Butun O'zbekiston bo'ylab o'qituvchilarning raqamli transformatsiya ko'nikmalarini mustahkamlash

Ishonch-2030 loyihasi doirasida o'qituvchilarni qo'llab-quvvatlash

UNICEF
UNICEF
UNICEF
18 May 2026

Ishonch-2030 loyihasi doirasida UNICEF va uning hamkorlari o'qituvchilarni zamonaviy, inklyuziv va innovatsion o'quv muhitlari uchun zarur bo'lgan ko'nikma va vositalar bilan ta'minlash orqali O'zbekistonda ta'limni raqamli transformatsiya qilishni qo'llab-quvvatlashni davom ettirmoqda.

Hozirgacha Toshkent, Samarqand, Farg'ona, Termiz va Xivada o'tkazilgan seminarlarga maktab direktorlari, direktor o'rinbosarlari, mintaqaviy metodistlar, STEM va chet tillari o'qituvchilari – jami 264 nafar ishtirokchi jalb etildi.

Ushbu trening dasturi o'qituvchilarning maktab rahbarligi, dars berish va o'qish jarayonlariga axborot va kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) hamda sun'iy intellekt (SI)ni integratsiya qilish bo'yicha kompetentsiyalarini mustahkamlashga qaratilgan edi. Ishtirokchilar, shuningdek, ta'lim sifatini yaxshilash va o'quvchilarning faolligini oshirish uchun raqamli vositalar va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo'yicha amaliy ko'nikmalarni rivojlantirdilar.

"Bugungi kunda AKT sohasidagi o'zgarishlar juda tez rivojlanmoqda, shuning uchun biz har kuni ularga mos ravishda raqamli ko'nikmalarimizni takomillashtirib borishimiz kerak. Trening davomida biz sinf boshqaruvi vositalarini ham o'z ichiga olgan turli raqamli texnologiyalar va sun'iy intellekt imkoniyatlaridan qanday foydalanishni o’rgandik. Yangi bilimlarimni o'qitish jarayonida tadbiq eta olishimdan va tajribamni hamkasblarim bilan bo'lishishdan xursandman", deydi Samarqand viloyatidan ingliz tili o'qituvchisi Feruza Ro’zimurodova.

Seminarlar zarur nazariy bilimlarni haqiqiy sinf va maktab boshqaruvi amaliyotlariga yo'naltirilgan amaliy mashg'ulotlar bilan boyitildi. Ishtirokchilar amaliy mashqlar, hamkorlikda dars rejalashtirish, tengdoshlar bilan baholash mashg'ulotlari, raqamli kontent yaratish va sinf texnologiyalarining jonli namoyishlarida ishtirok etdilar.

Seminarlar natijasida ishtirokchilar raqamli transformatsiya va raqamli pedagogika bo'yicha bilim va ko'nikmalarini mustahkamladilar, sun'iy intellekt vositalari va raqamli platformalardan foydalangan holda muloqot va kontent yaratishning yangi usullarini o'rgandilar hamda o'qituvchilar o'rtasida hamkorlik va tajriba almashishni mustahkamladilar.

"Ta'lim tizimidagi islohotlarning kaliti bu o'qituvchilardir. O’z shaxsiy va kasbiy ko'nikmalarini rivojlantirar ekanlar, ular boshqalarning, xususan o'quvchilarining ham rivojlanishiga yordam bera oladilar. Shu nuqtai nazardan, ikki kunlik trening mening shaxsiy va kasbiy raqamli pedagogika ko'nikmalarimni takomillashtirishda juda ahamiyatli bo'ldi. Menimcha, boshqa o'qituvchilar ham mening fikrimga qo’shiladilar", deydi Buxoro viloyatidan STEM metodisti Muhabbat Jo’raeva.

UNICEF, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi, Abdulla Avloni nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamda mintaqaviy pedagogik mahorat markazlari hamkorligi oʻqituvchilarning sinflarda mobil kompyuter texnologiyalari hamda raqamli resurslardan samarali foydalanishini ta'minlash uchun maktablarga axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini integratsiya qilish rejalarini yangilashda yordam beradi.

#RaqamliPedagogika #RaqamliTransformatsiya #Ishonch2030