Oʻzbekistonda taʼlim dasturi islohoti jadallashtirilmoqda. Oʻzbekistonning noyob milliy taʼlim dasturi 8,8 million nafar oʻquvchini qamrab olishga moʻljallangan

26 Fevral 2026
UNICEF
UNICEF

TOSHKENT, 2026 yil 26-fevral – Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (MMTV), BMT Bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) hamda Kembrij universiteti nashriyoti va imtihon markazi (Kembrij) maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarning oʻquv dasturlarini isloh qilish yoʻlida hamkorlik qilmoqda. Shu hafta ular Oʻzbekistonning barcha hududlaridan kelgan ishtirokchilar uchun qator oʻquv seminarlarini tashkil etish orqali oʻz saʼy-harakatlarini yanada kuchaytiradi.

Oʻzbekistonda taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan oʻquv dasturi islohoti SmartEd loyihasining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Loyiha Islom taraqqiyot banki, Arab Muvofiqlashtirish Guruhi va Taʼlim sohasidagi global hamkorlik tomonidan moliyalashtirilib, MMTV, UNICEF va Kembrij universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Islohot oʻz oldiga quyidagi vazifalarni qoʻyadi: barcha oʻquvchilarning savodxonlik va hisoblash kabi bilimlarni egallashi uchun mustahkam poydevor yaratish hamda ularni kelajak uchun zarur bilim va koʻnikmalar bilan taʼminlash.

«Oʻzbekistondagi taʼlim islohoti – yangi avlod uchun sifatli, ishonchli, inklyuziv va zamonaviy taʼlim tizimini yaratishga qaratilgan. Oʻquv dasturlarini takomillashtirishda kompetensiyaga asoslangan taʼlim tamoyillari, gender tengligi, inklyuzivlik, ijtimoiy-emotsional rivojlanish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi va ekologik masʼuliyat hamda texnologik va raqamli savodxonlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda», — dedi Respublika taʼlim markazi direktori vazifasini bajaruvchi Dilshoda Norboyeva.

Amalga oshirilayotgan islohot doirasida barcha fanlar boʻyicha xalqaro ekspertlar, mahalliy yetakchi pedagoglar, tadqiqotchilar, trenerlar va amaliyotchi oʻqituvchilarni birlashtirgan onlayn va yuzma-yuz seminarlar oʻtkazilmoqda. Bu Oʻzbekiston hukumatining taʼlim natijadorligini oshirish, oʻquvchilarning hayot va mehnat faoliyatiga muvaffaqiyatli moslashishini taʼminlash hamda ularning eng ilgʻor xalqaro standartlar darajasida raqobatbardoshligini yuksaltirish yoʻlidagi qatʼiy saʼy-harakatlarining boshlanishidir.

«Modernizatsiya qilingan oʻquv dasturi savodxonlik, hisoblash koʻnikmalari va ijtimoiy-hissiy layoqat kabi asosiy malakalarni mustahkamlashi zarur — bular kelajakdagi butun taʼlimning eng muhim tarkibiy qismlaridir», — deya taʼkidladi UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio. «Shu bilan birga, islohot tez oʻzgaruvchan dunyoda muvaffaqiyatga erishish uchun tobora zarur boʻlib borayotgan XXI asr koʻnikmalari — tanqidiy fikrlash, ijodkorlik, muammolarni hal etish, raqamli savodxonlik va hamkorlikni oʻzida mujassam etishiga umid qilamiz».

Oʻquv dasturlarini isloh qilish jarayonida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Oʻzbekistonning taʼlim sohasidagi boy tajribasidan foydalanishga hamda uni xalqaro miqyosdagi yuqori samarali taʼlim tizimlarining oʻquv dasturlari mazmuni va baholash mezonlariga muvofiqlashtirishga intilmoqda. Bundan tashqari, oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqish jarayoni ilk bor puxta tahlil, aniq “yoʻl xaritasi” hamda yuqori samarali taʼlim tizimlariga nisbatan kutilayotgan natijalar haqidagi umumiy tushuncha bilan mustahkamlanmoqda.

Oʻquv dasturlari islohoti, Vazirlar mahkamasining taʼlim standartlarini ishlab chiqish jarayoni va sifatini taʼminlash mezonlarini belgilovchi 157-sonli qaroriga muvofiq, maktabgacha taʼlim bosqichidan boshlab taʼlimning barcha bosqichlarini qamrab oladi. U taʼlim sohasidagi manfaatdor tomonlar va oʻqituvchilar bilan keng koʻlamli hamkorlik va maslahatlashuvlarga asoslanadi.

Eng ilgʻor xalqaro bilim va tajribalarga tayangan holda, oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqish jarayonida ilk bor har bir fan guruhi oʻz sohasidagi yuqori malakali xalqaro ekspertlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ular yil davomida guruh bilan muntazam ishlab, fanning oʻquv dasturini toʻliq qayta koʻrib chiqishni yakunlaydilar. Garchi xalqaro ekspertlar oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda avval ham ishtirok etgan boʻlsalar-da, bu hech qachon barcha fanlar va sinflarni toʻliq qamrab olmagan hamda bu qadar chuqur hamkorlikda yaratish jarayoni boʻlmagan.

Kembrijdagi “Partnership for Education” tashkilotining Yevropa, Markaziy Osiyo va Amerikada taʼlim islohotlari boʻlimi rahbari Stiv King shunday deydi: “Oʻzbekiston boʻylab hamkorlar bilan ishlash jarayonida men taraqqiyotga intilishi har bir ishni toʻgʻri bajarishga boʻlgan qatʼiyat hamda ilm-fan va taʼlimning uzoq tarixi bilan uygʻunlashgan mamlakatni koʻrdim. Oʻzbekistondagi taʼlim tizimi kelajagi — adolatli, ishonchli va xalqaro miqyosda tan olingan imtihonlar bilan baholanadigan jahon andozalaridagi oʻquv dasturi hamda yaxshi tayyorgarlikka ega, yuqori malakali oʻqituvchilar tomonidan olib boriladigan taʼlim — toʻliq amalga oshirish va erishish mumkin boʻlgan maqsaddir”.

Shu hafta Kembrijning oʻquv dasturlari boʻyicha ekspertlari fan yoʻnalishlari rahbarlari uchun ikki kunlik seminar oʻtkazadi. Seminar turli fanlar boʻyicha oʻquv dasturlarining oʻzaro uygʻunligini taʼminlashga bagʻishlanadi. Shuningdek, fan yoʻnalishlari rahbarlari oʻquv dasturlariga iqlim va ekologik taʼlim, ijtimoiy-emotsional oʻqitish, farovonlik va hayotiy koʻnikmalar kabi asosiy mavzularning qanday singdirilganini koʻrib chiqadi. Ishtirokchilar ilgʻor tajribalar bilan oʻrtoqlashadi va Oʻzbekiston boʻylab yuqori sifatli oʻquv dasturlarini ishlab chiqishga hissa qoʻshgan holda, mahalliy sharoitdan kelib chiquvchi muammolarni hal qiladi. Keyingi seminarlarda fan mutaxassislari oʻquv dasturlari mazmunini taʼlim standartlariga moslashtirish yoʻllarini oʻrganadi. Masalan, milliy oʻquv dasturi va baholash modeli “A-level” (A darajasi) kabi xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi. Kelgusi seminarlar barcha sinflar uchun aniq va sifatli oʻquv dasturi mazmunini yanada takomillashtirishga qaratiladi.

Ushbu loyiha ishlab chiqilib, joriy etilgach, har yili 8,8 million nafar maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari va maktab oʻquvchilarini, jumladan, nogironligi, etnik mansubligi va ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishi sababli alohida ehtiyojga ega boʻlgan bolalarni qamrab olib, ulkan oʻzgarishlarga sabab boʻladi. Loyiha oʻquvchilarning kognitiv, ijtimoiy va emotsional rivojlanishini qoʻllab-quvvatlaydigan hamda ularni jadal oʻzgaruvchan dunyoda hayot va mehnat faoliyatiga tayyorlaydigan oʻquv dasturidan iboratdir.
 

Qoʻshimcha maʼlumot uchun quyidagi OAV vakillariga murojaat qiling:

Dilfuza Sobirova, MMTV matbuot kotibi. Telefon: +99899 898 18 39

Nargiza Egamberdiyeva, Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha maslahatchi – [email protected]

Megan Tomas, “Taʼlim sohasidagi hamkorlik” Kembrij universiteti nashriyoti va imtihon markazining kommunikatsiyalar boʻyicha katta menejeri – [email protected]

OAV uchun mas'ul xodimlar

Tsitsi Singisi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha bo’lim rahbari
UNICEF O'zbekiston
Telefon: +998 93550 57 53
Elektron pochta: [email protected]

UNICEF to'g'risida

UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.

UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.

UNICEF faoliyatini TwitterFacebook va Instagram da kuzatib boring.