Assalomu alaykum, onajon!

Ona va o'g'il O'zbekistonning janubiy viloyatidagi Termiz shahrining tor ko'chasida qo'l ushlashib borishmoqda. Shoira o'g'li Ahadjonni Mehribonlik uyidan olib ketganiga endi bir kun bo’ldi.

UNICEF Uzbekistan
Шоира и Ахаджон идут по узкой улице города Термеза.
UNICEF Uzbekistan
05 Mart 2020

 (Shaxslarni himoya qilish maqsadida ismlar o'zgartirilgan)

Ona va o'g'il O'zbekistonning janubiy viloyatidagi Termiz shahrining tor ko'chasida qo'l ushlashib borishmoqda. Shoira o'g'li Ahadjonni Mehribonlik uyidan olib ketganiga endi bir kun bo’ldi. U og’lining kelajagidan xavotirlanib, ko'zida yosh bilan unga qaraydi. O’gli yana Mehribonlik uyiga qaytmasligi uchun u hali ko'p qiyinchiliklarni yengib o'tishi kerak.

«Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiyaga muvofiq, barcha o'g'il-qizlar o’z oilasida katta bo'lish huquqiga ega. Ota-onalari yoki boshqa qarindoshlari bo'lishiga qaramasdan, afsuski, hamma bolalar ham ushbu huquqdan bahramand bo’lmaydilar,»- deydi Dilbar Suvonova, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida joylashgan 12-sonli Mehribonlik uyi direktori.

Dilbar Suvonova 8 yildan beri Mehribonlik uyining direktori bo'lib ishlab kelmoqda va uning fikricha, bola uchun eng yaxshi joy uning o’z oilasidir.

«Migrant ota-onalari tomonidan tashlab ketilgan ba'zi bolalar oxir-oqibat muassasamizga joylashtiriladi. Bu yerdagi juda yaxshi sharoitlarga qaramay, ularning barchasi o'z oilalari bilan yana birga bo'lishni orzu qiladilar. Bolalar ota-onalaridan ajratilganida, ular xavotirda bo’lib, tengdoshlari hamda kattalar bilan har qanday muloqotdan qochishga moyil bo’lishadi. Ahadjon ham men uni uchratganimda xuddi shunday edi.»

«Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiyaga muvofiq, barcha o'g'il-qizlar o’z oilasida katta bo'lish huquqiga ega.»

O'qituvchilar, shifokorlar va psixologlar Ahadjonga maktabga borishga, do'stlar orttirishga va o’z  bolaligidan zavq olishga yordam berish uchun juda ko'p harakat qilishdi. Dilbar opaning aytishicha, UNICEFning ijtimoiy ish va har bir holatni ko’rib chiqishda maxsus yondashuv mavzusidagi trening Ahadjon singari bolalar bilan ishlashda Mehribonlik uyi xodimlari uchun juda foydali bo'lgan.

Ahadjon 2008 yilda, ota-onasi Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahriga ishlayotgan davrda tug’ilgan. Ko'p o'tmay, otasi oilani tashlab ketgan.

«Novosibirskda Ahadjon uchun tug'ilganlik haqidagi guvohnomani ololmadim,»- deydi Shoira. «Menda faqatgina tug'ruqxonadan berilgan ma’lumotnoma bor edi. Shu sababli 2009 yilda Novosibirskdagi uyimiz yonib ketganidan so’ng, mahalliy hokimiyat mening o'g'limni bolalar uyiga joylashtirdi.»

Ahadjon 3 yoshga to'lganida, Shoira tug'ilganlik haqidagi guvohnomani olish uchun O'zbekistonga qaytib keldi. Nihoyat, Ahadjonning tug'ilishi O'zbekistonda rasmiy ravishda ro'yxatga olindi va shundan so’ng, Shoira o’g’lini bolalar uyidan qaytarib olishga muvaffaq bo'ldi. Ular Rossiyada turli joylarda yashashdi.

Shoira kun kechirish uchun qurilishda mehnat qildi. Ahadjon maktabga bormas edi. Ularning yashash sharoiti yomonlashdi va 2018 yil may oyida Ahadjon Rossiyadan deportatsiya qilinadiganlarning tranzit markaziga tushib qoldi. U o'sha yerda bir oycha vaqt o’tkazdi.

«2018 yil iyun oyida O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi Ahadjonni Toshkentga, keyin esa Termizga olib keldi. Bir muncha vaqt u voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish markazida bo'ldi,» - deydi "Barqaror hayot" nodavlat notijorat tashkiloti psixologi Shaxlo Farmonova. Ushbu markaz bolalar qaerga joylashtirilishi to'g'risida qaror qabul qilinishiga qadar mahalliy ma'murlar tomonidan boshqariladigan vaqtinchalik boshpana hisoblanadi.

Shaxlo Farmonova, UNICEF va O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi tomonidan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihaning ijtimoiy xodimi. Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan ushbu loyiha ota-onasi mehnat miratsiyasida bo’lgan bolalarning holatini yaxshilashga qaratilgan.

Shoira o'g'lini Markazdan olib ketish uchun Termizga qaytib keldi. «Turar joyimiz yo'q edi. Hech qaerda ishlamas edim. Qarindoshlarim ham menga yordam bermadi. Men o'g'lim bilan birga bo'lishni istar edim, lekin uning asosiy ehtiyojlarini ham qondira olmadim. Ikki oy davomida biz onam dafn etilgan qabristonda yashadik,» - uning ko'z yoshlari tinmasdan o'qadi. Shundan so'ng, ajralish qanchalik qiyin bo’lmasin, Shoira Ahadjonni Mehribonlik uyiga topshirishga qaror qildi.

«Bu vaqtinchalik chora ekaniga amin edim va Ahadjonga uni tez orada qaytarib olishimni aytgan edim,» - deydi Shoira. «Men har kuni o’g’limning oldiga borqr edim. O'g'lim maktabga chiqqanidan xursand bo’ldim va, mendan farqli o'laroq, u yaxshi ovqatlangan, yaxshi kiyingan va uxlash uchun issiq to'shakka ega edi.»

U o'g'lini bolalar uyidan olib ketguniga qadar bir yildan ko'p vaqt o'tdi. Mahalliy hokimiyatning yordami bilan Shaxlo Shoiraga turar joy va zarur sharoitlarni yaratishda yordam berdi.

«Men o'g'lim bilan birga bo'lishni istar edim, lekin uning asosiy ehtiyojlarini ham qondira olmadim. Ikki oy davomida biz onam dafn etilgan qabristonda yashadik.»

«Hozir Ahadjon ikkinchi sinfda o'qiydi. Uning o’zlashtirishi yaxshi, rus va o'zbek tillarida bemalol so'zlashadi, she'rlar yozadi,» - deydi Shoira g'urur bilan. «Ammo u 11 yoshda, shuning uchun o’g’lim qo'shimcha darslarni olib va testlardan o'tib, tengdoshlariga yetib olishini istayman.»

«Ushbu oilaning ahvolini kuzatishda davom etamiz,» -  deydi Shaxlo. «Ularning turmush sharoiti hanuzgacha yaxshi emas. Oshxona va sanitariya joyi yo'q. Shoira va unikiga o'xshash vaziyatlardagi boshqa oilalarni qo'llab-quvvatlash uchun ko'proq professional ijtimoiy xodimlar va resurslar zarur".'

Ahadjon juda kamgap. G’amgin ko'zlari uning o’rniga gapiradi. Rossiyadan Termiz shahridagi uyigacha uzoq masofani bosib o'tar ekan, u faqat onasi haqida o'yladi. Uning barcha she'rlarida «Assalomy alaykum, onajon!» degan ibora ko’p marotaba takrorlanadi.

Ahadjon tadbirkor bo'lishni orzu qiladi. «Men onamni boqaman, uni doim qo’llab-quvvatlayman. Nogiron bolalarga va ota-onasiz qolganlarga ham yordam beraman» - deydi u.

______________________________________________________________________________

UNICEF tomonidan yaqinda o'tkazilgan tadqiqot natijalariga ko’ra, O'zbekistonda bolalarni himoya qilish tizimida professional ijtimoiy xodimlar tomonidan oilalarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha ixtisoslashgan xizmatlar mavjud emas. Qiyin vaziyatlarda bo'lgan oilalar tegishli uzoq muddatli yordam olish imkoniyatiga ega emas.

O'zbekiston hukumatining ota-ona qaramog’idam mahrum bo’lgan bolalar himoyasiga oid chora- tadbirlari (4185- va 824-sonli qarorlar) oilalarni qo'llab-quvvatlash xizmatlarini modellashtirish hamda bolalar va oilalarning bir-biridan ajratilishining oldini olish uchun muhim asos hisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to'g'risida ta’kidlanganidek, «Oila, jamiyatning asosiy bo'g'ini va barcha a'zolari va ayniqsa bolalarning o'sishi va farovonligi uchun tabiiy muhit sifatida, jamiyat oldidagi majburiyatlarni to'la o'z zimmasiga olishi uchun zarur himoya va yordam bilan ta'minlanishi kerak.»