Har bir bola uchun: munosib suv ta'minoti, sanitariya va gigiena sharoitlari

UNICEF ko‘magi bilan Qoraqalpog‘istonda minglab bolalar va o‘smirlar SSG sohasida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar va ularni qo‘llamoqdalar

UNICEF
19 Sentabr 2024

Artur Emmamatinov (14 yosh) Jiluanjap qishlog'idagi 14-maktabga har kuni 30 daqiqa piyoda boradi. U kelajakda aktyor bo‘lishni orzu qilgan g‘ururli va shijoatli yigit. “Men qishlog‘im va maktabimning dong’I ketishini orzu qilaman, ota-onam, ustozlarim men bilan faxrlanishlarini istayman,”- deydi u.

Maktabda Arturning yana bir muhim vazifasi bor. U tengdoshlariga kasal bo'lmaslik va maktabda darslarni qoldirmaslik uchun qo'llarini sovun bilan qanday yuvishni o'rgatadi.

©UNICEF Uzbekistan/2024/Atoev
©UNICEF Uzbekistan/2024/Atoev

“Maktabda sovun bilan qoʻl yuvish uchun maxsus joylar yaratilganidan xursandman. Bizda toza ichimlik suvi ham bor,” - deydi Artur. U va uning tengdoshlari suv, sanitariya va gigiena (SSG) bo'yicha mashg’ulotlarda o'qidilar, ular gigiena qoidalariga amal qiladilar. “Men bu qoidalarni bolalarga maktabda ham, uyda ham o‘rgataman, chunki qo‘llarni sovun bilan to‘g‘ri yuvish kasalliklarning oldini oladi. Hojatxonadan foydalangandan keyin, ovqatdan oldin va keyin qo'llarni yuvish kerak,” - tushuntiradi Artur.

Maktabda sovuq va issiq suv keladigan 14 ta qo’l yuvish joylari barpo etildi, 2 ta sanitariya inshooti qurildi. Ilgari bu maktabda sanitariya joylari yetarli emas edi, borlari esa eskirgan edi.

UNICEF tomonidan maktablardagi suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena tizimlarini baholash natijasida qator kamchiliklar aniqlandi. Maktab ichkarisida vodoprovod tizimining hamda binolarining ichkarisida sanitariya joylarining yo‘qligi, ventilyatsiyasiz tashqi sanitariya inshootlarining yomon ahvoli va ularda eshiklar yo‘qligi shular jumlasidandir.

O‘tegen qishlog‘ida yashovchi 9-sinf o‘quvchisi Ayjamal Abdurahmanova (14 yosh) hozirgidagidek sharoitlar bo‘lmagan kunlarni eslaydi. “1-sinfga kelganimda maktabimizda qo‘l yuvish uchun sharoit yo‘q edi. O'tgan yili bizda nafaqat qo'l yuvish va uchumlik suvi joylari, balki hojatxona va dush ham qurildi. Bunday sharoitlar qizlar uchun juda zarur”.

©UNICEF Uzbekistan/2024/Atoev
©UNICEF Uzbekistan/2024/Atoev

U to’g’ri aytadi. Dalillar shuni ko'rsatadiki, agar maktabda tegishli sanitariya sharoitlari bo'lmasa, o'smir qizlar hayz ko'rish davrida darslarga kelmasligi mumkin.

UNICEF o’tkazgan SSG bo'yicha treningda 416 kishi, jumladan, o'qituvchilar, ota-onalar va bolalar ishtirok etdi. Hozirda ular 88 000 kishini qamrab olgan holda maktab o'quvchilari, oilalar va hamjamiyat a'zolariga SSG qoidalarini o'rgatmoqdalar.

Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanidagi mazkur maktabda o‘tgan yil davomidagi o‘zgarishlar haqida maktab direktori o‘rinbosari Aziza Odilxonova so‘z yuritadi.

©UNICEF Uzbekistan/2024/Atoev
©UNICEF Uzbekistan/2024/Atoev

“Maktab hududida 500 ga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun bir nechta suv to’ldirilgan idishlar bo’lar edi. Suvni tashib kelar edik, u tezda tugar edi. 2023 yilda UNICEF maktabning barcha 4 blokini sovuq va issiq suv bilan taʼminlash uchun suv taʼminoti tizimini barpo etdi. Xonalarni isitish va issiq suv uchun quyosh panellaridan foydalanamiz,” - deydi u.

©UNICEF Uzbekistan/2024/Atoev
©UNICEF Uzbekistan/2024/Atoev

Azizaning ta'kidlashicha, SSG sharoitlarining yaxshilanishi o’quvchilar o'rtasida kasalliklarning kamayishiga yordam berdi. Darsga kela olmaydigan o‘quvchilar soni kamaydi. Yangi o‘quv yilida birinchi sinf o‘quvchilari soni 5 foizga oshdi, chunki ota-onalar o‘z farzandlarini aynan shu maktabga berishni istashadi.

O‘tgan yil davomida Kegeyli tumanidagi 14-maktabda ro‘y bergan o‘zgarishlar UNICEF, JSST va UNFPAning Qoraqalpog‘iston aholisining ehtiyojlariga yo‘naltirilgan, iqlimga chidamli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami va suv ta’minoti tizimlari uchun poydevor yaratish bo’yicha qo‘shma dasturi natijalarining faqat bir qismidir. Ushbu dastur BMT shafeligida Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha Ko'p tomonlama sheriklik trast jamg’armasi tomonidan moliyalashtirilgan.

“O’nta maktabda suv va sanitariya holatini yaxshilash, maktablarda gigiyena qoidalarini targ‘ib qilish

5 ming nafar bola va yoshlarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish imkonini berdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli, Chimboy, Qorao‘zak tumanlari hamda Nukus shahrida 241 ming kishi, jumladan, 5 ming nafar 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar uchun birlamchi tibbiy-sanitariya va ta’lim muassasalaridagi SSG sharoitlaridan foydalanish imkoniyatini yaxshiladik,” — deydi UNICEFning SSG bo’yicha xodimi Sagitjan Aytjanov. "Ushbu ob'ektlar ekologik jihatdan toza va iqlim xavf-xatarlariga chidamlidir."

©UNICEF Uzbekistan/2024/Atoev
©UNICEF Uzbekistan/2024/Atoev

UNICEF ko‘magi bilan Qoraqalpog‘istonda Artur va Ayjamal kabi minglab bolalar va o‘smirlar suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena sohasida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar va ularni qo‘llamoqdalar.