Suv va global iqlim inqirozi: bilish zarur bo‘lgan 10 ta fakt
Dunyo suvdan samarali foydalanishga o‘tishi shart. Har bir inson bu borada o‘z hissasini qo‘shishi lozim va buni kechiktirib bo‘lmaydi
Iqlim o‘zgarishi ob-havo sharoitlarining buzilishi, ekstremal ob-havo hodisalari, suv ta’minotining beqarorlashuvi, suv resurslari tanqisligining kuchayishi hamda suv manbalari ifloslanishiga olib kelmoqda. Bunday oqibatlar bolalar hayoti uchun zarur bo‘lgan suvning miqdori va sifatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Hozirgi kunda iqlim o‘zgarishi eng avvalo suv resurslarining o‘zgarishi orqali namoyon bo‘lmoqda. Millionlab bolalar xavf ostida qolmoqda.
1. Ekstremal ob-havo hodisalari va suv aylanish tizimidagi o‘zgarishlar, ayniqsa eng zaif bolalar uchun toza ichimlik suvidan foydalanishni qiyinlashtirmoqda.
2. 2001-yildan 2018-yilgacha sodir bo‘lgan tabiiy ofatlarning qariyb 74 foizi suv bilan bog‘liq bo‘lib, bular jumlasiga qurg‘oqchilik va suv toshqinlari kiradi. Iqlim o‘zgarishi natijasida bunday hodisalarning takrorlanishi va kuchi ortib borishi kutilmoqda.
3. Taxminan 450 million bola suv resurslari yetishmasligi yuqori yoki o‘ta yuqori bo‘lgan hududlarda yashamoqda. Bu shuni anglatadiki, bunday bolalarning kundalik ehtiyojlarini qondirish uchun suv yetishmaydi.
4. Tabiiy ofatlar barcha suv zaxiralarining yo‘q bo‘lishi yoki ifloslanishiga olib kelishi mumkin, natijada bolalar ayniqsa ta’sirchan bo‘lgan vabo va ichburug‘ kabi kasalliklar xavfi ortadi.
5. Haroratning ko‘tarilishi chuchuk suv manbalarida o‘limga olib keladigan kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin, bu esa suvni ichish uchun xavfli qiladi.
6. Ifloslangan suv bolalar hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Suv va sanitariya bilan bog‘liq kasalliklar besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining asosiy sabablaridan biridir.
7. Yetarli suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena talablariga javob bermasligi bilan bog‘liq kasalliklardan har kuni besh yoshgacha bo‘lgan mingdan ortiq bola vafot etmoqda.
8. Iqlim o‘zgarishi suv resurslari tanqisligini kuchaytirmoqda, bu esa suv uchun raqobatning keskinlashuviga va hatto nizolarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
9. 2040-yilga kelib, deyarli har to‘rtinchi bola suv resurslari juda tanqis bo‘lgan hududlarda yashaydi.
10. Dengiz sathining ko‘tarilishi chuchuk suvning sho‘rlanishiga olib keladi va bu millionlab odamlarning hayoti bog‘liq bo‘lgan suv resurslarini xavf ostiga qo‘yadi.
Iqlim o‘zgarishi ayni paytda sodir bo‘lmoqda. Biz harakat qilishimiz kerak va suv resurslaridan oqilona foydalanish bu muammoni hal qilishning bir qismidir.
Suv resurslari bilan bog‘liq iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish bolalar salomatligini himoya qilish va ularning hayotini asrash imkonini beradi. Suvdan yanada samarali foydalanish va quyosh energiyasida ishlaydigan suv ta’minoti tizimlariga o‘tish issiqxona gazlari chiqindilari hajmini kamaytirishga va bolalar kelajagini yanada samaraliroq himoya qilishga yordam beradi.
Dunyo suvdan samarali foydalanishga o‘tishi shart. Har bir inson bu borada o‘z hissasini qo‘shishi lozim va buni kechiktirib bo‘lmaydi