy masalalarni hal qilish jarayoniga, masalan, bugun kechki ovqatga nima tayyorlashga uni jalb qiling.
• Farzandingizga hech narsaga qaramay, hatto u xato qilganda ham uni yaxshi ko‘rishingizni bildiring.