Qamoqxonadagi oqshomlar

Urushni boshidan kechirgan qizning xotiralari

Niginakhon Tursunova
Алия за уроками
UNICEF Uzbekistan/2022
13 Dekabr 2022

(Shaxsni himoya qilish uchun ismi o‘zgartirilgan)

«Mening ismim Aliya, yoshim sakkizda. Yarim yil avval Suriyadan onam va ikkita singlim bilan birga qaytdik.

Suriyada nima bilan mashg‘ul bo‘lishni bilmas edim… Chodir ichida o‘tirib,   uychalarning rasmini chizar edim. Ana shunday uychada oilam bilan tinch va xotirjam umr kechirishni orzu qilardim. Ba'zan hovliga chiqib o‘ynar edim. Har oqshom uyimizga harbiylar kelib, uyimizni ag‘dar-to‘ntar qilishar, narsalarimizni tortib olishar va bizni xafa qilishar edi. Bir kuni chodirimizga kelib, bu yerda uyali telefonni  topib olishdi. Shuning uchun onamning ko‘zlarini bog‘lab, hammamizni qo‘rqinchi qora xonaga qamab qo‘yishdi. U yer sovuq edi. Yerga to‘shab qo‘yilgan yupqa ko‘rpachalar ustida uxlar edik. Bizdan tashqari xonada yana o‘nta ayol va yigirma ikkita bola bor edi. Xonaning burchagida unitaz turardi. Biz ko‘pchilik edik. Juda tiqilishib qoldik. Bizga har doim ham ovqat berishmas edi, shu sababli sovuqda och-nahor yashash juda qiyin edi. Onam har kuni va har oqshom yig‘lab chiqar edi.

Uch oydan so‘ng bizni chiqarib yuborishdi. Lager tomon borayotgan paytimizda mening oldimga bomba kelib tushdi. Qattiq portlash sodir bo‘ldi. Uylar yona boshladi. Men  qattiq qo‘rqib ketdim.

Lagerga yetib olganimizdan so‘ng, onam xat oldi. Unda O‘zbekistonga qaytib ketish imkoniyatimiz borligi ma'lum qilingan ekan. Narsalarimizni yig‘ishtirdik va avtobusga chiqib, jo‘nab ketdik. Ana shunday qilib, bu yerga kelib qoldik. Menga bu yer juda yoqadi. Men maktabga qatnayman va dugonalarim bilan sayr qilaman», Aliya.


Aliya, uning singillari va onasi  «Mehr-5» davlat operatsiyasi doirasida 2021 yil aprelida Suriyadan vataniga qaytarib olib kelingan. Qurolli to‘qnashuvlar zonalaridan xotin-qizlar va bolalarni vataniga qaytarish bo‘yicha barcha  «Mehr» operatsiyalari O‘zbekiston tomonidan mamlakat hukumati tashabbusiga ko‘ra amalga oshirilgan.

Qurolli to‘qnashuvlar zonalarida bolalar duch keladigan barcha qo‘rqinchli voqealar – bombalarning portlashi, yaqinlarining o‘limi, ochlik, zo‘ravonlik izsiz o‘tmaydi. Bunday jarohatlar  ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga ziyon yetkazadi, ularning rivojlanishi va farovonligiga rahna soladi. Qurolli to‘qnashuvlar zonalaridan qaytib kelgan bolalarga yordam va ko‘mak uzoq muddatli asosda ko‘rsatilishi lozim.  Muvaffaqiyatli  reintegratsiya va moslashishning eng muhim omili mehribon oila va qo‘llab-quvvatlovchi jamoa bo‘lishi kerak.

Hozirgi paytda Aliya va uning  singillari o‘quv dasturidan ortda qolmaslik uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnamoqda. Toshkentga yetib kelgan kunidan boshlab, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi mutaxassislari qizlarga va ularning onasiga reintegratsiya jarayonida, shu jumladan,  jismoniy va ruhiy salomatligini yaxshilash maqsadida ularni qo‘llab-quvvatlamoqda. Qizlar yaxshi o‘qishmoqda va sinfdoshlari bilan do‘stona munosabatda.

Aliyaning oilasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalanayotgan  «EI-BMT ning Markaziy Osiyo davlatlarga ularning qurolli to‘qnashuvlar zonasidan, eng avvalo, Suriya va Iroqdan qaytib kelgan fuqarolari uchun qo‘llab-quvvatlash»  loyihasi doirasida yordam oldi.