Bolaning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash
Baxtli va sog‘lom hayotga asos solish
Farzandingiz sizdan mehr, tarbiya va xavfsizlikni kutadi. Imkon qadar ko‘proq vaqtni birgalikda samarali o‘tkazishga intiling. Iliq va mehribon munosabatlarni saqlab, bolaga o‘zini xavfsiz va g‘amxo‘rlik bilan qurshovda his qilishiga yordam bersangiz, butun umrga yaxshi ruhiy salomatlik poydevorini yaratgan bo‘lasiz.
Chaqaloqlar
Farzandingiz bolalikning ko‘plab muhim bosqichlarini bosib o‘tadi: birinchi tabassumdan birinchi qadamgacha, turli his-tuyg‘ularni boshdan kechirishgacha.
Bu o‘sish va o‘rganish davri - bolangizning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlashni boshlash uchun eng qulay payt.
Nima qilish mumkin
Farzandingiz bilan samarali vaqt o‘tkazish ikkalangiz uchun ham foydali. Bu jarayonda tabiiy gormonlar ajralib chiqadi, ular bir-biringizga yaqinlashishingizga yordam beradi va ikkalangizning ham salomatligingizni yaxshilaydi!
• Bola bilan o‘ynang, uni quchoqlang.
• U bilan gaplashing, unga qo‘shiq ayting.
• Bola chiqargan tovushlarga so‘zlar bilan javob bering, shunda u til va nutqni tushuna boshlaydi.
Nimalar qilmaslik kerak:
• Zo‘ravonlikning har qanday shakli, jumladan baqirish va urish. Agar bola salbiy muhitda yashasa, bu uning o‘sishi va rivojlanishiga zarar yetkazadigan, shuningdek, keyingi hayotida uzoq muddatli muammolarga olib keladigan "zaharli stress"ni keltirib chiqarishi mumkin.
• Ota-ona va bolaning atrofidagi odamlar o‘rtasidagi tez-tez janjallar. Keskin vaziyat bolalar uchun stressli bo‘lishi mumkin: ular o‘zlarini e’tibordan chetda qolgan, ojiz va himoyasiz his qilishlari mumkin.
• G‘amxo‘rlik yo‘qligining har qanday ko‘rinishi. Bolalarning sog‘lom o‘sishi va rivojlanishini ta’minlash uchun ularga doimiy e’tibor, mehr va g‘amxo‘rlik zarur.
Nimalarga e’tibor berish kerak
Kichkina bolalar o‘z his-tuyg‘ularini ifodalashni va kuchli his-tuyg‘ularni boshqarishni o‘rganadilar. Ba’zida ular o‘z ehtiyojlarini ayta olmaganlarida, bu g‘azab yoki stressni keltirib chiqarishi mumkin. Bolalar stressni boshdan kechirganda yoki o‘zlarini boshqara olmay qolganda, ularga tinchlantiradigan va his-tuyg‘ularini tushunishga yordam beradigan mehribon kattalar kerak bo‘ladi.
Stress belgilari
0 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarda stress belgilari:
• O‘ziga g‘amxo‘rlik qilayotganlarga odatdagidan ko‘ra ko‘proq yopishadi.
• Avvalgi (kichik yoshdagilarga xos) xulq-atvor shakllariga qaytadi.
• Uyqu va ovqatlanish tartibida o‘zgarishlar kuzatiladi.
• Ortiqcha ta’sirchanlikni namoyon etadi.
• Haddan tashqari faollik ko‘rsatadi.
• Kuchli qo‘rquvni boshdan kechiradi.
• Ortiqcha talabchanlik ko‘rsatadi.
• Tez-tez yig‘laydi
Yosh bolalar
Farzandingiz ko‘proq harakat qila boshlagan sari, uning atrofni o‘rganish istagi tobora kuchayib boradi. Bunday qiziquvchanlikni tarbiyalash va rag‘batlantirish lozim.
Nima qilish mumkin
• Farzandingizga kitob o‘qib bering (imkoni bo‘lsa, har kuni).
• Uning qiziqishini oshiradigan va yangi narsalarni o‘rganishga yordam beradigan o‘yinlar o‘ynang.
• Boladan barcha narsalarning nomini aytishini so‘rang, ismidan va atrofidagi buyumlardan boshlab, murakkablashtirmasdan.
• Uyingiz atrofidagi joylarni birgalikda o‘rganing.
Nima qilmaslik kerak
• Zo‘ravonlikning har qanday shakli, jumladan baqirish va urish. Agar bola salbiy muhitda yashasa, bu "zaharli stress"ni keltirib chiqarishi mumkin, bu esa bolaning o‘sishi va rivojlanishiga zarar yetkazadi hamda keyingi hayotida uzoq muddatli muammolarga sabab bo‘ladi.
• Ota-ona va bolaning atrofidagi odamlar o‘rtasidagi tez-tez sodir bo‘ladigan janjallar. Keskin vaziyat bolalar uchun stressli bo‘lishi mumkin: ular o‘zlarini e’tiborsiz qolgan, ojiz va himoyasiz his qilishlari mumkin.
• G‘amxo‘rlik yo‘qligining har qanday ko‘rinishi. Bolalarning sog‘lom o‘sishi va rivojlanishi uchun ularga doimiy e’tibor, mehr va g‘amxo‘rlik zarur.
Nimaga e’tibor qaratish kerak
Kichik bolalar o‘z his-tuyg‘ularini ifodalashni va kuchli hissiyotlarni boshqarishni o‘rganadilar. Ba’zida ular o‘z ehtiyojlarini ayta olmaganlarida, bu g‘azab yoki stressni keltirib chiqarishi mumkin. Bolalar stress holatida bo‘lganida yoki o‘zlarini boshqara olmay qolganida, ularga tinchlantiradigan va his-tuyg‘ularini tushunishga yordam beradigan mehribon katta odam kerak bo‘ladi.
Stress belgilari
0 dan 3 yoshgacha:
• Ularni parvarish qilayotganlarga odatdagidan ko‘proq yopishadi.
• Avvalgi (kichik yoshdagilarga xos) xulq-atvor shakllariga qaytadi.
• Uyqu va ovqatlanish tartibida o‘zgarishlar kuzatiladi.
• Haddan tashqari ta’sirchanlik namoyon qiladi.
• Misli ko‘rilmagan faollik ko‘rsatadi.
• Kuchli qo‘rquv his etadi.
• Ortiqcha talabchanlik ko‘rsatadi.
• Ko‘proq yig‘laydi.
Maktabgacha yoshdagi bolalar
Farzandingiz tobora mustaqil va qiziquvchan bo‘lib borgan sari, u atrofdagi dunyoni ko‘proq o‘rganishni va uni o‘rab turgan narsalar haqida bilishni xohlaydi. Odamlar bilan muloqot qilish farzandingizga o‘z fikrlashini rivojlantirish va atrofdagi dunyoni tushunishga yordam beradi.
Nima qilish mumkin
• Boshqa bolalar bilan o‘yinlar orqali ijtimoiy munosabatlarni rag‘batlantiring.
• Farzandingizga uning yoshiga mos keladigan oddiy uy ishlarini bajarishda yordam berishni taklif eting. Unga oddiy vazifalarni bajarish yo‘llarini ko‘rsating.
• Aniq chegaralar va real kutilmalarni belgilang. "Yo‘q" deganingizda, bolaga siz xohlagan muqobil variantlarni taklif qiling.
• Bolaga nima yeyish, nima kiyish va nima o‘ynash haqida qaror qabul qilishda aniq va tushunarli tanlov imkoniyatini bering.
Nimalardan qochish lozim:
• Zo‘ravonlikning har qanday shakli, jumladan baqirish va urish. Agar bola salbiy muhitda yashasa, bu "zaharli stress"ni keltirib chiqarishi mumkin, bu esa bolaning o‘sishi va rivojlanishiga zarar yetkazadi hamda keyingi hayotida uzoq muddatli muammolarga sabab bo‘ladi.
• Ota-ona va bolaning atrofidagi odamlar o‘rtasidagi tez-tez sodir bo‘ladigan janjallar. Keskin vaziyat bolalar uchun stressli bo‘lishi mumkin: ular o‘zlarini e’tiborsiz qolgan, ojiz va himoyasiz his qilishlari mumkin.
• G‘amxo‘rlik yo‘qligining har qanday ko‘rinishi. Bolalarning sog‘lom o‘sishi va rivojlanishi uchun ularga doimiy e’tibor, mehr va g‘amxo‘rlik zarur.
Stress belgilari
4 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarda stress belgilari:
• Ularni parvarish qilayotganlarga odatdagidan ko‘proq yopishadi.
• Avvalgi (kichik yoshdagilarga xos) xulq-atvor shakllariga qaytadi.
• Uyqu va ovqatlanish tartibida o‘zgarishlar kuzatiladi.
• Haddan tashqari ta’sirchanlik namoyon qiladi.
• Diqqatni yomonroq jamlaydi.
• Sustroq yoki har doimgidan ham faolroq bo‘lib qoladi.
• O‘ynashni to‘xtatadi.
• Kattalar rolini o‘z zimmasiga oladi.
• Gaplashmay qo‘yadi.
• Yanada xavotirli yoki bezovta bo‘la boshlaydi.
Kichik maktab yoshidagi bolalar
Maktabda o‘qishni boshlagach, bolalar tashqi dunyo bilan yuzma-yuz keladi va bu ularning hayotidagi muhim voqeaga aylanadi!
Bu davr bolalarda munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, maktabda o‘qish, sport bilan shug‘ullanish hamda o‘z his-tuyg‘ularini boshqarish kabi hayotning barcha sohalarida o‘ziga ishonchni rivojlantirish uchun g‘oyat muhimdir. Bolaning ishlari qanday ketayotganini kuzatib, uni bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlasangiz, uning hayotiyligi va ruhiy salomatligini mustahkamlashga hissa qo‘shgan bo‘lasiz.
Nima qilish mumkin
Bola maktabga qatnay boshlagach, uning jismoniy, aqliy va ijtimoiy qobiliyatlari tez sur’atda rivojlanadi. Bola o‘z kechinmalarini tasvirlashni va his-tuyg‘ulari haqida ko‘proq gapirishni o‘rganadi.
Bolaning e’tibori uydan tevarak-atrofga ko‘chgan sari do‘stona munosabatlar va tengdoshlar tazyiqi muhim ahamiyat kasb eta boshlaydi.
Uydan tashqarida ko‘proq vaqt o‘tkazish orqali farzandingiz mas’uliyat hissini rivojlantiradi va mustaqil bo‘lishni o‘rganadi.
Ba’zi kattaroq bolalarda jinsiy yetilish boshlanadi va ular ham jismoniy, ham hissiy o‘zgarishlarni namoyon eta boshlaydi.
Suhbatni qanday boshlash
• Farzandingizning ahvoli haqida so‘rashdan boshlang. U bilan maktab, do‘stlari, nimani yoqtirishi va yoqtirmasligi, qaysi narsalarda qiynalishi haqida suhbatlashing.
• Farzandingiz nimani his qilayotganini aniqlash va u bilan mustahkam aloqa o‘rnatish uchun sportdagi g‘alabalar yoki past baholar kabi ijobiy va salbiy his-tuyg‘ularni keltirib chiqaradigan kundalik voqealarga murojaat qiling.
• Bola ulg‘ayganida, agar bu uning rivojlanishiga mos kelsa, u bilan jinsiy balog‘atga yetish bilan bog‘liq tabiiy jismoniy va hissiy o‘zgarishlar haqida gaplashing va unga nimani kutish kerakligini tushunishga yordam bering. Agar uning tashvishlari yoki birgalikda muhokama qilishingiz mumkin bo‘lgan savollari bo‘lsa, u nimani his qilayotganini so‘rang.
Ochiq, ishonchli va mehrga to‘la muhitni saqlang
Farzandingizga sizga ochilishda o‘zini erkin his qilishiga yordam bering.
• Farzandingiz atrofdagilar uni sevishini va qabul qilishini xohlaydi. Siz tomondan qabul qilinish - bu o‘ziga bo‘lgan ishonchning birinchi qadamidir.
• Qanday o‘rnak ko‘rsatayotganingizni yodda tuting. Farzandingiz sizga qarab, his-tuyg‘ularingizni va turli vaziyatlarga qanday munosabatda bo‘lishingizni ilg‘aydi.
• Farzandingizning yutuqlari va yaxshi xulqini e’tirof eting. Bolani maqtaganda, uning harakatlariga urg‘u bering ("Sen buning ustida ko‘p ishlading va bu haqiqatan ham ko‘rinib turibdi!"), uning shaxsiga emas ("Voy, sen juda aqllisan!").
Stress belgilari
4 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarda stress belgilari:
• Ular o‘ziga g‘amxo‘rlik qilayotganlarga odatdagidan ko‘proq yopishib oladi.
• Avvalgi (kichik yoshdagi bolalarga xos) xulq-atvor shakllariga qaytadi.
• Uyqu va ovqatlanish tartibida o‘zgarishlar kuzatiladi.
• Jizzakilik ortadi.
• Diqqatni jamlash qobiliyati pasayadi.
• Odatdagidan ko‘ra sustroq yoki aksincha, haddan tashqari faol bo‘lib qoladi.
• O‘yinga qiziqishi to‘xtaydi.
• Kattalar rolini o‘z zimmasiga oladi.
• Kam gap bo‘lib qoladi.
• Yanada xavotirli yoki bezovta bo‘la boshlaydi.
O‘smirlik yoshiga yaqin bolalar
Tez jismoniy o‘zgarishlar, o‘zining tashqi ko‘rinishi va do‘stona munosabatlarning muhimligi haqidagi tashvishlar bolaning ruhiy va hissiy holatiga ta’sir qilishi mumkin. Bola rivojlanishining bu muhim bosqichi uning uchun qiyin davr bo‘lishi mumkin. Tashvishlari yoki muammolari haqida siz bilan gaplasha olishini anglash bola uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Nima qilish mumkin
Tinglash: Bola nima deyayotganini faol tinglashga harakat qiling, o‘z fikr va mulohazalaringiz suhbatni boshqa yo‘nalishga burib yuborishiga yo‘l qo‘ymang. Farzandingizning fikrini hurmat qiling va rag‘batlantiring.
Tan olish: Bolaga uning fikrlari va his-tuyg‘ularini tushunishingizni bildiring, uni ochiqlikka undang va siz uning tomonida ekanligingizga ishontiring. Farzandingizga bir paytlar siz ham shu yoshda bo‘lganingizni va xuddi shunday his-tuyg‘ularni boshdan kechirganingizni eslating.
Yechimlarni taklif qilish: Boladan nimani o‘zgartirish kerakligi haqida o‘ylab ko‘rganligini so‘rang: "Nima qilish kerak deb o‘ylaysan?" Agar o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsa, uni tinglashni va vaziyatni u bilan muhokama qilishni taklif qiling. Farzandingizni ahvoli yaxshilanishi uchun zarur bo‘lgan narsalarda qo‘llab-quvvatlang.
Nima qilmaslik kerak
• Bolaga nima qilish kerakligini aytmang. Buning o‘rniga qanday yordam bera olishingizni so‘rang.
• Bolaning his-tuyg‘ularini rad etmang yoki ularni kamsitmang. Shuni yodda tutingki, bola o‘zi uchun tushunarsiz bo‘lgan his-tuyg‘ularini baham ko‘rishi qiyin.
• Bahslashmang. O‘z fikr va tuyg‘ularingizni tahlil qiling va nizolardan ehtiyot bo‘ling. Har qanday mojaro va nizolarni iloji boricha tezroq hal qilishga harakat qiling, agar ular yuzaga kelsa, kechirim so‘rang va hammasini boshidan boshlang.
• Boshqalarni ayblamang. Masalan, "Bunga maktab aybdor!" deb aytish muammoni tashqariga olib chiqadi, lekin uni hal qilmaydi.
• Taqqoslamang. "Boshqa bolalarda bunday muammo yo‘q" kabi gaplarni ishlatmang.
Bu yoshdagi bolalar:
• Kayfiyatning o‘zgarishini boshdan kechirishlari mumkin, bunda ko‘tarinki kayfiyat tushkun kayfiyat bilan almashishi mumkin va aksincha.
• Maktab darslari bilan band bo‘lishlari mumkin.
• Ovqatlanish bilan bog‘liq muammolar yoki xavotirni his qilishlari mumkin.
• O‘ziga ishonchsizlik, o‘ziga past baho berish va boshqa o‘ziga xos muammolarga olib kelishi mumkin bo‘lgan qayg‘u yoki tashvishni boshdan kechirishlari mumkin.
Suhbatni qanday boshlash
• Hech qanday bosim va kutishlarsiz suhbatni boshlash uchun vaqt va joy ajrating.
• Uy ishlari paytida, ovqat tayyorlayotganda yoki birga sayohat qilayotganda suhbatni boshlashni rejalashtiring.
• Suhbat tabiiy ravishda davom etsin: shunchaki savollar bermasdan, suhbatni olib boring.
• Bolaning kayfiyatini hisobga oling: agar uning kuni yomon bo‘lsa yoki u band bo‘lsa, boshqa vaqtni tanlang.
Ochiq, samimiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot
Farzandingizning kayfiyati yoki xatti-harakatlarida o‘zgarishlarni sezsangiz, muloyimlik bilan buni sezganingizni bildiring va bu haqda gaplashishni xohlash-xohlamasligini so‘rang. Masalan:
• Sizningcha, bola do‘stlari bilan avvalgidek ko‘p muloqot qilmayapti: ular janjallashib qolishdimi?
• Bolaning maktabdagi baholari pasaygan, balki u biror fandan qiynalayotgandir?
• Bola ko‘proq xafa, g‘amgin yoki jim ko‘rinadi: uning xayolida biror narsa bormi?
Stress belgilari
7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarda stress belgilari:
• Ko‘pincha ichiga yutadi, fikrlarini boshqalar bilan bo’lishmaydi.
• Ko‘pincha boshqa odamlar haqida qayg‘uradi.
• Uyqu va ovqatlanish tartibida o‘zgarishlar kuzatiladi.
• Kuchli qo‘rquv his etadi.
• Jahldor bo‘lib qoladi.
• Ko‘pincha tajovuzkorlikni namoyon qiladi.
• Xavotirga tushadi.
• Xotira va diqqatni jamlash qobiliyati yomonlashadi.
• Jismoniy alomatlar/psixosomatika kuzatiladi.
• Hodisa haqida tez-tez gapiradi yoki uni qayta-qayta takrorlaydi.
• Aybdorlik hissini tuyadi yoki o‘zini ayblaydi.
O‘smirlar
Bu ulg‘ayish davrida o‘smiringizda o‘ziga xos shaxs shakllanadi, u ko‘proq mustaqillik va mas’uliyatga intiladi.
O‘smirlar ijtimoiy tarmoqlar va mobil telefonlar orqali boshqalar bilan tobora ko‘proq muloqot qilishmoqda. Natijada, ular oilasi bilan kamroq, do‘stlari bilan esa ko‘proq vaqt o‘tkazishi mumkin - ham internetda, ham uydan tashqarida.
Bundan tashqari, bu davrda qizlarda ham, o‘g‘il bolalarda ham jismoniy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.
Nima qilish mumkin
• Salbiy tomonlar bilan bir qatorda ijobiy tomonlarni ham tan oling va o‘smirni hatto kichik yutuqlari uchun ham maqtang. Rivojlanishning bu bosqichi ijodkorlik va shaxsiy o‘sish davri hamdir: bunday vaziyatlarni o‘smir bilan birga aniqlang.
• Dunyo o‘smiringizga bashorat qilib bo‘lmaydigan bo‘lib tuyuladi va u o‘zini vaziyatning xo‘jayini deb his qilishga intilishi mumkin. Unga buni tushunganingizni ayting.
• Onlayn media va ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq odatlarini kuzatib boring. O‘smir bilan uning internetda o‘tkazadigan vaqti va o‘zini onlayn ta’qib hamda zo‘ravonlikdan qanday himoya qilishi haqida suhbatlashing. Agar u biror muammoga duch kelsa yoki internetda xatoga yo‘l qo‘ysa, siz uning yonida bo‘lishingiz va har qanday holatda ham unga yordam bera olishingizga ishontiring.
• His-tuyg‘ularingizni ochiq ayting. O‘smirga stressni qanday yengishingizni ko‘rsatish orqali namuna bo‘ling va xuddi shu yoshda bo‘lganingizda muammolarni qanday yengganingiz haqida gapirib bering.
Nima qilmaslik kerak
• Muhokamada yetakchi rolni o‘z zimmangizga olish va o‘smirga nima qilish kerakligini ko‘rsatish. Qanday yordam bera olishingizni so‘rang va birgalikda yechim izlang.
• G‘azablanganingizda munozara qilish. Chetga chiqib, nafasingizni rostlab oling va tinchlaning: keyinroq suhbatni davom ettirishingiz mumkin.
• Ustunlik uchun kurashga kirishmaslik. Bahslashish o‘rniga, o‘smirning umidsizliklariga hamdard bo‘lishga harakat qiling.
Suhbatni qanday boshlash
O‘smirlar quyidagilarni boshdan kechirishlari mumkin:
• Tana o‘lchamlari, shakli yoki vazni haqida tashvishlanishga olib kelishi mumkin bo‘lgan tez jismoniy o‘zgarishlar.
• Ovqatlanishdagi muammolar.
• Kuchli kayfiyat o‘zgaruvchanligi va ijtimoiy qo‘rquv.
• O‘zini hurmat qilishning pasayishiga va boshqa muammolarga olib kelishi mumkin bo‘lgan qayg‘u yoki tushkunlik.
Oddiy tushkunlikdan ko‘ra jiddiyroq
• O‘smirlik davridagi zaif ruhiy salomatlik va xulq-atvor bilan bog‘liq boshqa xavflar, jumladan, spirtli ichimliklar yoki giyohvand moddalarni iste’mol qilish, shafqatsiz xatti-harakatlar va xavfli, salomatlik bilan bog’liq oqibatlarga olib kelishi mumkin bo’lgan jinsiy aloqa bilan birga kelishi mumkin.
• Salomatlik bilan bog‘liq ko‘plab xatti-harakatlar va odatlar o‘smirlikdan kattalar hayotiga o‘tishi sababli, o‘smirlarni ularning farovonligiga hissa qo‘shadigan sog‘lom xulq-atvorni tanlashda qo‘llab-quvvatlash juda muhimdir.
"Ishlar qalay?"
Balki o‘smir farzandingiz bilan yaxshi munosabatdasiz, balki qiyinchiliklar bilan to‘qnashayotgandirsiz. Hozirgi paytda munosabatlaringiz qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘smir farzandingizga qiyin damlarda mehribonlik va qo‘llab-quvvatlashingiz bilan doimo yordam berishga tayyor ekanligingizni ko‘rsatish muhimdir.
Suhbatni qanday boshlash
• O‘smir farzandingizdan kunini qanday o‘tkazgani haqida so‘rang; suhbatlashish imkoniyatlarini yarating, masalan, birgalikda kechki ovqat tayyorlash paytida.
• O‘smir farzandingiz nimani his qilayotganini tushunish uchun ochiq aniqlashtiruvchi savollar bering. Masalan: "Nimani nazarda tutganingni tushuntirib bera olasanmi..." yoki "Agar shunday bo‘lsa, nimani his qilgan bo‘larding..."
• O‘smir farzandingizning fikrini so‘rang va bir-biringizni yaxshiroq tushunish uchun o‘z fikringizni ham baham ko‘ring.
O‘ziga zarar yetkazish
Agar muammo o‘ziga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligidan xavotirlansangiz, bu mavzuni ehtiyotkorlik bilan ko‘tarib, o‘smir farzandingizda shunga o‘xshash fikrlar bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlashga harakat qiling.
O‘smir farzandingiz o‘zini emas, boshqalarni so‘rashdan boshlash mumkin, masalan: "Sening yoshingdagi ba’zi odamlar o‘zlariga zarar yetkazishadi. Do‘stlaringning shunday qilganini hech eshitganmisan?"
O‘smir farzandingizga doimo yonida ekanligingizni bildiring, masalan: "Yodda tut, men bilan har doim hamma narsa haqida gaplashishing mumkin." Bu unga sizga murojaat qilishi mumkinligini va siz unga yordam bermoqchi ekanligingizni anglatadi.
Stress belgilari
13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalarda stress belgilari:
• Kuchli qayg‘u.
• Boshqalarga haddan tashqari g‘amxo‘rlik ko‘rsatish.
• Aybdorlik va uyat hissi.
• Nufuzli shaxslarga tobora bo‘ysunmaslik.
• Xavfli xatti-harakatlarga moyillikning kuchayishi.
• Tajovuzkorlik.
• O‘zini nobud qilishga intilish.
• Umidsizlik hissi.
Ota-onalar farzandlarini qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkin
Kattalarning munosabati bolalarning tashvishli vaziyatlarga qanday javob berishiga ta’sir qilishi mumkin. Ota-onalar farzandlarining muammolarini tinglash uchun yetarli vaqt va imkoniyat ajratib, xotirjamlik va sabr-toqat bilan, shuningdek, bolalarning ehtiyojlari va his-tuyg‘ulariga e’tibor qaratib, ularga yordam berishlari va qo‘llab-quvvatlashlari mumkin.
Qo‘llab-quvvatlashning 8 ta usuli
1. Ularga vaqt va e’tibor ajrating.
Ba’zida bolaga u bilan birga ekanligingizni, uning ehtiyojlarini tushunishingizni va aytmoqchi bo‘lganlarini tinglashga tayyor ekanligingizni bildirishning o‘zi kifoya.
2. Kun tartibi va sog‘lom odatlarni saqlashga yordam bering.
Kun tartibi va doimiy odatlar muhim, chunki ular barqarorlik va xavfsizlik hissini uyg‘otadi. Farzandlaringizni stress paytida ham kundalik hayotini tartibga soluvchi mashg‘ulotlarni davom ettirishda qo‘llab-quvvatlang.
3. Aniq tushuntirishlar bering.
Bolalar ko‘pincha sodir bo‘layotgan voqealarni, shu jumladan bevosita va kechiktirilgan oqibatlarni mustaqil ravishda anglay olmaydilar. Ularni xabardor qilish va nima bo‘lgani hamda hozir nima bo‘layotgani haqida aniq, tushunarli ma’lumot berish juda muhim. Ehtimol, bu borada qanday his-tuyg‘ularni boshdan kechirayotganingizni ham tushuntirish kerak bo‘lar.
4. O‘z hissiyotlaringizga e’tiborli bo‘ling.
His-tuyg‘ularingizni ochiq ifodalashingiz bolalarga qiyin paytlarda turli his-tuyg‘ularni, jumladan, qayg‘u, g‘azab, qo‘rquv yoki sarosimani namoyon etish tabiiy ekanligini ko‘rsatishi mumkin. His-tuyg‘ularingizni nazorat qiling va bolalar ular uchun javobgarlikni his qilmasliklari uchun reaksiyalaringizni batafsil tushuntiring.
5. Bolalarning xafa bo‘lishiga yo‘l qo‘ying.
Qayg‘uni ifodalash stressni yengishning tabiiy va zaruriy qismidir. Bolalarga "mard bo‘lish" va "yig‘lamaslik" kerakligini aytmang. Aksincha, ularga his-tuyg‘ularini o‘zlari uchun qulay bo‘lgan usulda ifoda etishlariga imkon bering.
6. Hukm qilmasdan tinglang.
Bolalar o‘z fikrlari va qo‘rquvlarini qoralanish yoki chetlatilishdan cho‘chimasdan ifoda etishlari kerak. Ularga fikrlarini o‘zlariga qulay tarzda ifodalashlariga imkon bering.
7. Bolalar muammolarini muhokama qiling.
Sizning hayotiy tajribangiz va bilimingiz bolalar uchun bebaho. Sizning ishonchingiz va tushunishingiz ularga qiyin vaziyatlarni yengishda va har qanday salbiy oqibatlarni kamaytirishda yordam berish uchun juda muhim.
8. Bolalarni odatiy faoliyatga qaytishga rag‘batlantiring.
Bolalarga o‘zlarini kerakli va qadrli his qilishlariga yordam berish uchun ularni kundalik oilaviy vazifalarni bajarishda davom etishga undang. Bu oilada odatiy hayot va barqarorlik hissini saqlab qolishga yordam beradi.
Xavotirli voqeaga siz ham salbiy munosabatda bo‘lishingiz mumkinligini unutmang. O‘zingizni asrash va ruhiy hamda jismoniy salomatligingizga birinchi darajali e’tibor qaratish uchun oldindan choralar ko‘ring.