Qoraqalpog‘istonda suv sifatini boshqarish axborot tizimi joriy etildi

28 Avgust 2026
UNICEF
UNICEF

Qoraqalpog‘iston Respublikasida UNICEF ko‘magida Suv sifatini boshqarish axborot tizimi (WQMIS) joriy etildi. Mazkur raqamli axborot tizimi suv sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni markazlashgan holda yig‘ish, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish va taqdim etish uchun ishlab chiqilgan. Tizim monitoring jarayonlarining tezkorligini oshirish hamda xavfsiz ichimlik suvidan foydalanishni ta’minlash bo‘yicha asoslangan qarorlar qabul qilish uchun ishonchli ma’lumotlardan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan. Mazkur pilot loyiha 2030-yilgacha barcha uchun xavfsiz va hamyonbop ichimlik suvidan umumiy va teng foydalanishni ta’minlashga qaratilgan Barqaror rivojlanish maqsadlarining (BRM) 6.1-bandiga erishishga hissa qo‘shadi.

WQMIS tizimidan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Nukus shahrida trening o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 90 nafardan ortiq mutaxassislari ishtirok etdi.

Trening mutaxassislarning salohiyatini yanada mustahkamlash hamda suv sifatini monitoring qilishda raqamli vositalardan samarali foydalanish imkoniyatlarini oshirishga qaratildi.

Tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Akmal Askarov kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘z nutqida u suv sifatini monitoring qilish jarayonlarini raqamlashtirish, mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda jamoat salomatligi tizimida zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish muhimligini ta’kidladi.

Trening davomida ishtirokchilar WQMIS tizimining funksional imkoniyatlari bilan tanishibgina qolmay, balki bevosita tizimning o‘zida amaliy mashg‘ulotlarni ham bajardilar.

Asosiy e’tibor WQMIS tizimidan samarali foydalanishga, jumladan, suv namunalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ularni laboratoriya tekshiruvlariga yuborish, shuningdek, suv sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilishga qaratildi. Ishtirokchilar, shuningdek, avtomatlashtirilgan hisobotlarni shakllantirish va o‘z vaqtida asoslangan qarorlar qabul qilish uchun raqamli ma’lumotlardan foydalanishni o‘rgandilar.

Bundan tashqari, barcha ishtirokchilarga WQMIS tizimi bilan keyingi faoliyatini davom ettirish uchun zarur o‘quv va axborot materiallari taqdim etildi.

Treningning muhim tarkibiy qismlaridan biri mutaxassislar o‘rtasida amaliy tajriba almashish bo‘ldi. Ishtirokchilar suv sifatini monitoring qilish jarayonida duch kelinadigan amaliy masalalar va muammolarni o‘zaro muhokama qildilar hamda amaliy vaziyatlarni birgalikda ko‘rib chiqdilar.

WQMIS tizimini ishlab chiqish Qoraqalpog‘istonda suv sifatini monitoring qilish tizimlarini mustahkamlash hamda iqlimga chidamli WASH xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlarning bir qismidir. UNICEF mintaqadagi dasturi doirasida monitoring tizimlarini mustahkamlash hamda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena sohalarida samarali qarorlar qabul qilish imkonini beruvchi raqamli ma’lumotlardan foydalanishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

OAV uchun mas'ul xodimlar

Nargiza Egamberdiyeva
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha maslahatchi
UNICEF
Telefon: +99893 380 34 19
Elektron pochta: [email protected]

UNICEF to'g'risida

UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.

UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.

UNICEF faoliyatini TwitterFacebook va Instagram da kuzatib boring.