Internetdagi kamsitish: bu nima va u bilan qanday kurashish kerak
O‘smirlar bilishni xohlaydigan internetdagi kamsitish haqidagi 10 ta fakt
"Internet tarmog‘idagi kamsitish haqida nimalarni bilmoqchisiz?" Biz bu savolni yoshlarga berganimizda, dunyo bo‘ylab minglab javoblar oldik.
Biz UNICEF mutaxassislari, internet tarmog‘idagi zo‘ravonlik va bolalarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro ekspertlarni jamladik hamda savollarga javob berish va internet tarmog‘idagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish yo‘llari bo‘yicha maslahat berish uchun Facebook, Instagram va Twitter bilan hamkorlik qildik.
Internet tarmog‘idagi kamsitish nima?
Internet tarmog‘idagi kamsitish (kiberbulling) - bu raqamli texnologiyalardan foydalangan holda ozor berishdir. U ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, o‘yin platformalari va mobil telefonlarda yuz berishi mumkin. Bu jabrlanuvchilarni qo‘rqitish, g‘azablantirish yoki uyaltirish maqsadida takrorlanadigan xatti-harakatdir. Bunga quyidagi misollarni keltirish mumkin:
• ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on ma’lumotlar tarqatish yoki kimningdir obro‘siga putur yetkazadigan suratlarni joylashtirish;
• messenjerlar orqali haqoratli xabarlar yoki tahdidlar yuborish;
• birovning shaxsiyatini o‘zlashtirib, uning nomidan boshqalarga xabar yuborish.
Shaxsiy muloqotdagi zo‘ravonlik va internet tarmog‘idagi kamsitish ko‘pincha bir vaqtning o‘zida sodir bo‘ladi. Biroq, internet tarmog‘idagi kamsitish raqamli iz qoldiradi, bu bir jihatdan foydali bo‘lib, zo‘ravonlikni to‘xtatishga yordam beradigan dalillarni ta’minlashi mumkin.
Internetdagi kamsitish haqida 10 ta asosiy savol
1. Internetda meni kamsitishayotganini qanday tushunish mumkin? Hazilni bezorilikdan qanday farqlash mumkin?
2. Internetdagi kamsitish qanday oqibatlarga olib keladi?
3. Internetda meni kamsitishsa, kim bilan gaplashishim kerak? Nima uchun bu haqda xabar berish muhim?
4. Meni internetda kamsitishadi, lekin buni ota-onamga aytishdan qo‘rqaman. Ular bilan qanday gaplashsam ekan?
5. Do‘stlarimga, ayniqsa, ular buni aytishni istamasalar, ularni Internetda kamsitish qilayotganlari haqida xabar berishda qanday yordam berishim mumkin?
6. Internetdan foydalanishni yo‘qotmagan holda internetdagi kamsitishni qanday to‘xtatish mumkin?
7. Ijtimoiy tarmoqlarda meni manipulyatsiya qilish yoki haqorat qilish uchun shaxsiy ma’lumotlarimdan foydalanishning oldini olish uchun nima qilish kerak?
8. Internetda kamsitish uchun jazo bormi?
9. Internet-kompaniyalarning internetda kamsitish va ta’qib qilish bilan ishi yo‘qdek taassurot paydo bo‘ladi. Ular biron-bir mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishadimi?
10. Bolalar va yoshlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun onlayn vositalar bormi?
1. Internetda meni kamsitishayotganini qanday tushunish mumkin? Hazilni kamsitishdan qanday farqlash mumkin?
UNICEF:
Barcha do‘stlar bir-birlari bilan hazillashadi, lekin ba’zida kimdir ko‘ngil ochyaptimi yoki sizga ozor berishga urinayotganini, ayniqsa internetda, farqlash qiyin bo‘ladi. Ba’zan odamlar kulib, "biz shunchaki hazillashyapmiz" yoki "buni jiddiy qabul qilma" deyishadi.
Ammo agar o‘zingizni xafa his qilsangiz yoki boshqalar siz bilan emas, balki sizning ustingizdan kulishayotganini o‘ylasangiz, demak hazil haddan oshgan bo‘ladi. Agar siz to‘xtatishni so‘raganingizdan keyin ham bu davom etsa va siz hamon bundan xafa bo‘lsangiz, u holda bu aynan kamsitish bo‘lishi mumkin.
Kamsitish internetda sodir bo‘lganda, bu odamlarning keng doirasi, shu jumladan notanish kishilar tomonidan nomaqbul e’tiborga sabab bo‘lishi mumkin. Bu qayerda sodir bo‘lishidan qat’iy nazar, agar siz bundan norozi bo‘lsangiz, buni qabul qilishingiz shart emas.
Qanday nomlanishidan qat’iy nazar, agar ahvolingiz yomonlashsa va kamsitish to‘xtamasa, yordam so‘rash kerak. Internetdagi kamsitishni to‘xtatish - bu nafaqat kamsituvchilarni qoralash, balki har bir inson ham internetda, ham real hayotda hurmatga loyiqligini tan olishdir.
2. Internetdagi kamsitish va zo‘ravonlikning oqibatlari qanday?
UNICEF:
Internetda kamsitish va zo‘ravonlik qilinayotganda, sizni hamma joyda, hatto o‘z uyingizda ham ta’qib qilishayotgandek tuyulishi mumkin. Bu holatdan qutulish imkonsiz bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Buning oqibatlari uzoq vaqt davom etishi va insonga turli yo‘llar bilan ta’sir ko‘rsatishi mumkin:
• Ruhiy jihatdan - o‘zini tushkun, uyatga qolgan, ahmoq, hatto g‘azablangan his qilish.
• Hissiy jihatdan - uyalish tuyg‘usi yoki sevimli narsalarga qiziqishni yo‘qotish.
• Jismoniy jihatdan - charchoq hissi (uyqu buzilishi) yoki qorin og‘rig‘i va bosh og‘rig‘i kabi belgilar.
Boshqalar ustingizdan kulayotgani yoki haqorat qilayotganini his qilish, insonlarning o‘z fikrini bildirishi yoki muammoni hal qilishga urinishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Ayrim hollarda internetdagi kamsitish hatto o‘z joniga qasd qilishga ham olib kelishi mumkin.
Internetdagi kamsitish bizga turli yo‘llar bilan ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ammo buni yengib o‘tish mumkin va insonlar o‘zlariga bo‘lgan ishonchni va sog‘liqni qayta tiklashlari mumkin.
3. Internetda meni kamsitishsa, kim bilan gaplashishim kerak? Nima uchun bu haqda xabar berish muhim?
UNICEF:
Agar sizni haqorat qilishayotganini his qilsangiz, birinchi qadam ishonchli kishiga, masalan, ota-onangizga, yaqin qarindoshingizga yoki boshqa ishonchli katta yoshli insonga yordam so‘rab murojaat qilishdir.
Maktabingizda maslahatchi, sport murabbiyi yoki sevimli o‘qituvchingizga murojaat qilishingiz mumkin.
Agar tanishlaringiz bilan gaplashish noqulay bo‘lsa, o‘z mamlakatingizdagi "ishonch telefoni" orqali professional maslahatchi bilan suhbatlashing.
Agar qo‘pol munosabat ijtimoiy tarmoqda sodir bo‘lsa, aybdorni bloklash va uning xatti-harakatlari haqida platformaga rasman xabar berishni o‘ylab ko‘ring. Ijtimoiy tarmoqlar o‘z foydalanuvchilarining xavfsizligini ta’minlashi shart.
Nima sodir bo‘layotganini ko‘rsatish uchun dalillar - xabarlar va ijtimoiy tarmoqlardagi postlarning skrinshotlarini to‘plash foydali bo‘lishi mumkin.
Qo‘pol munosabatni to‘xtatish uchun uni aniqlash kerak, shuning uchun bu haqda xabar berish juda muhim. Bu, shuningdek, aybdorga uning xatti-harakati nomaqbul ekanligini ko‘rsatishga yordam beradi.
Agar siz bevosita xavf ostida bo‘lsangiz, mamlakatingizdagi Ichki ishlar organlari yoki tez yordam xizmatiga murojaat qiling.
Qo‘pol munosabatni to‘xtatish uchun uni aniqlash kerak, shuning uchun bu haqda xabar berish juda muhim.
Facebook/Instagram:
Agar siz internetda qo‘pol munosabatga duch kelsangiz, ota-onangiz, o‘qituvchingiz yoki ishonchli boshqa kishi bilan gaplashishni tavsiya qilamiz - siz xavfsizlik huquqiga egasiz. Shuningdek, har qanday qo‘pol munosabat haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Facebook yoki Instagramga osongina xabar yuborishingiz mumkin.
Siz har doim jamoamizga Facebook yoki Instagramdagi post, izoh yoki hikoyadan anonim hisobot yuborishingiz mumkin.
Dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq tilda kundalik ishlaydigan jamoamiz bor va biz barcha haqoratli yoki qo‘rqituvchi xabarlarni o‘chirib tashlaymiz. Bu xabarlar har doim anonim bo‘ladi.
Bizda qo‘pol munosabat bilan kurashishga yordam beradigan yoki boshqa birovga nisbatan qo‘pol munosabatni ko‘rsangiz nima qilish kerakligini tushuntiruvchi Facebook qo‘llanmasi bor. Shuningdek, Instagramda ota-onalar uchun qo‘llanma mavjud bo‘lib, unda ota-onalar, vasiylar va kattalar uchun internetdagi qo‘pol munosabat masalalarida qanday harakat qilish bo‘yicha tavsiyalar va xavfsizlik vositalarimiz haqida ma’lumot olishingiz mumkin bo‘lgan maxsus markaz bor.
Twitter:
Agar internetda qo‘pol munosabatga duch kelayotganingizni o‘ylasangiz, eng muhimi - o‘z xavfsizligingizni ta’minlashdir. Sizni qiynayotgan narsa haqida kimdir bilan gaplashishingiz juda muhim. Bu o‘qituvchi, ishonchli katta yoshli inson yoki ota-ona bo‘lishi mumkin. Agar siz yoki do‘stingiz internetda qo‘pol munosabatga duch kelsangiz, nima qilish kerakligi haqida ota-onangiz va do‘stlaringiz bilan suhbatlashing.
Biz odamlarni qoidalarimizni buzishi mumkin bo‘lganlar haqida xabar berishga chaqiramiz. Siz buni bizning yordam markazidagi qo‘llab-quvvatlash sahifalarida yoki "Tvit haqida xabar berish" tugmasini bosib, Twitter xabar mexanizmi orqali amalga oshirishingiz mumkin.
4. Meni internetda kamsitishadi, lekin buni ota-onamga aytishdan qo‘rqaman. Ular bilan qanday gaplashsam ekan?
UNICEF:
Agar sizni internetda kamsitishayotgan bo‘lsa, ishonchli katta yoshli odam yoki o‘zingizni xavfsiz his qiladigan inson bilan gaplashish eng muhim birinchi qadamlardan biridir.
Ota-onalar bilan gaplashish hamma uchun ham oson emas. Ammo suhbatni boshlash uchun ba’zi narsalarni qilishingiz mumkin. Suhbat uchun ota-onangiz sizga to‘liq e’tibor bera oladigan vaqtni tanlang. Muammoning siz uchun qanchalik jiddiyligini tushuntiring. Esda tutingki, ota-onalaringiz texnologiyalarni sizchalik yaxshi bilmasligi mumkin, shuning uchun ularga vaziyatni tushuntirishda yordam berishingizga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Ular sizga darhol javob topolmasligi mumkin, lekin ular yordam berishni xohlashadi va birgalikda yechim topa olasiz. Bir kalla - kalla, Ikki kalla - tilla. Agar nima qilishni bilmasangiz, ishonchli boshqa odamlar bilan gaplashish imkoniyatini ko‘rib chiqing. Ko‘pincha sizga g‘amxo‘rlik qiladigan va yordam berishni xohlaydigan odamlar siz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq bo‘ladi!
5. Do‘stlarimga, ayniqsa, ular buni aytishni istamasalar, ularni Internetda kamsitish qilayotganlari haqida xabar berishda qanday yordam berishim mumkin?
UNICEF:
Internetda har qanday odam zoravo‘nlik qurboni bo‘lishi mumkin. Agar tanishlaringizdan biriga shunday holat yuz berayotganini ko‘rsangiz, unga qo‘llab-quvvatlash taklif qiling.
Do‘stingizni tinglash juda muhim. U nima uchun internetdagi zoravo‘nlik haqida xabar berishni xohlamayapti? O‘zini qanday his qilmoqda? Unga rasman biror narsa haqida xabar berishga majbur emasligini, lekin yordam bera oladigan kimdir bilan suhbatlashish muhimligini tushuntiring.
Esda tuting, do‘stingiz o‘zini himoyasiz his qilishi mumkin. Unga mehribon bo‘ling. Nima va kimga aytish kerakligi haqida o‘ylashga yordam bering. Agar do‘stingiz zoravo‘nlik haqida xabar berishga qaror qilsa, u bilan birga borishni taklif eting. Eng muhimi, do‘stingizga siz uning yonida ekaningizni va yordam bermoqchi ekaningizni eslatib turing.
Agar do‘stingiz hamon voqea haqida xabar berishni istamasa, unga vaziyatni hal qilishda yordam bera oladigan ishonchli katta yoshli odamni topishga ko‘maklashing. Yodda tuting, ba’zi holatlarda internetdagi zoravo‘nlik oqibatlari hayotga xavf solishi mumkin.
Harakatsizlik insonni hamma unga qarshi ekanligini yoki hech kimning u bilan ishi yo‘qligini his qilishiga olib kelishi mumkin. Sizning so‘zlaringiz vaziyatni o‘zgartirishga yordam berishi mumkin.
Facebook/Instagram:
Biz bilamizki, sizni xafa qilgan odam haqida xabar berish qiyin bo‘lishi mumkin. Ammo kimnidir kamsitishni aslo normal qabul qilib bo’lmaydi.
Facebook yoki Instagramdagi kontent haqida xabar berish platformalarimizda xavfsizligingizni yaxshiroq ta’minlashimizga yordam beradi. Tazyiq va ta’qib qilish juda shaxsiy xususiyatga ega, shuning uchun ko‘p hollarda tajovuzkorni aniqlash yoki akkauntni bloklashdan oldin bizga bu haqda xabar berishingiz kerak bo‘ladi.
Internetdagi kamsitish haqidagi xabar Instagram va Facebookda har doim anonim bo‘ladi va hech kim sizning bunday xatti-harakat haqida xabar berganingizni bilmaydi.
Siz o‘zingiz duch kelgan holat haqida xabar berishingiz mumkin, shuningdek, ilovadagi mavjud vositalardan foydalanib, do‘stingiz boshidan o‘tkazgan voqea haqida ham osonlikcha xabar qilishingiz mumkin. Biror narsa haqida qanday xabar berish to‘g‘risida batafsil ma’lumot Instagram va Facebook yordam markazlarida berilgan.
Shuningdek, siz do‘stingizga Instagramdagi "Cheklash" (Restrict) vositasi haqida aytib berishingiz mumkin. U orqali boshqalarga qo‘pol ko‘rinishi mumkin bo‘lgan bloklashtirish usulini qo‘llamasdan turib, o‘z hisobingizni himoya qila olasiz.
Twitter:
Biz tashqi kuzatuvchilar tomonidan xabar berish imkoniyatini kiritdik. Bu shuni anglatadiki, siz boshqa shaxs nomidan hodisa haqida xabar bera olasiz. Endi buni shaxsiy ma’lumotlar va boshqa shaxs nomidan foydalanish holatlari haqidagi xabarlar uchun ham qo‘llash mumkin.
6. Internetdan foydalanishni yo‘qotmagan holda internetdagi kamsitishni qanday to‘xtatish mumkin?
UNICEF:
Internet ko‘plab afzalliklarga ega. Biroq, hayotdagi ko‘p narsalar singari, u ham o‘zingizni himoya qilishingiz kerak bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z ichiga oladi.
Agar siz internetda kamsitishga duch kelsangiz, ba’zi ilovalarni o‘chirib qo‘yishingiz yoki tiklanish uchun vaqt berish maqsadida ma’lum vaqt oflayn rejimda qolishingiz mumkin. Ammo internetdan butunlay voz kechish uzoq muddatli yechim emas. Axir siz hech qanday yomonlik qilmadingiz-ku, nima uchun noqulay ahvolga tushishingiz kerak? Bu hatto sizni xafa qilayotganlarga noto‘g‘ri signal berib, ularning nomaqbul xatti-harakatlarini rag‘batlantirishi mumkin.
Barchamiz internetdagi zo‘ravonlikning to‘xtashini istaymiz va bu internetdagi zo‘ravonlik haqida xabar berishning naqadar muhimligini ko‘rsatadi. Biroq biz orzu qilgan internetni yaratish uchun faqat zo‘ravonlik haqida xabar berishning o‘zi kifoya emas. Biz ulashayotgan yoki aytayotgan gaplar boshqalarni xafa qilmayotganini o‘ylab ko‘rishimiz lozim. Internetda ham, haqiqiy hayotda ham bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘lishimiz kerak. Hammasi aynan barchamizga bog‘liq!
Biz baham ko‘rgan narsalarimiz yoki aytgan gaplarimiz boshqalarni xafa qilmayaptimi, deb o‘ylab ko‘rishimiz kerak.
Facebook/Instagram:
Biz uchun Instagram va Facebook o‘zini ifoda etish uchun xavfsiz va ijobiy makon bo‘lib qolishi muhim: odamlar o‘zlarini xavfsiz his qilsalargina bir-birlari bilan nimanidir baham ko‘rishlari qulay bo‘ladi. Biroq, biz internetdagi kamsitish xalaqit berishi va salbiy tajriba yaratishi mumkinligini bilamiz. Shu sababli, Instagram va Facebook’da internetdagi kamsitishga qarshi kurashishga intilamiz.
Buni ikki asosiy usul bilan amalga oshiramiz. Birinchidan, odamlar kamsitishga duch kelishi yoki uning guvohi bo‘lishining oldini olish imkonini beradigan texnologiya yordamida. Masalan, odamlar sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanib, boshqalarni haqoratlash yoki xafa qilishga qaratilgan sharhlarni avtomatik ravishda filtrlash va yashirish uchun sozlamani yoqishlari mumkin.
Ikkinchidan, odamlarga Facebook va Instagram’da o‘z tajribalarini sozlash vositalarini taqdim etish orqali ijobiy xatti-harakatlar va o‘zaro munosabatlarni rag‘batlantirishga harakat qilamiz. "Cheklash" funksiyasi - bu tajovuzkorni kuzatishda davom etgan holda, o‘z akkauntingizni himoya qilish uchun mo‘ljallangan vositalardan biridir.
Twitter:
Yuz millionlab odamlar o‘z g‘oyalarini Twitter’da baham ko‘rayotgani sababli, kelishmovchiliklar paydo bo‘lishi tabiiy. Bu afzalliklardan biri, chunki barchamiz norozilik va hurmatli munozaralar tajribasidan biror narsa o‘rganishimiz mumkin.
Ammo ba’zida, ma’lum vaqt davomida kimningdir nuqtai nazarini tinglaganingizdan so‘ng, bu odam bilan muloqot qilishni xohlamasligigiz mumkin. Bunday odamlarning o‘z fikrini bildirish huquqi, sizning ularni tinglashingiz shartligini anglatmaydi.
7. Ijtimoiy tarmoqlarda meni manipulyatsiya qilish yoki haqorat qilish uchun shaxsiy ma’lumotlarimdan foydalanishning oldini olish uchun nima qilish kerak?
UNICEF:
Internetda biror narsani e’lon qilish yoki ulashishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘ring: bu ma’lumot internetda doimiy qolishi va kelajakda sizga zarar yetkazish uchun ishlatilishi mumkin. Manzilingiz, telefon raqamingiz yoki maktabingiz nomi kabi shaxsiy ma’lumotlaringizni oshkor qilmang.
Sevimli ijtimoiy tarmoq ilovalaringizning maxfiylik sozlamalari bilan tanishing. Bunday ilovalarning ko‘pchiligida quyidagi amallarni bajarishingiz mumkin:
Akkauntingizning maxfiylik sozlamalarini o‘zgartirib, profilingizni kim ko‘rishi, sizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabar yuborishi yoki postlaringizga izoh qoldirishi mumkinligini belgilashingiz mumkin.
Haqoratli sharhlar, xabarlar va rasmlar haqida xabar berishingiz va ularni olib tashlashni so‘rashingiz mumkin.
Do‘stlar ro‘yxatingizdan odamlarni o‘chirishdan tashqari, ularni butunlay bloklashingiz ham mumkin, shunda ular profilingizni ko‘ra olmaydilar va siz bilan bog‘lana olmaydilar.
Shuningdek, muayyan odamlarning izohlarini yashirishingiz mumkin, bunda ular faqat o‘zlariga ko‘rinadi, lekin bu odamlarni butunlay bloklamaydi.
Profilingizdagi postlarni o‘chirishingiz yoki ularni ma’lum odamlardan yashirishingiz mumkin.
Sevimli ijtimoiy tarmoqlaringizning aksariyatida kimnidir bloklasangiz, profilingizga kirishini cheklasangiz yoki xatti-harakatlari haqida xabar bersangiz, bu odamlar buning farqiga bormaydilar.
8. Internetda kamsitish uchun jazo bormi?
UNICEF:
Aksariyat maktablar kamsitishga jiddiy yondashadi va unga qarshi kurashish choralarini ko‘radi. Agar siz boshqa o‘quvchilar tomonidan internetda kamsitishga duch kelsangiz, bu haqda maktabingizga xabar bering.
Kamsitishning har qanday shakli, shu jumladan, bezorilik va internetdagi kamsitish qurbonlari adolatli sud jarayoniga va jabr yetkazuvchini javobgarlikka tortishga haqli.
Kamsitishga qarshi qonunlar, ayniqsa internetdagi kamsitishga oid qonunlar nisbatan yangi bo‘lib, hali ham hamma joyda mavjud emas. Shu sababli, ko‘plab mamlakatlar internetdagi kamsitish uchun jazolashda ta’qib qilishga qarshi qonunlar kabi boshqa tegishli qonunlarga tayanadi.
Internetdagi kamsitish to‘g‘risida maxsus qonunlar amal qiladigan mamlakatlarda, ataylab jiddiy ruhiy azob yetkazadigan internet xatti-harakatlari jinoiy faoliyat sifatida qaraladi. Bu mamlakatlarning ba’zilarida internetdagi kamsitish qurbonlari himoya so‘rashi, ko‘rsatilgan shaxsning o‘zi bilan muloqot qilishini taqiqlashi va ushbu shaxs tomonidan internetdagi kamsitish uchun ishlatiladigan elektron qurilmalardan foydalanishni vaqtincha yoki butunlay cheklashi mumkin.
Shunga qaramay, jazo har doim ham zo‘ravonlarning xulq-atvorini o‘zgartirishning eng samarali usuli emasligini yodda tutish muhim. Ko‘pincha zararni bartaraf etish va munosabatlarni tiklashga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.
Facebook/Instagram:
Facebook’da hamjamiyat standartlari to‘plami, Instagram’da esa hamjamiyat tamoyillari mavjud bo‘lib, biz hamjamiyatimizdan ularga rioya qilishni so‘raymiz. Agar ushbu qoidalarni buzadigan kontent aniqlansa, masalan, zo‘ravonlik yoki ta’qib qilish holatlari, biz uni o‘chirib tashlaymiz.
Agar kontent noto‘g‘ri o‘chirilgan deb hisoblasangiz, shikoyat qilishingiz ham mumkin. Instagram’da yordam markazimiz orqali kontent yoki hisobni o‘chirishga shikoyat qilishingiz mumkin. Facebook’da ham xuddi shu jarayonni yordam markazi orqali amalga oshirishingiz mumkin.
Twitter:
Biz barcha odamlar bir-birlari bilan erkin va xavfsiz muloqot qilishlarini ta’minlash uchun qoidalarimizga qat’iy rioya etilishini nazorat qilamiz. Aniqroq aytganda, ushbu qoidalar quyidagi mavzularni o‘z ichiga olgan bir qator sohalarni qamrab oladi:
• Zo‘ravonlik
• Bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish
• Shafqatsiz munosabat/ta’qib
• Nafratni qo‘zg‘atuvchi xatti-harakatlar
• O‘z joniga qasd qilish yoki o‘ziga zarar yetkazish
• Nozik xarakterdagi materiallar, shu jumladan zo‘ravonlik tasvirlari va kattalar uchun materiallar
Ushbu qoidalar doirasida kontent qoidalarni buzganda, biz bir qator turli xil majburlov choralarini ko‘ramiz. Agar majburlov choralarini qo‘llasak, buni kontentning ma’lum bir qismiga (masalan, alohida tvit yoki shaxsiy xabarga) yoki butun hisobga nisbatan amalga oshirishimiz mumkin.
Majburlov choralarimiz haqida batafsil ma’lumotni saytimiz orqali olishingiz mumkin.
9. Internet-kompaniyalarning internetda kamsitish va ta’qib qilish bilan ishi yo‘qdek taassurot paydo bo‘ladi. Ular biron-bir mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishadimi?
UNICEF:
Internet kompaniyalari tobora ko‘proq internetdagi kamsitish muammosiga e’tibor qaratmoqda.
Ularning ko‘pchiligi ushbu muammoni hal qilish yo‘llarini taklif etib, yangi vositalar, ko‘rsatmalar va internetdagi kamsitish haqida xabar berish usullari orqali o‘z foydalanuvchilarini yaxshiroq himoya qilmoqda.
Biroq, bu yetarli emas. Ko‘plab yoshlar har kuni internetda kamsitishga duch kelmoqda. Ularning ba’zilari internetdagi shafqatsiz munosabatning eng og‘ir ko‘rinishlariga duchor bo‘lmoqda. Ayrimlari hatto o‘z joniga qasd qilishgacha borib yetmoqda.
Texnologiya kompaniyalari o‘z foydalanuvchilarini, ayniqsa bolalar va yoshlarni himoya qilish majburiyatiga ega.
Agar ular bu majburiyatlarni bajarmasa, barchamiz ularni javobgarlikka tortishimiz lozim.
10. Bolalar va yoshlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun onlayn vositalar bormi?
UNICEF:
Har bir ijtimoiy platforma turli xil vositalarni taklif etadi (quyida mavjud vositalar ro‘yxatini ko‘ring). Bu vositalar sizning postlaringizni kim ko‘rishi yoki sharhlashi, siz bilan avtomatik ravishda do‘st sifatida muloqot qilishi mumkinligini cheklash, shuningdek, kiberbezorilik holatlari haqida xabar berish imkonini beradi. Ularning ko‘pchiligi foydalanuvchini bloklash, uni e’tiborsiz qoldiriladigan ro‘yxatga qo‘shish yoki internetdagi bezorilik haqida xabar berish uchun oddiy qadamlarni o‘z ichiga oladi. Biz sizga ushbu vositalarni o‘rganishni tavsiya qilamiz.
Ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, bolalar, ota-onalar va o‘qituvchilar uchun ta’lim vositalari va tavsiyalarni ham taqdim etadi. Ulardan internetdagi xavflar va xavfsizlikni ta’minlash usullari haqida bilib olish mumkin.
Bundan tashqari, siz o‘zingiz internetdagi zo‘ravonlikdan himoyalanishning birinchi chizig‘i bo‘lishingiz mumkin. Internetdagi zo‘ravonlik sizning jamoangizda qayerda sodir bo‘lishi mumkinligi va qanday yordam bera olishingiz haqida o‘ylab ko‘ring: masalan, bu muammo haqida gapirish, bezorilar haqida xabar berish, ishonchli kattalarga murojaat qilish yoki bu masala bo‘yicha xabardorlikni oshirish orqali. Hatto oddiy mehribonlik ham muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Agar o‘z xavfsizligingiz yoki internetda sodir bo‘lgan voqealar haqida xavotirda bo‘lsangiz, darhol ishonchli kattalar bilan gaplashing. Ko‘pgina mamlakatlarda maxsus "ishonch telefoni" mavjud bo‘lib, u orqali kimdir bilan bepul va anonim tarzda gaplashish mumkin. O‘z mamlakatingizdagi yordam olish uchun Xalqaro bolalar yordam liniyasiga murojaat qiling.
Internetdagi kamsitishdan himoyalanishning birinchi himoya chizig‘i o‘zingiz bo‘lishingiz mumkin.
Facebook/Instagram:
Bizda yoshlarning xavfsizligini ta’minlashga yordam beradigan bir qator vositalar mavjud:
• Siz tajovuzkorning barcha xabarlarini e’tiborsiz qoldirishingiz yoki ushbu shaxsni ogohlantirmasdan akkauntingizni yashirin himoya qilish uchun "Cheklash" vositamizdan foydalanishingiz mumkin.
• O‘z postlaringizga qo‘yilgan sharhlarni nazorat qilishingiz mumkin.
• Sozlamalarni shunday o‘zgartirishingiz mumkinki, shaxsiy xabarlarni sizga faqat siz kuzatayotgan odamlar yubora oladi.
• Instagramda siz ruxsat etilgan chegaradan tashqariga chiqishi mumkin bo‘lgan biror narsani e’lon qilmoqchi bo‘lsangiz, sizni e’lon qilinayotgan ma’lumotni qayta ko‘rib chiqishga undash uchun bildirishnoma yuboramiz.
Internetda o‘zingizni va boshqalarni kamsitishdan qanday himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha maslahatlar Facebook yoki Instagramdagi manbalarimizda keltirilgan.
Twitter:
Agar Twitterdagi odamlar sizni g‘azablantirsa yoki salbiy ta’sir qilsa, sizga yordam berishi mumkin bo‘lgan vositalarimiz mavjud va quyidagi ro‘yxat ularni sozlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bilan bog‘liq.
• Mute / "E’tiborsiz qoldirish" – bu akkauntni bloklamasdan yoki obunani bekor qilmasdan akkauntning tvitlarini lentangizdan o‘chirish.
• Block / "Bloklash" – muayyan akkauntga ega foydalanuvchilarga siz bilan bog‘lanish, tvitlaringizni ko‘rish va sizga obuna bo‘lishni taqiqlash.
• Report / "Xabar berish" – haqoratli xatti-harakat haqida xabar yuborish.