O‘zbekistonlik o‘smir qizlar OIV infeksiyasini davolashda sodiqlik namunasidir
OIV bilan yashayotgan o‘smirlar uchun umid va ko‘mak
(Hikoya qahramonining ismi shaxsni himoya qilish maqsadida o'zgartirilgan)
O‘zbekistonlik 19 yoshli Aziza o‘zining OIV maqomi haqida bilgan kunini shunday eslaydi:
"Ota-onam menga OIV bilan yashayotganimni aytishganida men his etgan qo‘rquv va og‘riq hali ham esimda. Nima uchun yashashim kerak degan yagona savol meni qiynar edi. Men atigi 14 yoshda edim. O‘sha lahzada hayotimda oldinga intilishga arziydigan hech narsa yo‘qdek tuyuldi. Hammasi qorong‘u va rangsiz ko‘rinar edi". Bugungi kunda esa Aziza xuddi o‘zi kabi holatni boshidan kechirayotgan boshqa o‘smir va yoshlar uchun umid va rag’bat namunasidir. Bunga UNICEF tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan o‘zaro yordam guruhlari sabab bo’ldi.
14 yoshida Aziza o‘sha paytda mamlakatda soni ortib borayotgan OIV bilan yashayotgan bolalarning biri edi. Mamlakatda har yili 4000 ta yangi OIV holatlari qayd etiladi va har to‘rtta yangi holatdan bittasi yoshlarga to‘g‘ri keladi[1]. Shu bilan birga, ushbu yosh guruhidagilar orasida davolanishga sodiqlik bilan bog‘liq jiddiy muammolar mavjud.
Aziza tashxisini eshitganida o’zini yo’qotib, sarosimaga tushganini shunday eslaydi:
"… o’zimga ko‘plab savollar berar edim. O‘zimni yo‘ldan adashgandek his qilib, qayerdan javob topishni bilmas edim. Noaniqlik juda og‘ir, yordam bera oladigan odamni topish esa nihoyatda mushkul bo‘lgan".
Aziza kabi bunday tajribani boshidan o’tkazganlar nafaqat O‘zbekistonda, balki Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida talaygina. 2023 yilning o‘zida bu mintaqada har kuni taxminan 20 nafarga yaqin bolalar va o‘smirlar OIV infeksiyasini yuqtirib olgan, natijada ularning umumiy soni 33 000 nafarga yetgan.[2] OIV bilan yashayotgan bolalar va o‘smirlar soni ortib borayotgan bo‘lsa-da, ularni davolash qamrovi pasayib bormoqda: Antiretrovirus terapiya (ART) bilan qamrab olinganlarning ulushi 2018 yilda 89 foizni tashkil etgan bo’lsa, bu ko’rsatkich 2023 yilda 73 foizgacha tushib ketdi.[3] 2023 yilda OITS bilan bog‘liq kasalliklarlar sabab 760 nafar bola va o‘smirlar hayotdan ko’z yumgan. Ushbu holatlarning 84 foizini 10 yoshgacha bo'lgan bolalar tashkil qiladi.[4]
O‘zbekistonda davolash rejimiga rioya qilmaslik holatlari, asosan, OIV haqidagi bilimlarning yetishmasligi bilan bog‘liq. Mamlakatda 2022 yilda o‘tkazilgan Multiindikator klaster kuzatuvlari (MKK) natijalariga ko‘ra, 15-24 yoshli qizlar va ayollarning atigi 10 foizi OIV haqida to‘liq bilimga ega. 15–19 yoshdagi o‘smir qizlar orasida esa bu ko‘rsatkich atigi 6,5 foizni tashkil etgan.[5]
Davolanishga to‘sqinlik qilayotgan boshqa omillar: UNICEF va Respublika OITSga qarshi kurash markazi tomonidan 2021 yilda o‘tkazilgan tadqiqot shuni k‘orsatdiki, shaharlarda yashovchi 15–18 yoshdagi qizlarning OITSga qarshi kurash markazlarida rejalashtirilgan maslahatlarni o‘tkazib yuborishlari ehtimoli ko‘proq bo‘lgan. Stigma qo‘rquvi (29%), markazlarga tashrif buyurish uchun mablag‘ yetishmasligi (14%), ota-onalar/vasiylarning markazlar bilan aloqani cheklashlari (7%) va ular uydan uzoqda bo‘lishi (7%) ular ko’rsatgan sabablar jumlasiga kiradi. [6]
Aziza va OIV bilan yashovchi boshqa o‘smirlar ham OIV yuqishini jinoiy javobgarlikka tortadigan va OIV bilan bog’liq xizmatlardan foydalanish yoshini juda yuqori, ya’ni 18 yosh deb belgilaydigan siyosatga duch kelishmoqda. O‘zbekistonda OIV testini o‘tkazish ixtiyoriy, anonim va maxfiy bo‘lishi kerak bo‘lsa-da, aholining ayrim guruhlari, jumladan, giyohvand moddalarni tomir orqali iste‘mol qiluvchi va moddiy rag‘batlantirish evaziga jinsiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarni majburiy va g‘ayriixtiyoriy ravishda tekshiruvdan o‘tkazish holatlari va me’yoriy qoidalar mavjud.
O‘smirlar uchun bu xizmatlardan foydalanish nafaqat logistika muammosi, balki hissiy jihatdan ham sinovdir. Ular qo‘llab-quvvatlashga, tushunishga va ishtirok etishga muhtoj. Ammo aksariyat hollarda ular stigma va yakkalab qo‘yadigan munosabatlarga duch kelishadi. Masalan, 2022 yildagi MKK so’rovnomasida ishtirok etgan 15-49 yoshdagi ayollarning 76 foizi OIV bilan yashayotgan bolalar boshqa bolalar bilan bir maktabda o‘qimasligi kerak deb ta’kidlagan.
Klinikalarda uzoq kutish vaqti, shifokor qabuliga yozilishdagi qiyinchiliklar, transport muammolari va maxfiylik bilan bog‘liq xavotirlar kabi tizimdagi to‘siqlar vaziyatni yanada og‘irlashtirib, davolanishga sodiqlik darajasini pasaytiradi. Shuningdek, o‘smirlar ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar va murakkab davolash rejalaridan qiynaladi, ota-onalar yoki vasiylar esa ularni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p holatlarda yetarli bilim, ko‘nikma va resurslarga ega emaslar.
Davolanish xizmatlaridan foydalanishni ta’minlash va davolanish rejimiga rioya qilishdagi muammolarni bartaraf etish
Bolalar va o‘smirlarda OIV infeksiyasini davolash qoidalariga rioya qilish ularning salomatligi uchun hayotiy muhim ahamiyat kasb etadi. Tartib-qoidalarga rioya qilgan holda davolanish virusning boshqalarga yuqish xavfini deyarli butunlay yo‘q qiladi, qondagi OIV virusi miqdorini aniqlab bo‘lmaydigan darajagacha tushurish orqali virusni so‘ndirish ehtimolini oshiradi.
O‘smirlar o‘rtasida OIV infeksiyasini davolash imkoniyatidan foydalanish va davolashga sodiqlikdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun UNICEF O‘zbekistonda o‘smirlarning individual va ehtiyojlariga yo‘naltirilgan yondashuvlarni joriy qildi. UNICEF ko‘ngillilar va tengdosh maslahatchilarni tayyorlash, o‘smirlar uchun xavfsiz va inklyuziv muhit yaratish orqali o‘zaro yordam guruhlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Poytaxt Toshkent shahrida ushbu guruhlar har yili 100 nafarga yaqin o‘smirlarni qamrab oladi, bu esa stigma va ijtimoiy ajratib qo’yishni kamaytirib, ularni qo’llab-quvvatlash hamda zarur bo’lga yordamni olish imkoniyatlarini kengaytiradi.
“Tibbiyot markazida tengqurim bo’lgan qiz bilan tanishgan va hayotimni o‘zgartirib yuborgan kunni haligacha eslayman” – deydi Aziza. “U meni “Ishonch va Hayot” nodavlat tashkiloti tomonidan tashkil etilgan, OIV bilan yashovchi bolalar va o‘smirlarga o‘zaro yordam ko’rsatuvchi guruhlar bilan tanishtirdi. Men ham bu guruhlarda qatnasha boshladim va birinchi marta meni chinakamiga tushunishlarini his qildim. Biz o‘z hayotiy hikoyalarimiz bilan o‘rtoqlashar edik, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, eng qiyin daqiqalarda birga bo’lar edik”.
Men ilk marotaba o‘zimni yolg‘iz his qilmadim. Har bir uchrashuv menga kelajakka umid bilan qarashga kuch bag‘ishladi. Hayotimda maqsad borligini angladim. Muloqotlar, ta’lim mashg‘ulotlari va tengdoshlarimning maslahatlari mening o‘rganishimga, fikrlash va rivojlanishimga yordam berdi. Men nafaqat OIV haqidagi bilimlarni egalladim, balki o‘zimni qabul qilishni, kuchli bo‘lishni va stigmaga qarshi kurashishni ham o‘rgandim".
Ushbu yondashuv Aziza va boshqa qizlarga o‘zlarining OIV maqomini qabul qilish, davolanish rejimiga qat’iy rioya qilish, virus yuklamasini kamaytirish va kasallik tarqalishining oldini olish imkonini berdi. Endilikda Azizaning o’zi boshqalarni ruhlantiruvchi faolga aylangan. Hozirda u 19 yoshda, universitetda o‘qiydi, o‘zaro yordam guruhlariga qatnashib, bu yo‘lni endi boshlayotganlarga yordam beradi.
"Bugun men o‘zimni qabul qilaman. Davolanish rejimiga rioya qilishga bo‘lgan motivatsiyam har qachongidan kuchli. Men juda baxtliman — mening virus yuklamam aniqlanmayapti, shu bois men kelajagimga umid bilan boqaman", — deydi u ishonch va tabassum bilan.
UNICEF va uning hamkorlarining faol sa’y-harakatlari natijasida 2021 yilda OIV bilan yashovchi bolalar va o‘smirlarni davolash va parvarish qilish bo‘yicha Milliy klinik bayonnoma qabul qilindi. Ushbu hujjat o‘smirlar orasida OIV infekiyasining oldini olish, davolanish imkoniyatidan foydalanish va davolash rejimiga rioya qilishni yaxshilashga qaratilgan hukumat strategiyasining bir qismidir.
Shuningdek, umumiy amaliyot shifokorlarining OIV sohasidagi salohiyatini kuchaytirish uchun UNICEF tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlariga tegishli modulni kiritish orqali “Bolalik davrida kasalliklarni integratsiyalashgan boshqarish” treninglarini qo‘llab-quvvatladi. UNICEF Respublika OITSga qarshi kurash markazi biln hamkorlikda "OIV bilan yashovchi bolalar va o‘smirlar bilan ijtimoiy ish yuritish" qo‘llanmasini ishlab chiqdi. Ushbu tashabbus doirasida bolalar va o‘smirlarga ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatish uchun butun mamlakat bo‘ylab 120 nafar psixolog va OITS xizmati mutaxassislari tayyorgarlikdan o‘tkazildi.
UNICEFning O‘zbekistondagi faoliyati faqat sog‘liqni saqlash sohasidagi tadbirlar bilan chegaralanib qolmaydi, balki u Aziza kabi qizlarga umid bag‘ishlaydi, ular stigmani yengib o‘tib, o‘z kelajagiga ishonch bilan qarashga ilhomlantiradi. Bunday qo’llab-quvvatlash ko‘pchilik uchun qadr-qimmat, matonat va mazmunli hayot kechirishni anglatadi.
[1] Respublika OITSga qarshi kurash markazi, 2023
[2] Bolalar bo‘yicha OIV taxminiy ko‘rsatkichlari paneli (global/mintaqaviy darajada) – UNICEF DATA
[3] O‘sha manba
[4] O‘sha manba
[5] O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF), 2022. 2021–2022 yillarda O‘zbekistonda Multiindikator klaster kuzatuvlari tadqiqoti, Tadqiqot natijalari hisoboti. Toshkent, O‘zbekiston Respublikasi.
[6] UNICEF va Respublika OITSga qarshi kurash markazi, 2021.