Yosh sardorlar: OIV bilan yashayotgan bolalar va oilalarga umid berish

(Bolalarning ismlari shaxsni himoya qilish uchun o'zgartirilgan)

UNICEF
OIV bilan yashayotgan bolalar va oilalarga umid berish
UNICEF Uzbekistan 25 June
25 Iyun 2021

Muxlisa «tengdosh-tengdoshga» tamoyiliga asoslangan trenerlar uchun trening (ToT) ishtirokchilaridan biridir. U O'zbekistonning 13 viloyatidan kelgan tengdoshlari bilan birgalikda OIV bilan yashovchi bolalarni va ularning oilalarini qo'llab-quvvatlash uchun qanday ishlashni o'rgandi.

«Trening davomida har birimiz yanada rivojlanish va ishlash uchun bizga zarur bo'lgan bilimlarni oldik,- deydi Muxlisa. - Va har birimiz yangi bilim va ko'nikmalar bilan viloyat OITS markazlariga qaytishni, va mutaxassislar bilan birgalikda OIV bilan yashayotgan o'spirinlar va ularning ota-onalari bilan ishlashni, ularga har tomonlama ko'mak berishni o’zimizga maqsad qilib oldik».

ToT ishtirokchilari auditoriya bilan ishlash va OIV bilan bog'liq stigma va kamsitishlarga duch kelganlar uchun maslahat berish usullarini o'rgandilar. Ularning aksariyati OIV bilan yashayotgan bolalar va ularning oilalari uchun kunduzgi parvarish markazlariga boradigan o'spirinlardir. Ularning tayyorgarlik darajasi ancha yuqori.

«Men kunduzgi parvarish markaziga 2015 yildan beri tashrif buyuraman, - deydi Behruz. - Men ilgari ham treninglarda qatnashganman. Ko'ngilli sifatida ta'lim muassasalarida konsultatsiyalar, axborot sessiyalarini o'tkazaman. Men UNAIDSning milliy treneriman va BMTning Yoshlar bo'yicha maslahat kengashining a'zosiman».

Trening davomida o'spirinlar o'zlari duch kelgan qiyinchiliklar va ularni qanday yengib o'tganliklari haqida so'zlab berishdi. Ular OIV bilan yashayotgan odamlarga nisbatan jamoatchilikning salbiy munosabatini o'zgartirish muhimligini ta'kidladilar.

Kelgusi trenerlar tibbiyot xodimlari allaqachon o'qitilganligi tufayli tibbiyot muassasalarida kamsitish hollari kamligini ta'kidladilar. Biroq, ta'lim sohasida bu masala hali hal qilinmagan. Ko'pgina o'spirinlar, o'zlariga nisbatan salbiy munosabat va bullingdan qo'rqqanliklari sababli, o'qish paytida o'z tashxislarini oshkor qilmasliklarini aytishdi.

Trening davomida o'spirinlar Oʻzbekistonning Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig'ining ilm-fan va innovatsiyalar bo'yicha o'rinbosari Botir Qurbonov bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Bolalar Botir Qurbonovga o'zlarining sog'lig'i, huquqlari va imkoniyatlari bilan bog'liq ko'plab savollarni berishdi.

«Sizlar qanday bilim va tajribaga ega ekanligingiz, o'z vazifangizni qanchalik aniq ko'rayotganingiz meni qoyil qoldirdi, - dedi Botir Qurbonov ishtirokchilarga murojaat qilib. - Sizlar haqiqiy yetakchilarsiz va OIV bilan yashayotgan tengdoshlaringizga hamda ularning oilalariga haqiqiy yordam bera olasiz».

Ra'no Oʻzbekistonning Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga OIV bilan yashayotgan odamlarga nisbatan stigma va kamsitishlarga qarshi kurashishda birgalikda ishlashni taklif qildi. Hamma uni qo'llab-quvvatladi.

Ishtirokchilar OIV infektsiyasining oldini olish bo'yicha ma'rifiy va axborot ishlarini nafaqat Jahon OITSga qarshi kurash kun 1- dekabrda, balki har doim ham olib borish kerakligi haqida so'z yuritdilar.

«COVID-19 - yangi infektsiya, uning paydo bo'lganiga atigi ikki yil bo'ldi, ammo hamma joyda u haqida banerlar, flayerlar, videofilmlar shaklida juda ko'p ma'lumotlar bor. O'zini ushbu yuqumli kasallikdan himoya qilish uchun nima qilish kerakligini hamma biladi», - dedi Rustam. «OIV infektsiyasiyasiga qirq yildan ortdi, lekin bu borada faol axborot va targ'ibot ishlari juda kam olib borilyapti».

Ishtirokchilar muayyan vaziyatli vazifalarga yechim topishdi, murakkab masalalarni hal qilish bo'yicha o'z tavsiyalarini berishdi. Ular o'zlarini joylarda OIV bilan yshayotgan o'spirinlarga yordam beradigan jamoaning bir qismi deb ko'rishdi. Yosh trenerlar onlayn platformalar orqali ma'lumot va tajriba almashishga kelishib oldilar.

«Men bilan birga viloyatdan bir qiz keldi, - deydi Surxondaryo viloyati OITSga qarshi kurash markazi psixologi Shaxlo Xolova. - Birinchi kuni u o'zini chetga tortib, nima bo'layotganini shunchaki kuzatib turdi. Keyin u faol ishtirok eta boshladi. Uning so'zlariga ko'ra, bu yerda ular trenerlar va tengdoshlaridan umid olishgan va endi u bu to’g’risida OIV bilan yashayotgan boshqa bolalar va oilalar bilan bo'lishishga tayyor».

UNICEF treningni UNAIDSning moliyaviy ko'magi bilan O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan birgalikda shu yilning 12-14 iyun kunlari o'tkazdi.