Kechiktirilgan emlash taqvimi
Emlash muddatlarini kechiktirishga hojat yo‘qligi haqidagi haqiqat (va nima uchun bu zararli bo‘lishi mumkin)
Emlash muddatlarini kechiktirishga hojat yo‘qligi haqidagi haqiqat (va nima uchun bu zararli bo‘lishi mumkin)
Aksariyat oilalar farzandlarini tavsiya etilgan muddatlarda emlaydi, ammo ayrim ota-onalar va vasiylar emlashning kechiktirilgan yoki muqobil taqvimi xavfsizroq emasmi, degan savolni o‘rtaga tashlaydi. 75 yildan ortiq vaqt davomida o‘n millionlab bolalar salomatligi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlardan nimalarni bilamiz?
Butun dunyo bo‘ylab bolalarning aksariyati tavsiya etilgan muddatlarda emlanadi. Masalan, har 20 nafar chaqaloqdan deyarli 17 nafari difteriya, qoqshol va ko‘kyo‘talga qarshi vaksina (AKDS) ning tavsiya etilgan uchta dozasini oladi. Biroq, ba’zi oilalar emlash muddatlarini o‘zgartirish yoki kechiktirish farzandlari uchun xavfsizroq bo‘ladi, deb hisoblaydi.
Aslida, emlashning o‘zgartirilgan yoki kechiktirilgan jadvali bolalarni xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Kechroq qilingan emlashlar bolalar salomatligiga qisqa yoki uzoq muddatli foyda keltirishi haqida hech qanday dalil mavjud emas.
Umuman olganda, emlashlar va, xususan, muqobil emlash jadvallari haqida nimalarni bilamiz?
1. Bolalarni emlash aksariyat hollarda xavfsiz, vaksinalar himoya qiladigan kasalliklar esa xavflidir.
75 yildan ortiq vaqt davomida olimlar butun dunyo bo‘ylab emlangan yuz millionlab bolalarning qisqa va uzoq muddatli salomatligi hamda rivojlanishini sinchkovlik bilan tahlil qildilar. Ushbu yillar davomida millionlab emlangan bolalarni o‘rganish natijasida emlash va autizm, autoimmun kasalliklar yoki boshqa uzoq muddatli sog‘liq buzilishlari o‘rtasida ishonchli bog‘liqlik aniqlanmadi. Shuningdek, emlash boshqa yuqumli kasalliklarni yuqtirish xavfini oshirmaydi. Bundan tashqari, vaksinalar immunitet tizimiga hatto maxsus emlanmagan viruslarga qarshi kurashishda yordam berishi mumkinligi haqida dalillar mavjud.
Vaksina yuborilgandan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlar odatda yengil va qisqa muddatli bo‘ladi. Masalan, inyeksiya qilingan joyda shish paydo bo‘lishi. Anafilaksiya (allergik reaksiya) kabi og‘irroq asoratlar juda kam uchraydi. Masalan, AKDS vaksinasi yuborilgandan so‘ng anafilaktik reaksiya paydo bo‘lish ehtimoli milliondan bir holatga teng. Vaksinatsiya bilan bog‘liq har qanday xavflarni mavjud vaksinalar himoya qiladigan kasalliklarning paydo bo‘lish xavfi bilan taqqoslash lozim. Chunonchi, agar emlanmagan chaqaloq ko‘kyo‘tal bilan kasallansa, unda o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir asoratlarning rivojlanish ehtimoli 20 dan 1 ni tashkil etadi. Agar emlanmagan bola qizamiq bilan kasallansa, u o‘rta yoki yuqori daromadli mamlakatda bo‘lsa, uning o‘lish ehtimoli 500 dan 1 ga teng. Daromad darajasi pastroq bo‘lgan mamlakatlardagi ayrim aholi guruhlarida emlanmagan bolaning qizamiqdan vafot etish xavfi ancha yuqori.
Bu shuni anglatadiki, kasallik keltirib chiqaradigan asoratlar xavfi vaksinalar keltirib chiqaradigan asoratlar xavfidan bir necha baravar yuqoridir.
2. Agar emlash muddati kechiktirilsa, bolalar kasalliklardan himoyaga eng muhtoj bo‘lgan paytda undan mahrum bo‘ladilar.
Bolalarning immun tizimi hali shakllanishning dastlabki bosqichlarida bo‘lgani sababli, chaqaloqlar va kattaroq yoshdagi bolalar sog‘lom kattalar kabi viruslar va boshqa kasalliklardan himoyalanmagan. Bola organizmi va uning ichki a’zolari hali shakllanishda davom etmoqda va bu sog‘lom katta odamda yengil alomatlarni keltirib chiqaradigan kasallik bolada jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Bolalarning immunitet tizimini ma’lum kasalliklarni aniqlash va ularga qarshi kurashishga "o‘rgatish" orqali vaksinalar bu zaiflikni bartaraf etishga yordam beradi.
Shuning uchun ham ko‘kyo‘tal, qizamiq kabi kasalliklardan o‘lim holatlarining aksariyati yosh bolalar va go‘daklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu kasalliklarning asoratlari va o‘limidan eng yaxshi himoya vaksinalardir. Bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlashni kechiktirib, agar ular infeksiyalansa, og‘ir kasallanish yoki hatto o‘lim xavfini oshirasiz.
Emlashlar bolalar hayotini saqlab qolishga qanday ta’sir ko‘rsatganini tushunish uchun bolalar o‘limining umumiy ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratish kifoya. 1990-yilda har ming boladan taxminan 93 nafari besh yoshga to‘lmasdan vafot etgan. Bugungi kunda o‘lim darajasi dastlabki ko‘rsatkichning uchdan bir qismini tashkil etadi: 1000 nafar boladan 37 nafari vafot etmoqda. Bolalar o‘limining kamayishi ko‘p jihatdan global emlash dasturlari bilan bog‘liq.
So‘nggi 50 yil ichida vaksinalar 154 million kishining hayotini saqlab qoldi. Ularning aksariyati, ya’ni 101 millioni qutqarilgan go‘daklardir.
Bolalar qanchalik yosh bo‘lsa, ular shunchalik kasalliklarga moyil bo‘ladi, shuning uchun ularning belgilangan muddatda emlanishi va emlash muddatlari kechiktirilmasligi juda muhimdir.
3. Organizmdagi antigenlar miqdorini kamaytirish uchun emlashlar orasidagi vaqt oralig‘ini uzaytirishga hojat yo‘q.
Ba’zi odamlar odatiy emlash jadvaliga amal qilinsa, chaqaloq yoki yosh bola bir vaqtning o‘zida juda ko‘p antigenlarni qabul qiladi va bu ular uchun xavfli bo‘lishi mumkin, deb noto‘g‘ri o‘ylashadi. Ammo bu yanglish fikr.
Antigenlar - bu viruslar yoki bakteriyalarning mayda bo‘laklari bo‘lib, ular organizmga tushganda immunitet javobini keltirib chiqaradi. Vaksina aynan shunday ishlaydi.
Antigenlar hamma joyda mavjud. Ular hatto chaqaloqni tug‘ruq yo‘llari bo‘ylab kuzatib boradi. Aslida, har qanday vaksina yoki tavsiya etilgan vaksinalar kombinatsiyasi kiritilganda bola oladigan antigenlar miqdori bola har kuni o‘z atrofida duch keladigan antigenlar miqdoridan ancha kam.
Chaqaloqning immunitet tizimi g‘oyat chidamli bo‘lib, har kuni yuzlab va minglab antigenlar, bakteriyalar va allergenlarga javob bera oladi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta vaksinani kiritish bolaning immunitet tizimi tomonidan oson qabul qilinadi va unga xavf tug‘dirmaydi. Mutaxassislarning baholashicha, chaqaloqlarning immunitet tizimi shunchalik mukammal tuzilganki, u bir vaqtning o‘zida kiritilgan 10 000 ta zamonaviy vaksinaga xavfsiz va samarali javob bera oladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, aynan shu sababli emlangan bolalar emlanmagan bolalar bilan bir xil antigenlarning umumiy ta’sir darajasiga ega. Vaksinalar immunitet tizimiga ortiqcha yuk bermaydi, ular shunchaki bolaning immunitet tizimiga qo‘shimcha immunitet yuklamasini yaratmasdan muayyan kasalliklarni aniqlash va ularga qarshi kurashishga yordam beradi.
Shuni ham yodda tutish kerakki, vaksina tarkibidagi antigenlar bola kasallikka duch kelganida uchrashi mumkin bo‘lgan antigenlar sonidan ancha kam.
Bundan tashqari, emlash paytida bolalar qabul qiladigan antigenlar soni vaqt o‘tishi bilan keskin kamaydi. So‘nggi bir necha o‘n yillikda muntazam qo‘llaniladigan vaksinalar soni ko‘paydi. Ammo ushbu vaksinalardagi umumiy antigenlar soni 3200 dan 320 gacha kamaydi.
4. Bir vaqtning o‘zida bir nechta vaksinani yuborish bolaning immunitet tizimini zaiflashtirmaydi.
Bolalarga qilinadigan emlashlar soni yoki vaksinalar tarkibidagi antigenlar soni infeksiya yoki boshqa kasalliklarning rivojlanish xavfini oshirishi haqida hech qanday dalil yo‘q.
Ko‘plab tadqiqotlar davomida emlangan bolalarning emlanmagan bolalarga nisbatan emlanmagan infeksiya bilan kasallanish ehtimoli ko‘proq yoki kamroq ekanligi o‘rganilgan.
Aniqlanishicha, aksariyat hollarda emlangan bolalar emlash bilan bog‘liq bo‘lmagan infeksiya bilan emlanmagan bolalarga qaraganda kamroq kasallanadi. Aslida bunday xavf sezilarli darajada kamayadi.
Masalan, qizamiq, tepki va qizilchaga qarshi emlashdan keyin uch oy davomida emlangan bolalarda emlash bilan bog‘liq bo‘lmagan bakterial yoki virusli infeksiya bilan kasallanish ehtimoli emlanmagan bolalarga qaraganda yuqori bo‘lmagan. Bu o‘zaro himoya turini ko‘rsatadi, bunda vaksinalar bilvosita boshqa infeksiyalardan himoya qilishi mumkin, bu esa bolaning immunitetini yanada mustahkamlaydi. Boshqa bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, difteriya, ko‘kyo‘tal, qoqshol, gepatit B virusi va poliomiyelitga qarshi bir vaqtning o‘zida emlangan uch oylik bolalar emlanmagan bolalarga qaraganda emlash bilan bog‘liq bo‘lmagan infeksiyalar bilan kamroq kasallangan.
5. Odatdagi tavsiya etilgan emlash jadvali bo‘yicha vaksinalarda qo‘llaniladigan alyuminiy miqdori xavfsiz bo‘lib, emlashlar orasidagi vaqtni uzaytirishga hojat yo‘q.
Alyuminiy 1926-yildan beri vaksinalar tarkibiga qo‘shib kelinmoqda. U ad’yuvant, ya’ni immunitet tizimiga vaksinaga javob berishga yordam beradigan birikma sifatida ishlatiladi. Masalan, vaksinani inyeksiya joyida biroz uzoqroq ushlab turish orqali. Vaksina tarkibidagi alyuminiy shish kabi mahalliy qisqa muddatli reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lsa-da, deyarli 100 yillik tadqiqotlar tez-tez uchraydigan, og‘ir yoki uzoq muddatli nojo‘ya ta’sirlar, shu jumladan neyrotoksikologik ta’sirlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladigan xavotirli holatlarni aniqlamadi.
Shu bilan birga, tadqiqotlar emlangan va emlanmagan bolalar qonidagi alyuminiy miqdorida hech qanday farq yo‘qligini ko‘rsatdi.
Alyuminiy tabiiy element bo‘lib, yer qobig‘idan qazib olinadi. Alyuminiy hamma joyda, jumladan, oziq-ovqat va suvda ham mavjud. Katta yoshdagi odamlar odatda kuniga ovqat bilan 5 dan 10 mg gacha alyuminiy iste’mol qiladi. Vaksinaning bir dozasida esa o‘rtacha 0,125 - 0,5 milligramm alyuminiy mavjud. Chaqaloqlar va kattaroq bolalar ham ovqat bilan alyuminiy iste’mol qiladi. Alyuminiy bolalar aralashmalari va bolalar oziq-ovqatlarida, shuningdek, xamirturush kabi boshqa kundalik ingredientlarda ham mavjud.
Ma’lumki, ovqat orqali organizmga tushgan alyuminiy vaksina inyeksiyasiga qaraganda ancha kam o‘zlashtiriladi. Ammo vaksina inyeksiya orqali yuborilganda ham organizmimiz alyuminiyni tanadan juda samarali chiqarib tashlaydi. Alyuminiy qonga tushgandan so‘ng organizmdan buyraklar orqali chiqariladi. Alyuminiyning 50 foizi 24 soatda, 85 foizi ikki hafta ichida, 96 foizi esa uch yil ichida organizmdan chiqib ketadi. Vaksinalarda qo‘llaniladigan juda oz miqdordagi alyuminiy organizmdan tez va xavfsiz ravishda chiqarib yuboriladi.
Shubhasiz, har qanday moddaning, shu jumladan alyuminiyning katta miqdori inson uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Ammo vaksinalarda organizmning immunitet javobini kuchaytirish uchun zarur bo‘lgan alyuminiyning minimal, zararsiz miqdori ishlatiladi. Bu nafaqat alyuminiyga tegishli: hatto suv yoki kisloroddan haddan tashqari ko‘p foydalanish ham biz uchun o‘limga olib kelishi mumkin. Aynan shuning uchun sog‘liqni saqlash organlari vaksinalarda alyuminiydan foydalanishning cheklangan me’yorlarini belgilaydi. Shu jumladan, bir vaqtning o‘zida bir nechta vaksina qo‘llanilishi mumkinligi ham hisobga olinadi.