Ta'lim mazmunida muhim qadam: O'zbekiston Respublikasida qariyb 7 million o‘quvchi uchun xalqaro standartlarga mos ta’lim sifatiga erishish maqsadida yangi Milliy o'quv dasturi joriy etildi
TOSHKENT, 2026-yil 18-avgust – Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (MMTV) O‘zbekiston ta’lim islohotlari yo‘lida muhim qadam bo‘lgan yangi Milliy o‘quv dasturi qamrovi (MO‘D) hujjatini taqdim etdi. Milliy o‘quv dasturi Islom taraqqiyot banki (IsDB), Arab muvofiqlashtirish guruhi (ACG) va Ta'lim bo'yicha global hamkorlik (GPE) tashkiloti tomonidan moliyalashtirilayotgan SmartED loyihasi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) qo‘llovi hamda Cambridge University Press and Assessment bilan hamkorlikda takomillashtirildi.
Takomillashtirilgan Milliy o‘quv dasturida barcha o‘quvchilar uchun aniq o‘quv maqsadlari belgilangan bo‘lib, ular xalqaro miqyosda yuqori ta’lim natijalariga ega ta’lim tizimlari standartlari bilan yanada uyg‘unlashtirildi. Islohotning muhim maqsadlaridan biri boshlang‘ich, tayanch o‘rta va yuqori o‘rta ta’lim bosqichlarida o‘quvchilarning ta’lim natijalarini izchil oshirish hamda xalqaro miqyosda tan olingan Chuqurlashtirilgan dastur (A Level) standartlariga qiyoslanadigan natijalarga erishish uchun zarur ta’lim yo‘nalishlarini shakllantirishdan iborat.
Qariyb ikki yil davomida 147 nafar mahalliy va 30 nafar xalqaro ekspertlar tomonidan takomillashtirilgan o‘quv dasturi 260 dan ortiq ishchi uchrashuv va maslahatlashuvlarni o‘z ichiga olgan, dalillarga asoslangan keng ko‘lamli jarayonning samarasidir. Ilg‘or xalqaro tajriba va ekspert salohiyatiga tayangan holda tashkil etilgan mazkur jarayonning muhim jihati shundaki, ilk bor barcha fanlar bo‘yicha milliy ishchi guruhlar xalqaro fan ekspertlari bilan tizimli va uzluksiz hamkorlik qildi. Xalqaro ekspertlar o‘tgan davr mobaynida har hafta milliy mutaxassislar bilan birgalikda ishlab, o‘quv dasturlarini kompleks ravishda takomillashtirishda bevosita ishtirok etdi. Avvalgi o‘quv dasturlarini takomillashtirish jarayonlarida ham xalqaro ekspertlar jalb etilgan bo‘lsa-da, bunday puxta va tizimli hamkorlik barcha fanlar va barcha sinflarni to‘liq qamrab olmagan.
Takomillashtirilgan o‘quv dasturining asosini kompetensiyaga asoslangan yondashuv, inklyuzivlik va teng imkoniyatlarni ta’minlash tamoyillari tashkil etadi. Ta’limning universal dizayni yondashuvi ta’lim mazmunidan barcha o‘quvchilar, jumladan, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega hamda yuqori salohiyatli o‘quvchilar samarali foydalanishiga imkon yaratadi.
Aniq belgilangan o‘quv maqsadlari hamda spiral tamoyil asosida tuzilgan o‘quv dasturi o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich rivojlantirishga xizmat qiladi. Takomillashtirilgan dastur sinflar va ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytiradi, fanlararo bog‘liqlikni ta’minlaydi hamda olingan bilimlarni real hayotiy vaziyatlarda amaliy qo‘llashga alohida e’tibor qaratadi.
O‘quv dasturiga kiritilgan yangi mazmun o‘quvchilarda raqamli savodxonlik, iqlim va yashil ta’lim, shuningdek, ijtimoiy-emotsional kompetensiyalarni rivojlantirishga qaratilgan. Bu o‘quvchilarni kelajak hayotiga tayyorlash bilan bir qatorda, O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi ustuvor maqsadlarini amalga oshirishga ham xizmat qiladi.
“Ta’lim mazmunini takomillashtirishga qaratilgan mazkur islohot ta’lim tizimini keng ko‘lamli transformatsiya qilish jarayonining tarkibiy qismi bo‘lib, u baholash tizimini takomillashtirish, o‘quv jarayoni sifatini oshirish, darsliklar va o‘quv-metodik materiallarni yaxshilash kabi yo‘nalishlarni ham qamrab oladi.
Takomillashtirilgan o‘quv dasturlari samarali dars jarayonini tashkil etish, formativ baholashni keng qo‘llash, inklyuzivlik va gender tengligini ta’minlash, shuningdek, har bir o‘quvchidan yuqori natijalar kutiladigan ta’lim muhitini shakllantirishga xizmat qiladi”, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov.
Mazkur islohotlar birgalikda yanada intiluvchan, inklyuziv va xalqaro standartlarga moslashtirilgan ta’lim tizimini yaratishga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi barcha yoshlarni muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma va imkoniyatlar bilan ta’minlaydi.
“Bu hukumat yetakchiligida amalga oshirilgan, mahalliy ekspertlar, o‘qituvchilar va muassasalarni xalqaro tajriba bilan birlashtirgan haqiqiy umummilliy jarayon bo‘ldi. Yangi o‘quv dasturi asosi eng muhim jihatni — yagona qarash va umumiy yo‘nalishni taqdim etadi. Bu esa kiritilayotgan turli sarmoya hamda islohotlarning bir-birini to‘ldirishi va pirovardida ta’lim sifatini oshirishiga xizmat qiladi”, — deydi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio xonim. “Muvaffaqiyatning haqiqiy mezoni esa bundan keyin dasturlarning amaliyotga samarali joriy qilinishi va butun O‘zbekiston bo‘ylab ta’lim sifati qay darajada yaxshilanishi bilan belgilanadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
“Mazkur islohotning kuchli tomonlaridan biri — uning qanday ishlab chiqilganligidir. Jarayonga Respublika ta’lim markazi va fanlar bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlar yetakchilik qilgan bo‘lsa, Kembrij hamda YUNISEF xalqaro dalillar, tadqiqotlar va tajriba bilan o‘z hissalarini qo‘shdi. Biz birgalikda O‘zbekistonning ustuvor maqsadlarini aks ettiruvchi va shu bilan birga sifatli o‘quv dasturlarini loyihalashning xalqaro miqyosda tan olingan tamoyillariga to‘liq mos keladigan ta’lim doirasini yaratish ustida ishladik”, — deydi Cambridge University Press & Assessment tashkilotining Ta’lim islohotlari bo‘yicha rahbari Stiv King.
Takomillashtirilgan Milliy o‘quv dasturi to‘liq amaliyotga joriy etilgach, uning ta’sir ko‘lami katta bo‘lib, qariyb 7 million nafar o‘quvchini qamrab olishi kutilmoqda. Dastur o‘quvchilarning kognitiv, ijtimoiy va emotsional rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi, ularni jadal o‘zgarib borayotgan dunyoda mustaqil hayot kechirishga hamda zamonaviy mehnat bozorining tobora ortib borayotgan talablariga tayyorlashga xizmat qiladi.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun quyidagi mediakontaktlarga murojaat qiling:
- O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi: Dilfuza Sabirova, Matbuot kotibi, +998 99 898 18 39
- UNICEF: Nargiza Egamberdiyeva, [email protected]
- Kembrij: Megan Tomas, [email protected]
OAV uchun mas'ul xodimlar
UNICEF to'g'risida
UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.
UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.
UNICEF faoliyatini Twitter, Facebook va Instagram da kuzatib boring.