Nima uchun barcha chaqaloqlarga gepatit B vaksinasi zarur?

Gepatit B bilan kasallangan odamlarning taxminan 30 foizi kasallikni qanday yuqtirganini bilmaydi

UNICEF
UNICEF
UNICEF
21 Oktabr 2025

Gepatit B bilan kasallangan odamlarning aksariyati o‘z kasalliklaridan bexabar bo‘lgani sababli, virus boshqalarga osonlik bilan yuqishi mumkin. Zararlanish paytida odam qanchalik yosh bo‘lsa, kasallikning oqibatlari shunchalik og‘ir kechadi.

Gepatit B nima?

Gepatit B - jigarni zararlaydigan virusli infeksiyadir. U jigar sirroziga yoki jigar saratoniga olib kelishi mumkin. Ushbu virus har yili butun dunyo bo‘ylab bir milliondan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ladi va yana millionlab odamlarni zararlaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning Yevropa va Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqasida hozirgi vaqtda gepatit B bilan kasallangan 26 millionga yaqin odam mavjud.

Gepatit B ni davolab bo‘lmasa-da, emlash orqali uning oldini olish mumkin.

Ko‘pchilik odamlar, ayniqsa kattalar, infeksiya yuqqanda hech qanday alomatlarni sezmaydilar. Shu sababli, ular ko‘pincha kasallik og‘ir bosqichga o‘tmaguncha o‘zlarida kasallik borligini bilmaydilar.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, gepatit B bilan kasallangan odamlarning 87 foizi o‘z kasalligi haqida bilmaydi. Bu esa ularning infeksiyani boshqalarga yuqtirish xavfi yuqori ekanligini anglatadi.

Nima uchun gepatit B bolalar uchun xavfli?

Gepatit B bilan og‘rigan chaqaloqlar va bolalarda kasallikning o‘tkir belgilari ko‘proq kuzatiladi. Gepatit B ning o‘tkir belgilariga sariqlik, ich ketishi, ishtahaning yo‘qolishi, isitma, holsizlik, siydikning to‘q rangga kirishi va boshqa alomatlar kiradi. Ba’zi hollarda bu kasallik jigar yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.

Gepatit B surunkali shaklga o‘tganda, ya’ni olti oy va undan ko‘proq davom etganda, u jiddiy uzoq muddatli oqibatlarga, jumladan jigar saratoni va boshqa jigar kasalliklariga olib kelishi mumkin. Bu, ayniqsa, bolalik davrida yuqqanda tez-tez uchraydi.

Gepatit B bilan kasallangan 20 nafar katta yoshli odamdan bittasida surunkali gepatit rivojlanadi. Ammo hayotining birinchi yilida kasallangan 20 nafar chaqaloqdan 18 nafarida surunkali gepatit rivojlanadi. Bir yoshdan to‘rt yoshgacha kasallangan 20 nafar boladan 5-10 nafarida surunkali gepatit rivojlanadi.

Surunkali gepatit B bilan og‘rigan har to‘rtinchi bola jigar saratoni yoki boshqa jigar shikastlanishidan vafot etadi.

Gepatit B bolalarga qanday yuqadi?

Gepatit B qon va boshqa biologik suyuqliklar orqali yuqadigan virus tomonidan qo‘zg‘atiladi. Gepatit B jinsiy aloqa yoki ignalardan birgalikda foydalanish orqali yuqishi mumkin, shuningdek u boshqa yo‘llar bilan ham yuqadi. Xususan, bu virus tanadan tashqarida, hatto yuzalarda yetti kungacha yashay oladi.

Bolalarda gepatit B ning eng ko‘p tarqalgan yuqish usuli - tug‘ruq paytida kasallangan onadan virusning o‘tishidir. Virus yo‘ldosh orqali o‘tmaydi, shuning uchun homiladorlik davrida homila unga chalinmasligi mumkin. Biroq, tug‘ruq paytida onaning qoni bilan aloqa qilish yangi tug‘ilgan chaqaloqni yuqtirish xavfini oshiradi. Odatda virus ona suti orqali yuqmaydi, faqat onaning ko‘krak uchlari yorilgan yoki qonagan hollarda yuqishi mumkin.

Hatto gepatit B bilan kasallanmagan onalarning bolalari ham infeksiya xavfi ostida bo‘lishi mumkin. Kattalar singari, bolalar ham gigiyena qoidalari buzilgan holda o‘tkazilgan tibbiy muolajalar natijasida, masalan, ignalar, skalpellar yoki boshqa tibbiy asbob-uskunalardan foydalanganda gepatit B bilan kasallanishi mumkin. Ilgari gepatit B ning tarqalishi shifoxonalar, stomatologiya klinikalari va hatto akupunktura markazlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan.

Bundan tashqari, bolalar gepatit B ni boshqa yo‘llar bilan ham yuqtirishi mumkin. Masalan, bolalar bog‘chasida boshqa bolalar tomonidan tishlanish yoki tirnalish orqali, shuningdek kurash mashg‘ulotlari paytida belgilari yo‘q jamoa a’zosidan yuqtirish hollari uchraydi.

Gepatit B bilan kasallangan odamlarning taxminan 30 foizi kasallikni qanday yuqtirganini bilmaydi.

Aynan shu sababga ko‘ra, erta bolalik davrida emlash juda muhim hisoblanadi va odatda faqat onalari gepatit B ga ijobiy test topshirganlarga emas, balki barcha chaqaloqlarga tavsiya etiladi.

Gepatit B ga qarshi emlash nima?

Gepatit B ga qarshi birinchi vaksina 1981-yilda tasdiqlangan. U infeksiyadan himoyalanishda 98 foiz samarali hisoblanadi.

JSST barcha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tug‘ilgandan keyin 24 soat ichida vaksinaning birinchi dozasini yuborishni tavsiya qiladi. Yana ikki-uch dozasi taxminan to‘rt hafta oralatib yuboriladi.

Emlashning eng ko‘p uchraydigan nojo‘ya ta’siri inyeksiya qilingan joyda og‘riq va bir-ikki kun davomida tana haroratining ko‘tarilishidir. O‘nlab yillar davomida olib borilgan tadqiqotlar natijasida gepatit B ga qarshi emlash va autizm, tarqoq skleroz hamda boshqa nevrologik kasalliklar yoki rivojlanish buzilishlari o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik topilmagan.

Vaksina keng tarqalishidan oldin dunyodagi har yigirmanchi bola gepatit B bilan kasallangan.

Hozir bu kasallik bilan bolalarning bir foizdan kamrog‘i og‘riydi.