Internetda bolalarni himoya qilish
Har bir bola internetdagi zo‘ravonlik, ekspluatatsiya va tahqirlardan himoyalangan bo‘lishi shart
Hozirgi kunda bolalar internetda ilgarigidan ko‘ra ko‘proq vaqt o‘tkazmoqda. Bundan tashqari, ular tarmoqdan tobora ertaroq foydalana boshlayapti. Jahon miqyosida har yarim soniyada biror bola birinchi marta internetga kirmoqda.
Bolalarning o‘sish jarayonida internetdan foydalanishi ularga cheksiz imkoniyatlar ochadi. Kompyuterlar, smartfonlar, o‘yin konsollari va televizorlar yordamida bolalar bilim oladi, tasavvurlarini rivojlantiradi va muloqot doirasini kengaytiradi. To‘g‘ri foydalanilganda va hamma uchun ochiq bo‘lganda, internet dunyoqarashni kengaytiradi va butun dunyoda ijodkorlikni rag‘batlantiradi.
Biroq, bu imkoniyatlar bilan birga jiddiy xavf-xatarlar ham paydo bo‘ladi.
Yoshlar ijtimoiy tarmoqlarga yoki tezkor xabar almashish platformalariga har kirganlarida tengdoshlari tomonidan internet orqali qo‘rqitish va boshqa zo‘ravonlik turlariga duch kelishlari mumkin. Internetdagi havolalarga o‘tganda, bolalar nafratli gaplar va zo‘ravon mazmundagi materiallarga, jumladan, o‘ziga zarar yetkazishga va hatto o‘z joniga qasd qilishga undovchi xabarlarga duch kelishlari mumkin.
Bundan tashqari, texnologiya kompaniyalari marketing maqsadlarida ma’lumotlarni yig‘ish orqali ularning shaxsiy hayotiga aralashsa, bolalar xavf ostida qolishi mumkin. Ilovalardagi bolalarga yo‘naltirilgan marketing, shuningdek, ko‘pincha shu sababli ular ekranlar oldida o‘tkazadigan ortiqcha vaqt bolaning sog‘lom rivojlanishiga zarar yetkazishi mumkin.
30 ta mamlakatdagi yoshlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i internetda zo‘ravonlikka uchraganliklari haqida xabar berishadi va ularning har beshinchisi shu sababli maktabga bormay qo‘yadi.
Internetda jinsiy ekspluatatsiya va zo‘ravonlik tahdidi eng katta tashvish uyg‘otadi. Bolalarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etuvchi jinoyatchilarga o‘z qurbonlari bilan aloqaga kirishish, tasvirlarni tarqatish va boshqalarni jinoyatga jalb etish hech qachon bunchalik oson bo‘lmagan. Bolalar jinsiy zo‘ravonlik tasvirlangan materiallarni tayyorlash, tarqatish va ulardan foydalanish jarayonida qurbon bo‘lishlari mumkin yoki jinoyatchilar ularni shaxsan uchrashish yoki ochiq mazmundagi materiallar yaratishda ishtirok etishga undash maqsadida jinsiy ekspluatatsiyaga tayyorlashlari mumkin.
Raqamli dunyoda istalgan joyda bo‘lgan har qanday odam jinsiy ekspluatatsiya bilan bog‘liq materiallarni yaratishi va saqlashi mumkin. Bolalarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etuvchi jinoyatchilar hatto o‘z uylaridan turib, uzoqdagi odamlarning talabiga ko‘ra, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik tasvirlangan materiallarni taqdim etib, jinsiy zo‘ravonlik sahnalarini jonli efirga uzatishlari mumkin.
25 mamlakatdagi bolalarning qariyb 80 foizi internetda jinsiy zo‘ravonlik yoki ekspluatatsiya qilinish xavfini his qilishlarini aytishadi.
Raqamli platformalarni tobora ko‘proq o‘zlashtirib, bolalar o‘zlarining ochiq shahvoniy xarakterdagi tasvirlarini o‘zlari ham yaratishlari mumkin. Ushbu tasvirlar ularning tegishli yoshdagi tanishlariga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, oxir-oqibat ularning roziligisiz keng tarqalishi mumkin. Ba’zan ishonchli kattalar bolalardan o‘z rasmlarini ulashishni so‘rashadi. Jabrlanuvchi bolaga kelsak, bu ijtimoiy izolyatsiyaga, ruhiy salomatlik muammolariga, psixoaktiv moddalarni suiiste’mol qilishga, o‘ziga zarar yetkazishga yoki o‘z joniga qasd qilishga, shuningdek, katta bo‘lganlarida o‘zlari shafqatsiz bo‘lib qolishlari ehtimoli ortishiga olib kelishi mumkin.
Internetda sodir bo‘layotgan narsalar bolalar har kuni duch keladigan voqelikni aks ettiradi: uyda, maktabda va keng muloqot doirasida.
Internetda xavfsizlikni oshirish strategiyalari zo‘ravonlik, ekspluatatsiya va tazyiq, shuningdek, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish xavfini bartaraf etish bilan bir vaqtda ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida raqamli texnologiyalar beradigan foydalarni himoya qilishni ta’minlashi kerak.
UNICEF internetni bolalarning ta’lim olishi, muloqot qilishi va o‘zini namoyon qilishi uchun xavfsiz joyga aylantirish ustida ishlamoqda. Biz hukumatlar bilan hamkorlik qilib, ularni zarur huquqiy qoidalarni joriy etishga, texnologiya kompaniyalarini esa o‘z platformalarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli choralarni qo‘llashga undaymiz. Bundan tashqari, biz ta’lim vazirliklarini bolalarga raqamli savodxonlik va internetda xavfsiz ishlash ko‘nikmalarini o‘rgatishda qo‘llab-quvvatlaymiz.
Global Kids Online va Disrupting Harm loyihalari doirasida biz raqamli texnologiyalardan foydalanish bolalar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatishini va qaysi hollarda ularga zarar yetkazish xavfini oshirishini yaxshiroq tushunish uchun bolalarning raqamli huquqlari, imkoniyatlari va xavflari haqida ma’lumot to‘playmiz.
UNICEF Internetda bolalarning jinsiy ekspluatatsiyasiga qarshi qanday kurashmoqda?
UNICEF Internetda bolalarning jinsiy ekspluatatsiyasining oldini olish va unga qarshi chora ko‘rish bo‘yicha ham milliy, ham xalqaro darajada faoliyat olib boradi. Biz 20 dan ortiq mamlakatda (WePROTECT global ittifoqi modelidan foydalangan holda) Internetda bolalarning jinsiy ekspluatatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy darajadagi muvofiqlashtirish choralarini qo‘llab-quvvatlaymiz va jabrlanganlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi mahalliy tashkilotlar salohiyatini oshiramiz. Hukumatlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, ilmiy asoslangan profilaktika va xabardorlikni oshirish dasturlarini moliyalashtirishga sarmoyalarni yo‘naltirishga ko‘maklashmoqdamiz. Bundan tashqari, bolalar uchun raqamli mahsulotlar xavfsizligini oshirish, soha standartlarini ta’minlash va bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq materiallar tarqalishini to‘xtatishga qaratilgan ilg‘or vositalarni ishlab chiqish maqsadida texnologiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilamiz.