Qizamiq qanchalik xavfli?

Bu nihoyatda yuqumli virus haqida nimalarni bilishimiz kerak?

UNICEF
UNICEF
UNICEF
21 Iyun 2025

Qizamiq asrlar davomida insoniyatga ma’lum bo‘lgan eng yuqumli va o‘limga sabab bo‘luvchi yuqumli kasalliklardan biri bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, qizamiqqa qarshi emlanmaganlar uchun xavflidir. Chaqaloqlar, bolalar, homilador ayollar va yondosh kasalliklari bor odamlar uchun qizamiq bugungi kunda ham juda xavfli hisoblanadi. 

Kasalxonaga yotqizilish va o‘lim xavfidan tashqari, qizamiq uzoq muddatli, nogironlikka olib keluvchi asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bundan tashqari, qizamiq immunitet tizimiga zarar yetkazib, undan infeksiyalarga qarshi kurashish haqidagi "xotirani" o‘chirib tashlashi mumkin. Natijada, qizamiqni boshdan kechirgan odamlar bir necha hafta yoki hatto oylar davomida gripp kabi boshqa kasalliklarga moyil bo‘lib qoladilar. 

1963-yilda qizamiqqa qarshi vaksina keng tarqalgandan so‘ng, bunday asoratlar soni keskin kamaydi, shuningdek, qizamiq bilan umumiy kasallanish ham pasaydi.  

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab bolalarning aksariyati emlangan. Shunga qaramay, emlash kamroq tarqalgan yoki aholining emlanishga bo‘lgan talabi pasaygan hududlarda yangi epidemiyalar bu kasallikning hanuzgacha qanchalik halokatli ekanligini ko‘rsatmoqda. Masalan, Kongo Demokratik Respublikasida 2018-2020-yillarda Ebola virusi keltirib chiqargan kasallik tarqalishi oqibatida 2 299 kishi vafot etgan. Xuddi shu davrda qizamiq epidemiyasidan 7800 kishi, ya’ni uch baravar ko‘p odam hayotdan ko‘z yumgan. 

2022-yilda butun dunyo bo‘ylab qizamiqdan o‘lim 2021-yilga nisbatan 43 foizga oshdi. Bu COVID-19 pandemiyasi davrida emlash darajasining pasayishi natijasi bo‘ldi. Qizamiqdan har kuni o‘rtacha 373 kishi vafot etmoqda. 

Qisman muammo shundaki, qizamiq boshqa viruslarga, jumladan COVID-19, gripp va suvchechak viruslariga qaraganda ancha yuqumli. Har bir bemor 12 dan 18 tagacha odamni qizamiq bilan zararlaydi. Shunday qilib, qizamiq grippga qaraganda taxminan 12 baravar, Ebola virusiga qaraganda 6 baravar, COVID-19 yoki suvchechakka qaraganda esa 2 baravar ko‘proq yuqumli. Shu sababli so‘nggi qizamiq epidemiyalari, ayniqsa emlash qamrovi past bo‘lgan aholi orasida tez tarqalgan. 


Qizamiq bolalar uchun qanchalik xavfli? 

Qizamiq har qanday odam uchun xavfli bo‘lsa-da, u bolalar, ayniqsa besh yoshgacha bo‘lgan emlanmagan bolalar uchun juda xavflidir. Buning sababi shundaki, bolalarning immunitet tizimi va ichki a’zolari hali shakllanishda davom etayotgan bo‘ladi, bu esa ularni infeksiyalarga ham, kasalliklarning asoratlariga ham moyilroq qiladi. 

Dunyoda har yili qizamiq va uning asoratlaridan 136 mingga yaqin kishi vafot etadi. Ularning aksariyati bolalardir. 

2000-yillarning boshlarida, qizamiqqa qarshi vaksina hozirgidek keng tarqalmasidan oldin, har yili 761 000 ga yaqin bola qizamiq va uning asoratlaridan vafot etgan. 

Qizamiqning eng ko‘p uchraydigan belgilari yo‘tal, tumov va harorat ko‘tarilishi bo‘lib, odatda undan keyin toshma toshadi. Ba’zan arzimas bo‘lib tuyulgan bu belgilar va qizamiq keltirib chiqaradigan boshqa asoratlar juda jiddiy bo‘lishi mumkin. JSSTning Yevropa mintaqasida 2023-yilda qizamiq bilan kasallangan barcha bolalarning yarmidan ko‘pi kasalxonaga yotqizilish ehtiyoji bo‘lgan. 

Farzandingizda yuqori harorat va toshma kabi alomatlar paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish juda muhim. Kasallikni muvaffaqiyatli davolash va asoratlarning oldini olish uchun tezkor tashxis qo‘yish va davolash zarur. Davolashni erta boshlash nafaqat bemorni, balki butun jamiyatni himoya qilishga yordam beradi, infeksiya tarqalishi xavfini kamaytiradi. 

2023-yilda dunyoda qizamiq bilan kasallanishning rasmiy ro‘yxatga olingan 322 714 ta holatidan 60 941 tasi Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlariga to‘g‘ri kelgan. Bu mazkur hududlarda qizamiq kasalligi keng tarqalganidan dalolat beradi va bunday jiddiy kasallikning oldini olish uchun emlashning naqadar muhim ekanligini ko‘rsatadi. 

Immunitet tizimi zaiflashgan bolalar, masalan, mavjud kasalliklar yoki to‘yib ovqatlanmaslik tufayli eng katta xavf ostida bo‘ladi. Ammo asoratlar har qanday odamda paydo bo‘lishi mumkin va kim ko‘proq zarar ko‘rishi har doim ham oldindan ma’lum emas. 

O‘rta va yuqori daromadli mamlakatlarda qizamiq bilan kasallangan har mingta boladan 70-90 tasida quloq infeksiyasi, 80 tasida ich ketish, 10-60 tasida esa pnevmoniya, ya’ni o‘pka infeksiyasi rivojlanadi. Bu ayniqsa yosh bolalar uchun xavfli bo‘lishi mumkin. 

Qizamiq bilan kasallangan har 1000-2000 bolaning birida postinfeksion ensefalit (miyaning yallig‘lanishi) rivojlanib, bu holat komaga va o‘limga olib kelishi mumkin. 

O‘rta va yuqori daromadli mamlakatlarda qizamiqdan o‘lim kam uchrasada, kasallik o‘limga olib kelish ehtimoli mavjud. Masalan, AQShda qizamiq yuqtirgan har 1000 boladan biri yoki ikkitasi vafot etishi taxmin qilinadi. Past daromadli mamlakatlarda xavf ancha yuqori: qizamiq yuqtirgan har 1000 bolaga 30 dan 60 gacha o‘lim holati to‘g‘ri keladi. Aholining ayrim guruhlarida, masalan, ko‘chib yuruvchi aholi bolalari orasida, qizamiq yuqtirgan har ming boladan 300 tasi vafot etadi. 

Qizamiq immunitet tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, immunologik xotirani yo‘qotishga olib kelishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qizamiq ilgari o‘tkazilgan infeksiyalar va emlashlar haqidagi immunologik xotirani o‘chirib tashlashi mumkin. Bu holat "immun amneziya" deb ataladi. Buning natijasida immunitet tizimi avval uchragan patogenlarga qarshi kurashish usullarini unutib, organizmning boshqa infeksiyalarga moyilligini oshiradi. 

Tadqiqotlar qizamiq ilgari o‘tkazilgan infeksiyalar haqidagi immunologik xotirani 30% gacha kamaytirishini ko‘rsatgan. Immunologik xotiraning bunday yo‘qolishi bir necha oy, hatto yillar davomida saqlanib qolishi mumkin, bu esa odamni ilgari himoyalangan kasalliklarga moyil qilib qo‘yadi. Bu qizamiqning oldini olish uchun emlashning muhimligini va uning immunitet tizimiga bo‘lgan potensial zararini ta’kidlaydi. 

Qizamiq bilan kasallangan bolalarda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan juda kam uchraydigan, ammo o‘limga olib keladigan asoratlardan biri - ensefalitning o‘ziga xos turi: 100 000 holatdan birida rivojlanadigan o‘tkir osti sklerozlovchi panensefalitdir (SSPE). Bu virusli infeksiya organizmda olti yildan sakkiz yilgacha uyqu holatida bo‘lib, keyin uning nevrologik belgilari namoyon bo‘la boshlaydi. Bunday alomatlarga harakat qobiliyatining yo‘qolishi (masalan, yurish qobiliyati), eshitish va ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishi hamda miya shikastlanishi kiradi. Bir necha yil davomida kasallik odatda koma va o‘limga olib keladi. Ushbu asoratni davolash imkoni yo‘qligi sababli, SSPE ning oldini olishning yagona yo‘li - qizamiq yuqtirmaslikdir. 

Ko‘p hollarda emlanmagan bolalar qizamiqning har qanday turdagi asoratlaridan, hatto kasallikning o‘limga olib keluvchi oqibatlaridan aziyat chekadilar. 2023-yilda qizamiq yuqtirgan besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 99 foizi tavsiya etilgan ikki doza qizamiq vaksinasini olmagan. 


Qizamiq chaqaloqlar uchun qanchalik xavfli? 

Bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlar eng katta xavf guruhiga kiradi. Qizamiq yuqtirganda ularda ko‘pincha quyidagi asoratlar rivojlanishi mumkin: pnevmoniya, ich ketishi va ensefalit, hattoki kasallik o‘lim bilan tugashi mumkin. 

Chaqaloqlar qizamiqqa ayniqsa moyil, chunki ko‘p mamlakatlarda bolalar kamida bir yoshga to‘lmaguncha qizamiqqa qarshi emlanmaydi. Bu qisman chaqaloqlarda immunitet tizimining eng zaif bo‘lishi, shuningdek, ularning ichki a’zolari tizimlari hali shakllanish jarayonida ekanligi bilan ham bog‘liq. 

Butun dunyoda aholini emlash darajasi yuqori bo‘lmaguncha, chaqaloqlar qizamiq virusiga nisbatan zaif bo‘lib qolaveradi. Kasallik tarqalishining oldini olish uchun aholining 95 foizini emlash zarur. Biroq dunyo bo‘yicha bolalarning deyarli to‘rtdan uch qismi, ya’ni 74 foizi vaksinaning tavsiya etilgan ikki dozasini olgan, xolos. 

 

Qizamiq kattalar uchun qanchalik xavfli? 

Qizamiq asosan bolalarga ta’sir qilsa-da, kattalar ham bu kasallikni yuqtirib, uning tarqatuvchisiga aylanishi mumkin. Ayniqsa, ular emlanmagan yoki immuniteti past bo‘lsa. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qizamiq avj olgan davrda 10 foizdan 20 foizgacha holatlar katta yoshdagi odamlarga to‘g‘ri keladi. Bu xavotirli, chunki qizamiq yuqtirgan kattalar virusni og‘ir asoratlarga ko‘proq moyil bo‘lgan bolalarga yuqtirishi mumkin. 

 

Homiladorlikda qizamiq qanchalik xavfli? 

Qizamiq homilador ayol uchun ham, homila uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi. 

Homilador ayollarda qizamiqning eng ko‘p uchraydigan asorati pnevmoniya bo‘lib, u har 100 homilador ayoldan 18 tasida rivojlanadi. Taxminan har yuzta homilador ayoldan to‘rttasi bu kasallikni yuqtirib vafot etadi. Qizamiq rivojlanayotgan homila uchun ham xavfli bo‘lishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, qizamiq yuqtirgan 100 homilador ayoldan 13 tasida homiladorlik muddatidan oldin tug‘ish bilan yakunlanadi. 

Ayollarga homiladorlik davrida qizamiqqa qarshi emlash odatda tavsiya etilmaydi. Shuning uchun bu emlashni homiladorlik boshlanishidan ancha oldin, afzali bolalik davrida qilish ayniqsa muhimdir. 

Qizamiq, parotit va qizilchadan himoya qiluvchi KPK vaksinasining birinchi dozasini bolaga 12 oyligida berish kerak. Ikkinchi doza olti yoshda kiritilishi lozim. Vaksinaning ikki dozasi infeksiya o‘chog‘iga tushib qolgan odamlarning 99 foizini qizamiq virusini yuqtirishdan himoya qiladi.