Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va parvarishlashning ahamiyati nimada?
Bolaning tug‘ilganidan besh yoshgacha bo‘lgan hayot davri uning sog‘lig‘i, rivojlanishi va uzoq muddatli farovonligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyati
O‘tgan o‘n yilliklar davomida to‘plangan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bola hayotining dastlabki bir necha yili uning jismoniy, aqliy va hissiy rivojlanishini uzoq muddat davomida shakllantirish uchun g‘oyat muhimdir. Bolalarning miyasi va tanasi juda tez o‘sgani sababli (ayniqsa, hayotning dastlabki uch yilida), ular olgan tajriba butun umr davomida ta’sir ko‘rsatadi. Ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan bunday tajriba turlaridan biri Erta bolalik davridagi parvarish va ta'limdir (EBPT).
Bu, ayniqsa, notinch oila farzandlari uchun muhim. Masalan, qashshoqlik bolaning uzoq muddatli rivojlanishiga turli xil salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin: ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar xavfining oshishidan tortib, kognitiv qobiliyatlarning pasayishigacha. Maktabga qabul qilinishda kam ta’minlangan oilalar yoki milliy ozchiliklarga mansub jamoalarning farzandlari o‘qishda muammolarga duch kelish va o‘ziga to‘q oilalardagi tengdoshlaridan ortda qolish xavfi yuqori bo‘ladi. Uzoq muddatli istiqbolda bunday bolalar uchun sinf takrorlash va o‘rta maktabni tugatmaslik xavfi ortadi.
Yuqori sifatli EBPT ushbu muammolarning aksariyatini bartaraf etishi isbotlangan. Garchi EBPT va uning kattalar hayotidagi ta’sirlari o‘rtasidagi sabab-oqibat bog‘liqligini aniq ko‘rsatadigan yaxshi rejalashtirilgan uzoq muddatli eksperimental tadqiqotlar kamdan-kam o‘tkazilsa-da, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, notinch oilalarning bolalari yuqori sifatli EBPT bilan ta’minlangan muassasalarga qatnaganda, ular bir qator uzoq muddatli afzalliklarga ega bo‘ladilar.
Eng yorqin misollardan biri akademik va kognitiv natijalardir. Bir qator tasodifiy nazorat qilinadigan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, notinch oilalarning bolalari yuqori sifatli EBPT bilan ta’minlangan muassasalarga borganda, ular maktabda o‘qishni boshlashga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘radilar va ularning kognitiv qobiliyatlari hamda akademik ko‘nikmalari yaxshiroq rivojlangan bo‘ladi. Uzoq muddatli istiqbolda bunday bolalar ta’limning yuqori bosqichiga erishadilar va ishda yuqori daromad oladilar. Bundan tashqari, ularning jinoyat bilan odil sudlov tizimiga tushib qolish ehtimoli kamayadi.
Yuqori sifatli EBPT bilan ta’minlaydigan muassasalarga qatnash ham uzoq muddatli istiqbolda jismoniy salomatlikni saqlashga yordam beradi. Masalan, tasodifiy nazorat ostida o‘tkazilgan bitta tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, agar bolalar hayotining dastlabki besh yilida to‘liq kun rejimida yuqori sifatli EBPT dasturlariga qatnagan bo‘lsa, ularning sog‘lig‘i uchun foyda kattalar hayotida ham saqlanib qoladi. 21 yoshida EBPT dasturlariga qatnagan bolalarda marixuana chekish yoki xavfsizlik kamarini taqmasdan haydash kabi xavfli xatti-harakatlar kamroq kuzatilgan; ular bunday dasturlarga qatnamagan bolalarga qaraganda yaxshiroq sog‘liqqa ega bo‘lgan va kamroq depressiyaga tushgan. 30 yoshda ularda yurak-qon tomir kasalliklari uchun turli xil xavf omillari, masalan, qon bosimi ko‘rsatkichlari pastroq bo‘lgan.
Shu bilan birga, tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, EBPT ning sifati ham asosiy ahamiyatga ega. Har bir dastur doirasida bolalar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi past nisbatni, oilani qo‘llab-quvvatlash komponentlarini, malakali o‘qituvchilarni, shuningdek, bolaning qiziqishlariga yo‘naltirilgan ta’limni ta’minlamagan holda, EBPT keng miqyosda joriy etilgan hollarda, foyda noaniq yoki shubhali bo‘lgan. UNICEF hisobotida ta’kidlanishicha, nafaqat EBPTdan yanada adolatli va narx jihatidan maqbul foydalanishni tashkil etish, balki uning yuqori sifatini ta’minlash zarur. Darhaqiqat, UNICEF tahlili shuni ko‘rsatadiki, Yevropa va Markaziy Osiyoda ma’lumotlarni taqdim etadigan EBPT markazlarida bolalar va o‘qituvchilar nisbati o‘nga birni tashkil qiladi. Bu yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, xodimning har bir bolaga yetarlicha vaqt va e’tibor ajratishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Bundan tashqari, yosh bolalar bilan ishlaydigan xodimlarning malakasi odatda pastroq bo‘ladi, garchi biz erta yoshning qanchalik muhimligini bilsak ham.