OIV/OITSni oldini olish
OIVning oldini olish, davolash, parvarish qilish va qo'llab-quvvatlash bo'yicha yuqori darajadagi muolaja butun davlar bo'ylab mavjudligi
UNICEF bolalar, o‘smirlar va homilador ayollar uchun OIV tarqalishining oldini olish, OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish borasida faoliyat olib boradi.
UNICEF milliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekistonda onadan bolaga OIV yuqishini bartaraf etish ustida ishlamoqda. 2024 yilda UNICEF ko‘magida 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan OIVning onadan bolaga yuqishini bartaraf etish bo‘yicha Milliy Yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat har yili taxminan bir million nafar homilador ayol uchun xizmatlar sifatini oshirishga, milliy sertifikatlashga tayyorgarlik ko‘rishga hamda ona va bola sog‘lig‘i huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan.
OIV bilan yashovchi homilador ayollar va onalarga tibbiy va ruhiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlarni yaxshilash maqsadida OITSga qarshi kurash markazlari va multidisiplinar jamoalarning 75 nafar xodimlari maxsus tayyorgarlikdan o‘tdilar. Natijada, 11000 nafardan ortiq OIV bilan yashovchi shaxslar, jumladan 1600 nafar bola va o‘smir, yaxshilangan ruhiy-ijtimoiy yordamdan bahramand bo‘ldilar.
Elektron platforma (onlinedu.uz) yordamida yarim milliondan ortiq o‘qituvchi OIV infeksiyasining oldini olish, davolash, OIV bilan yashayotgan shaxslarni parvarish qilish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha onlayn o‘quv kurslarini tamomladi.
Milliy klinik protokolning qabul qilinishi tufayli OIV bilan yashayotgan bolalar va o‘smirlarning davolanish, parvarish va qo‘llab-quvvatlashdan foydalanish imkoniyatlari yaxshilandi.
Biz OIV haqida xabardorlikni oshirish va stigmani kamaytirish va OIV bilan yashayotgan o‘smirlarni qo‘llab-quvvatlash tarmoqlarini yaratish uchun keng jamoatchilik bilan hamkorlik qilamiz.
UNICEF mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etish va yangi muammolarni hal etish maqsadida strategik hamkorlik, tizimni kuchaytirish va innovatsiyalarni ilgari suradi:
· Tarmoqlararo yo‘naltirish tizimini ishlab chiqish: UNICEF OIV bilan yashayotgan bolalar va o‘smirlar uchun ustuvor hisoblangan ikki tomonlama xizmatlarga yo‘naltirish tizimini yaratishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ushbu tizim sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, bolalar himoyasi va ta’lim sohalari o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni soddalashtiradi hamda NNT va fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytiradi.
· Birlamchi tibbiy-sanitariya yordam (BTSY) xodimlarining salohiyatini oshirish: UNICEF onadan bolaga OIV yuqishining oldini olish bo‘yicha o‘quv kursini ishlab chiqib, uni raqamlashtirmoqda. Kurs Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish markazi platformasiga joylashtiriladi va mamlakat bo‘ylab birlamchi bo‘g‘in sog‘liqni saqlash xodimlarini uchun onlayn o‘qish imkoniyatini taqdim etadi.
· Monitoring tizimlarini mustahkamlash: UNICEF OIV va zaxmning onadan bolaga yuqishini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan asosiy ko‘rsatkichlarni hisoblash metodologiyasini uyg‘unlashtirish va OIV bilan yashayotgan bolalar va o‘smirlar bo‘yicha hisobot shakllarini OIV holatlarini Elektron boshqarish tizimiga integratsiya qilishda OITSga qarshi kurash markaziga ko‘mak bermoqda.
· OIVni ruhiy-ijtimoiy xizmatlarga integratsiya qilish: UNICEF OIV dasturlarini ijtimoiy xizmat tizimiga kiritish ustida ishlamoqda. Bu OIV bilan yashovchi insonlar va ularning oilalariga kompleks yordam ko‘rsatish uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy bo‘linmalari va Inson markazlarining (ijtimoiy ishchilar, psixologlar, yuristlar va boshqalar) salohiyatini kuchaytirishni o‘z ichiga oladi.