Afgʻoniston chegaralari ortida

Faridning hikoyasi

UNICEF
Faridning hikoyasi
UNICEF
29 Iyun 2023

(Shaxslarni himoya qilish uchun ismlar o’zgartirilgan)

Ismim Farid. Yoshim oʻnda. Yaqingacha men Kobulda yashab, oʻqir edim.

Kobulga qaytib, mening oilam o'z hayotlari uchun qo'rquv bilan yashagan. Biz har doim qo'rqardik. Bir kuni ertalab ota-onam ukam bilan meni olib, O‘zbekistonga qochib ketdik.

Dahshatli voqealardan soʻng sal oʻzimizga kelib, Oʻzbekistonda, xavfsizlikda yangi hayot boshlashga qaror qildik. Men ukam bilan maktabga qaytib, oʻzimiz yaxshi koʻrgan sport turlari bilan shugʻullanishda davom etishni orzu qilardik. Biz maktabga ikki yil bormadik.

Bir kuni huzurimizga "Istiqbolli avlod" markazining advokati tashrif buyurdi. U menga, ukam va onamga mazkur markaz bolalar va ularning oilalariga bepul huquqiy yordam koʻrsatish bilan shugʻullanishi va bizni davlat maktabga joylashtirishga urinib koʻrishini tushuntirdi. Oradan biroz vaqt oʻtgach advokat maktablardan birining direktori bilan suhbatlashib, meni toʻrtinchi, ukamni esa birinchi sinfga joylashtirishga erishdi. Bu yerda bizga yazshi munosabat qilishyapti. Oʻqituvchilar bilmagan narsalarimizni sabr-toqat va muloyimlik bilan tushuntirishadi. 

Albatta, bu yer xavfsiz. Tunda hech narsadan qoʻrqmasdan, ertaga yana  maktabga borishimizni bilib xotirjam uxlaymiz. Shundan boʻlsa-da, barchamiz Afgʻonistonni sogʻinamiz. Men oʻz uyimizni, mazza qilib oʻynab yurgan koʻchalarimizni, doʻstlarim va maktabimni sogʻinaman. Ukam esa u yerda qolgan buvijonim va xolamni tez-tez soʻraydi.

Bir kun kelib, bolaligimiz va kelajagimizga hech narsa tahdid qilmaydigan  davrlarda Afgʻonistonga qaytishga umid qilaman. Ungacha esa yangi uyga koʻnikamiz, yangi tillarni oʻrganamiz va yangi doʻstlar orttiramiz".

________________________________________________________________________

Faridning oilasiga Yevropa Ittifoqi va UNICEF tomonidan moliyalashtirilayotgan “Surxondaryo viloyatida inklyuziv taʼlim, ijtimoiy xizmatlar va huquqiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini  kengaytirish” loyihasi doirasida tibbiy va huquqiy yordam koʻrsatildi.

Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga muvofiq, har bir bola taʼlim olish huquqiga ega boʻlib, aynan taʼlim kambagʻallik zanjirini uzish, bolaning hayotini saqlab qolish, oʻsishi, rivojlanishi va farovonligini taʼminlash hamda ijtimoiy tengsizlikni bartaraf etishning samarali vositasi hisoblanadi.

Farid va uning ukasi, bir qator boshqa bolalar singari, "Istiqbolli avlod" ijtimoiy-axborot markazining koʻmagida Oʻzbekiston maktablariga joylashtirildi.

“Ikki nafar farzandimni maktabga joylashtirish imkonini bergan huquqiy yordam va hujjatlarimizni rasmiylashtirishda koʻrsatilgan koʻmak uchun chind dildan minnatdorman. Afgʻonistondagi “Tolibon” harakatidan qochib kelganimizdan buyon oʻgʻillarim hujjatlarimiz boʻlmagani bois ikki yil davomida maktabga qatnay olmayotgandi. Bu oson kechmadi”, deydi bolalarning onasi Fotima.

Har bir bolaga ijtimoiy va huquqiy yordam koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida, dastur doirasida mutaxassislar ijtimoiy xizmat va ijtimoiy taʼminot asoslari boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtkazilib, ularning soni ortib bormoqda. Barcha bolalar uchun taʼlim olish imkoniyatlarni yaxshilashdagi keyingi qadam – Surxondaryo viloyatida oʻqitish inklyuziv va bir necha tilda amalga oshiriladigan bogʻchalarni yaratishdan iborat boʻladi.