Vaksinalar haqida ko'p beriladigan savollar
Ota-onalar tomonidan vaksinalar haqida eng ko‘p so‘raladigan savollar
Bolalar vaksinalari xavfsiz va samarali hisoblanadi. Bolalarning muntazam emlanishlari jiddiy kasalliklarning oldini olishda yaxshi sinovdan o'tgan va samarali ekanligi isbotlangan: u har yili millionlab insonlarning hayotini saqlab qoladi. Rejali emlash uzoq muddatli himoyani ta’minlaydi, shuning uchun bolalar oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklar bilan kurashishda o‘tgan bolalikdan keyin asoratlarsiz sog‘lom va to‘laqonli hayot kechira oladilar.
Vaksinalar nima?
Vaksinalar odatda bolalikda jiddiy, ko‘pincha o‘limga olib keladigan kasalliklardan himoya qilish uchun qo‘llaniladigan tibbiy preparatlardir. Ular organizmning tabiiy himoya mexanizmlarini rag‘batlantirish orqali uni kasallikka qarshi tezroq va samaraliroq kurashishga tayyorlaydi.
Vaksinalar qanday ta’sir qiladi?
Vaksinalar immun tizimingizga ma’lum kasalliklarga qarshi immunitet reaksiyasini ishlab chiqish orqali infeksiyalarga qarshi samaraliroq kurashishga yordam beradi. Shunday qilib, kelajakda viruslar yoki bakteriyalar tanangizga kirsa, immunitet tizimingiz allaqachon bu bilan qanday kurashishni biladi.
Vaksinalar xavfsizmi?
Vaksinalar juda xavfsizdir. Farzandingiz emlash orqali oldini olish mumkin bo‘lgan kasallikni yuqtirish xavfi vaksinaning o‘zidan ko‘ra yuqoriroqdir. Ulardan foydalanishga yakuniy ruxsat berilgunga qadar, barcha vaksinalar xavfsizlik bo‘yicha puxta sinovdan o‘tkaziladi, shu jumladan klinik tadqiqotlar ham o‘tkaziladi. Mamlakatlar faqat qat’iy sifat va xavfsizlik standartlariga javob beradigan vaksinalarni ro‘yxatdan o‘tkazadi va tarqatadi.
Nima uchun farzandim emlanishi kerak?
Vaksinalar hayotni saqlab qoladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, faqatgina qizamiqqa qarshi vaksina 2000-2017 yillar oralig‘ida 21 milliondan ortiq o‘limning oldini olgan.
Vaksinalar bolangizni sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazishi yoki o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklardan, ayniqsa emizikli bolalar kabi immuniteti rivojlanayotgan shaxslardan himoya qilishga yordam beradi.
Farzandingiz emlangan bo‘lishi juda muhim. Aks holda, bir paytlar ko‘plab mamlakatlarda yo‘q qilingan qizamiq, difteriya, poliomiyelit kabi o‘ta yuqumli kasalliklar yana qaytib kelishi mumkin.
Farzandimning tanasi bu vaksinalarning barchasini ko‘tara oladimi?
Ha. Ko‘plab ota-onalar bir nechta vaksinalar farzandining immunitet tizimini zo‘riqtirishi mumkinligidan xavotirda. Aslida bolalar har kuni yuzlab mikroblar hujumiga duch keladi. Oddiy shamollash yoki tomoq og‘rig‘i bolangizning immunitet tizimiga vaksinalarga qaraganda ko‘proq bosim o‘tkazadi.
Farzandimni mamlakatimda allaqachon aniqlanmagan kasalliklarga qarshi emlashim kerakmi?
Vaksinalar farzandingizning sog‘lom o‘sishiga yordam berishi mumkin. Bolalarni hatto mamlakatingizda aniqlanmagan kasalliklarga qarshi ham emlash kerak, chunki agar odamlar ularga qarshi emlanmasa, bu kasalliklar tezda yana paydo bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, dunyomiz bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgani sababli, farzandingiz vaksinalar yordamida oldini olish mumkin bo‘lgan va dunyoning boshqa qismlaridan kelgan emlanmagan odamlar tarqatadigan infeksiyalarga moyil bo‘lishi mumkin.
Ba’zi kasalliklar vaksinalar tufayli ko‘plab mamlakatlarda endi qayd etilmaydi. Biroq, agar odamlar emlanishni to‘xtatsa, bu kasalliklar yana qaytishi va himoyalanmagan bolalarni xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Milliy emlash rejangizga amal qiling va bolangiz xavfsiz va himoyalangan ekanligiga ishonch hosil qiling.
Jamoaviy immunitet nima?
Agar jamoangizda yetarlicha odamlar ma’lum bir kasallikka qarshi emlangan bo‘lsa, jamoaviy immunitet hosil bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, kasallik odamdan odamga osonlikcha tarqala olmaydi, chunki ko‘pchilik odamlarda unga qarshi immunitet allaqachon shakllangan. Bu hatto emlash mumkin bo‘lmagan shaxslar, masalan, chaqaloqlar uchun ham u yoki bu kasallikdan ma’lum darajada himoyani ta’minlaydi.
Jamoaviy immunitet kasalliklarning avj olishiga yo‘l qo‘ymaydi, ularning tarqalishini qiyinlashtiradi. U yoki bu kasallik borgan sari kamroq uchraydi, ba’zan ma’lum bir jamoadan butunlay yo‘qoladi.
Vaksina tufayli farzandim kasal bo‘lib qolishi mumkinmi?
Vaksinalar nihoyatda xavfsizdir. Emlashdan keyingi deyarli barcha behollik yoki noqulaylik, masalan, ukol joyidagi og‘riq yoki ozgina harorat ko‘tarilishi - minimal va vaqtinchalik xususiyatga ega. Bunday hollarda shifokor retseptisiz beriladigan og‘riq qoldiruvchi dorilardan foydalanish mumkin.
Vaksinalar va autizm o‘rtasida bog‘liqlik borligi haqida hech qanday ilmiy dalil mavjud emas.
Vaksinalar qanday kasalliklarning oldini oladi?
Vaksinalar bolangizni falajlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan poliomiyelit; miya shishi va ko‘rlikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan qizamiq; mushaklarning og‘riqli qisqarishi, ovqatlanish qiyinlashishi va nafas olish muammolari, ayniqsa yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda kuzatilishi mumkin bo‘lgan qoqshol kabi og‘ir kasalliklardan himoya qiladi. Bu yerda siz eng keng tarqalgan vaksinalar va ular oldini oladigan kasalliklar ro‘yxati bilan tanishishingiz mumkin.
Tabiiy dorilar yoki davolash muolajalari vaksinaning o‘rnini bosa oladimi?
Vaksinalar davo emas. Vaksinalar inson organizmiga infeksiya kirishining va kasallanishning oldini oladi. Davolash yoki davolash muolajalaridan farqli o‘laroq, vaksinalar profilaktik xususiyati tufayli infeksiya yuqishi va kasallik bilan bog‘liq asoratlar xavfini kamaytiradi. Shuningdek, vaksinalar stress, kasalxonaga yotqizilish, davolanish va dori-darmonlar bilan bog‘liq xarajatlarning oldini oladi. Eng muhimi, vaksinalar farzandingiz hayotini saqlab qolishi mumkin. Shuning uchun vaksinani boshqa biror dori yoki muolaja bilan almashtirmaslik kerak.
Infeksiya natijasida hosil bo‘lgan tabiiy immunitet emlashdan ko‘ra yaxshiroqmi?
Agar siz bolangizni emlamasangiz va uning vaksina bilan oldini olinadigan kasallikni yuqtirishiga yo‘l qo‘ysangiz, bu uni azob chekish, asoratlar, kasalxonaga yotqizilish va kasallikka qarab nogironlik yoki hatto o‘lim xavfi ostida qoldiradi. Bolani tabiiy immunitet hosil qilishga majbur qilishga urinmaslik kerak. Ba’zi kasalliklar, masalan, qizamiq, bolaning immun tizimiga zarar yetkazishi va uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Vaksina bolangizni himoya qiladi va emlanmagan aka-ukalar, opa-singillar, do‘stlar, sinfdoshlar va hatto kattalarga ham kasallik yuqishining oldini oladi. Farzandingizni xavfli infeksiyalardan himoya qilish uchun milliy emlash jadvaliga muvofiq emlanganligiga ishonch hosil qiling.
Farzandim qanday vaksinalar bilan emlanishi kerak?
JSST barcha bolalarga xavfli kasalliklardan himoya qiluvchi vaksinalar to‘plamini olishni tavsiya etadi. Sizning hududingizda qanday vaksinalar tavsiya etilganligini bilish uchun milliy emlash jadvaliga murojaat qiling yoki bu masalani oilaviy shifokor, pediatr yoki patronaj hamshirasi bilan muhokama qiling. Yevropa va Markaziy Osiyoning aksariyat mamlakatlarida quyidagilarga qarshi emlash tavsiya etiladi: gepatit B, qizamiq, parotit va qizilcha, poliomiyelit, difteriya, qoqshol va ko‘kyo‘tal, rotavirus, sil, pnevmokokk infeksiyasi, gemofil infeksiyasi va odam papilloma virusi.
Immunizatsiya taqvimiga albatta amal qiling va tavsiya etilgan vaksinalarning hech birini o‘tkazib yubormang yoki kechiktirmang. Agar bolangizda emlash kartasi bo‘lsa, siz undan foydalanib, qo‘yilgan vaksinalarni kuzatib borishingiz va emlash muddatini o‘tkazib yubormasligingiz mumkin. Emlashni o‘tkazib yuborish yoki kechiktirish kasallikni keltirib chiqarishi, kasalxonaga yotqizilishi va hatto o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan infeksiya xavfini oshiradi.
Tavsiya etilgan emlash jadvali qanday?
Immunizatsiya jadvallari mamlakatlar bo‘ylab qaysi kasalliklar eng ko‘p tarqalganligiga qarab farq qiladi. Tavsiya etilgan vaksinalar ro‘yxati va ularning taxminiy emlash sanalarini mahalliy tibbiyot markazidan, shifokordan yoki mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligidan olishingiz mumkin.
Emlashni kechiktirsam bo‘ladimi?
Farzandingizni himoya qilishning eng yaxshi usullaridan biri mamlakatingizda tavsiya etilgan emlash jadvaliga rioya qilishdir. Har safar emlashni kechiktirganingizda, bolangizning u yoki bu kasallikka chalinish xavfini oshirasiz.
Tavsiya etilgan vaqtda farzandimni emlamadim. O‘tkazib yuborilgan emlashlarning o‘rnini to‘ldirish kech bo‘ldimi?
Ko‘pchilik vaksinalar uchun o‘rnini to‘ldirish hech qachon kech emas. Shifokoringiz bilan o‘zingiz yoki farzandingiz uchun barcha o‘tkazib yuborilgan emlash dozalarini qanday olish haqida gaplashing. Emlash jadvaliga rioya qilishni unutmang. Agar siz emlashni kechiktirsangiz yoki o‘tkazib yuborsangiz, farzandingiz sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazishi va hatto o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan infeksiyalar xavfi ostida uzoqroq qoladi. Belgilangan emlashlarni unutmaslik uchun telefoningizga eslatma o‘rnatishingiz yoki emlash jadvali haqida ogohlantirishning boshqa usullarini o‘ylab ko‘rishingiz mumkin.
Farzandimga emlash mumkin emasligini qanday bilsam bo‘ladi?
Emlashga qarshi ko‘rsatmalar juda kam. Ularning aksariyati odatda vaqtinchalik bo‘lib, yuqori harorat kabi holat yo‘qolganidan so‘ng darhol emlash mumkin. Agar siz bolangizga vaksina qarshi ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlansangiz, buni bolangizning shifokori bilan muhokama qiling. Vaksinalar xavfli kasalliklarning oldini olishini unutmang. Bolangizni emlash orqali siz uning sog‘lom o‘sishiga yordam berasiz.