Maktabgacha ta’lim

Bolalar hayotining ilk yillarida ularni rivojlantirish va maktabga tayyorlash

UNICEF

Barcha bolalar uchun maktabgacha ta’limni rivojlantirish uchun UNICEF O‘zbekiston Respublikasi hukumatining maktabgacha ta’lim xizmatlarini kengaytirish va sifatini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo’llab-quvvatlaydi.

Mazkur sohadagi muvaffaqiyatli islohotlar tufayli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017-yildagi 30 foizdan kam bo’lgan bo’lsa, bu ko’rsatkich 2023 yilda 70% dan ortdi.

Maktabgacha ta’lim sohasida davlatni qoʻllab-quvvatlash uchun 2018 yildan hozirgi kunga qadar UNICEF deyarli 2 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritdi. Ushbu investitsiyalar yangi qonunlar, milliy siyosat va rejalar qabul qilinishiga, ma'lumotlarni yig'ish va sifatni ta'minlash mexanizmlarini tadbiq etishga hissa qo’shdi.

Maktabgacha ta'lim sifatini ta'minlash uchun UNICEF erta va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga bo’lgan davlat talablari asosida maktabgacha ta'lim, jumladan pedagoglarni o’qitish dasturini ishlab chiqishda ko’mak berdi. Maktabgacha taʼlimning muqobil modellarini joriy etish hamda bolalar, ota-onalar va pedagoglarga qaratilgan raqamli yechimlarni yanada joriy etish hisobiga xizmatlar koʻrsatish miqyosi kengaytirildi.

UNICEF Microsoft bilan hamkorlikda maktabgacha ta’lim pedagoglari uchun o‘quv materiallaridan uzluksiz foydalanish imkonini beruvchi Learning Passport/Bolalik Akademiyasi onlayn platformasini taqdim etdi.

Bola parvarishi bilan shug’ullanadiganlar, xususan ota-onalar uchun raqamli yordamchi vazifasini bajaradigan Bebbo mobil ilovasini ishlab chiqishni UNICEF qo'llab-quvvatladi.

Erta yoshdagi bolalar parvarishi va tarbiyasi bo’yicha bilim va ko'nikmalarga ega bo’lish uchun 520,000 dan ortiq kishi ushbu ilovadan foydalanmoqda.

Hozirda UNICEF hukumatga maktabgacha ta’lim pedagoglarining malaka oshirish tizimini mustahkamlash, ularning dastlabki va uzluksiz o’qitish dasturlarini takomillashtirish, aralash ta’lim tizimini joriy etish va pedagoglar malakasini oshirish bo‘yicha viloyatlardagi markazlarni tashkil etish orqali qo‘llab-quvvatlamoqda.

UNICEF maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirishda Hukumatni quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlashda davom etadi:

• Erta ta'lim va rivojlanish standartlari va "Ilk qadam" maktabgacha ta'lim dasturini qayta ko'rib chiqish, jumladan o'quv-metodik materiallarni ishlab chiqish.

• 3 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun yangi dasturni ishlab chiqish.

• Inklyuziv maktabgacha ta'lim tashkilotlarini loyihalash va modellashtirish, jumladan ijtimoiy munosabat va xukq-atvor o’zgarishiga qaratilgan muloqot.

• Maktabgacha ta’lim pedagoglari uchun murabbiylik modelini ishlab chiqish va viloyatlardagi pedagoglar malakasini oshirish markazlarining salohiyatini yanada oshirish.