OIV bilan yashaydigan odamlarni qo'llab-quvvatlovchi mutaxassislarning malakasini oshirish

OITSga qarshi kurash markazlari pediatrlari va psixologlari uchun milliy trening

Niginakhon Tursunova
Руки подростка с символом красной ленты на ладони
UNICEF Uzbekistan
01 Dekabr 2022

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, UNAIDS va UNICEF bilan hamkorlikda OITSga qarshi kurash markazlari pediatrlari va psixologlari uchun milliy trening o‘tkazdi. Ushbu mutaxassislar O'zbekistonda OIV bilan yashayotgan bolalar va o'smirlar, hamda ularning oilalariga ruhiy-ijtimoiy xizmatlar ko'rsatadilar.

Treningning maqsadi ishtirokchilarni OIV bilan yashayotgan bolalar va o‘smirlar, hamda ularning oilalari bilan ishlashda bolalar huquqlarini himoya qilishning xalqaro amaliyoti va aralashuvlar bilan tanishtirish edi.

O’quv mashg’ulotini UNICEF ekspertlari, psixologlar va O‘zbekiston Milliy universiteti “Ijtimoiy ish” kafedrasi o‘qituvchilari o’tkazishdi. Ishtirokchilar OIV bilan yashaydigan bolalar va o'smirlar, hamda ularning oilalari bilan ishlashda tez-tez o’zlari duch keladigan qiyinchiliklar haqida fikr almashdilar.

Asosiy masala OIV holatini oshkor qilish bilan bog'liq. Ushbu guruh odamlari bilan ishlaydigan ishtirokchilarning so’zlariga ko‘ra, OIV bilan yashayotgan odamlarga nisbatan stigma va kamsitish O‘zbekistonda keng tarqalgan muammo hisoblanadi. Ota-onalar o'z farzandlarini OIVga tekshirishdan bosh tortadi yoki uni paysalga solib, faqat bola allaqachon kasal bo'lganida tashxis qo'yishadi. Ba'zi ota-onalar o’zlarining o'smir farzandlariga uning OIV holatini oshkor qilmaydi, ya'ni bola optimal parvarish va davolanish imkoniyatiga ega bo’lmaydi, buning oqibatida esa kasallanish va o'lim darajasi yuqori bo’ladi. Ko'p hollarda onalar hatto turmush o’rtog’i va qarindoshlariga ham bu haqda aytishdan qo'rqishadi. Bolaga qo’yilgan tashxis oilaning ajralishiga olib kelgan hollar ham kam emas, bu holda onalar yolg'iz o’zlari farzandlariga g'amxo'rlik qiladi, o'z tirikchiligi va farzandini qo’llab-quvvatlash uchun jon-jahdi bilan yolg’iz kurashadi. OIV bilan yashovchi ko'plab bolalar va o'smirlar yomon ruhiy-ijtimoiy farovonlikni boshdan kechiradi. Oila, tengdoshlar, ijtimoiy xodimlar, tibbiyot mutaxassislari va psixologlardan tashkil topgan qo'llab-quvvatlash tarmoqlari har doim ham mavjud emas va ularning xizmatlridan foydalanishni imkoniyatiga osongina erishib bo’lmaydi.

“Biz har doim mutaxassislar ishining diqqat-e’tibori markazida bolaning eng ustuvor manfaatlari bo'lishi kerakligini tushuntiramiz. Mutaxassislarimiz oilalarga davolanishning muhimligi, sog'liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlardan qayerda va qanday foydalanish mumkinligi haqida malakali maslahat bera oladigan bo’lishlari kerak”, deydi Yulduzxon Umarbekova, UNICEFning milliy maslahatchisi.

Jami 22 nafar mutaxassis OIV infektsiyasi bilan yashayotgan bolalar va o‘smirlar huquqlarini to‘liq amalga oshirishni yanada yaxshiroq ta’minlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirdi. Boshqalar qatorida ular xizmat ko'rsatishda kamsitishlarga qarshi yondashuvlar va turli maslahat usullari haqida tushunchalarini ham chuqurlashtirdilar.