Vaksinalar va ular oldini oladigan kasalliklar
Eng ko‘p tavsiya etiladigan vaksinalar haqida batafsil ma’lumot
Vaksinalar bolalar va o‘smirlarni jiddiy, ko‘pincha o‘limga olib keladigan kasalliklardan himoya qilishga yordam beradi. Quyidagi jadvalda ko‘pchilik hukumatlar va shifokorlar tomonidan bolalar hamda aholini yuqumli kasalliklar tarqalishidan himoya qilish uchun tavsiya etiladigan vaksinalar keltirilgan.
Vaksina | Kasallik | Belgilari va oqibatlari |
| BSJ | Sil kasalligi | Sil kasalligi - ko‘pincha o‘pkani zararlaydi, ammo chaqaloqlar va yosh bolalarda u miya kabi boshqa a’zolarni ham zararlab qo‘yadi. Og‘ir holatlarda jiddiy asoratlarga yoki o‘limga olib kelishi mumkin. Sil kasalligini davolash juda qiyin. Davolash uzoq davom etadi va har doim ham natijali bo‘lavermaydi. |
| Gepatit B | Gepatit B | Gepatit B virusi jigarga xavfli ta’sir qiluvchi infektsiyadir. Bola o‘nlab yillar davomida hech qanday alomatlarsiz gepatit B bilan kasallanishi mumkin. Virus keyinchalik jigar sirroziga va saratoniga olib kelishi mumkin. |
| Poliomiyelit | Poliovirus | Poliomiyelit - bu virus bo‘lib, uni yuqtirgan har 200 kishining birini falajlaydi. Ushbu holatlarning 5-10 foizida odamlar nafas olish mushaklari falajlanganda vafot etadi. Falajlik boshlangach, poliomiyelitni davolab bo‘lmaydi. Faqat belgilarni yengillashtirish uchun davolash mumkin. |
| AKDS | Difteriya | Difteriya tomoq va bodomcha bezlarini zararlab, bolalarning nafas olishi va yutishini qiyinlashtiradi. Og‘ir holatlarda bu yurak, buyrak va/yoki asab tizimining shikastlanishiga olib kelishi mumkin. |
| AKDS | Qoqshol | Qoqshol mushaklarning juda og‘riqli qisqarishiga sabab bo‘ladi. Bu bolalarning bo‘yin va jag‘ mushaklarining bloklanishiga (jag‘ning qotib qolishi) olib kelishi mumkin, buning natijasida ular og‘zini ochishi, yutishi (emishi) yoki nafas olishi qiyinlashadi. Qoqshol davolansa ham, ko‘pincha o‘limga olib keladi. |
| AKDS | Ko‘kyo‘tal | Ko‘kyo‘tal haftalab davom etishi mumkin bo‘lgan yo‘tal xurujlarini keltirib chiqaradi. Ba’zi hollarda bu nafas olish muammolari, o‘pka yallig‘lanishi va o‘limga olib kelishi mumkin. |
| Hib | B tipidagi gemofilik gripp (Hib) | Hib - bu asosan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda o‘pka yallig‘lanishi, meningit va boshqa og‘ir infeksiyalarni keltirib chiqaradigan bakteriya. |
| Pnevmokokk vaksinasi | Pnevmokokk kasalliklari | Pnevmokokk kasalliklari meningit va o‘pka yallig‘lanishi kabi jiddiy kasalliklardan tortib, sinusit va quloq infeksiyalari kabi yengilroq, ammo keng tarqalgan infeksiyalargacha bo‘lgan turli xil kasalliklarni o‘z ichiga oladi. Pnevmokokk kasalliklari butun dunyo bo‘ylab, ayniqsa 2 yoshgacha bo‘lgan yosh bolalar orasida kasallanish va o‘limning keng tarqalgan sababidir. |
| Rotavirus | Rotavirus | Rotaviruslar kuchli ich ketish va qusishni keltirib chiqaradi, bu esa yosh bolalarda organizmning suvsizlanishiga, elektrolitlar muvozanatining buzilishiga va shok holatiga olib kelishi mumkin. Agar davolash, ayniqsa suyuqlikni to‘ldirish darhol boshlanmasa, bu o‘limga olib kelishi mumkin. |
| QQV | Qizamiq | Qizamiq juda yuqumli kasallik bo‘lib, isitma, tumov, og‘iz orqa qismida oq dog‘lar va toshma kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Og‘ir holatlarda ko‘rlik, miya shishi va o‘limga olib kelishi mumkin. |
| QQV | Parotit | Parotit bosh og‘rig‘i, holsizlik, isitma va so‘lak bezlarining shishishiga olib kelishi mumkin. Asoratlari meningit, moyak shishi va karlikni o‘z ichiga olishi mumkin. |
| QQV | Qizilcha | Bolalar va kattalarda qizilcha infeksiyasi odatda yengil kechadi, ammo homilador ayollarda u homila tushishi, o‘lik tug‘ilish, chaqaloq o‘limi yoki tug‘ma nuqsonlarga olib kelishi mumkin. |
| OPV | Odam papilloma virusi | OPV odatda belgilarga ega emas, ammo ba’zi shtammlar bachadon bo‘yni saratonini keltirib chiqarishi mumkin - bu ayollarda uchrashi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi. Bachadon bo‘yni saratonining deyarli barcha holatlari (99 foiz) OPV tufayli yuzaga keladi. OPV erkaklarda ham, ayollarda ham jinsiy so‘gallar, shuningdek, tananing boshqa qismlarida saraton kasalligini keltirib chiqarishi mumkin. |
Mamlakatingizda tavsiya etilgan vaksinalarning to‘liq taqvimini olish uchun shifokoringizga, tibbiyot markaziga yoki Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qiling.